Ukrainadagi vaziyat: AQSh urush uzoq cho‘zilishini bashorat qildi

Jahon 18:47 / 11.05.2022 13079

Germaniya va Niderlandiya TIV rahbarlari Ukrainaga keldi

Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok seshanba kuni Kiyevdagi nemis elchixonasini qayta ochdi, urushdan avvalroq elchixona Lvovga ko‘chgandi.

Seshanba kuni Ukrainaga Germaniya va Niderlandiya TIV rahbarlari Annalena Berbok hama Vopke Hukstra tashrif buyurdi.

Berbok mart oyi davomida rossiyaliklar ishg‘olida bo‘lgan Bucha shahrida bo‘ldi. Rossiya harbiylari bu shahardan ketganidan so‘ng bu yerda o‘ldirilgan yuzlab tinch aholi vakillarining jasadlari topilgandi.

«Bucha ramzga aylandi. Aqlga sig‘maydigan jinoyatlar, qiynoqlar, zo‘rlashlar, qotilliklar ramzi», deya yozdi Berbok tvitterdagi sahifasida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan matbuot anjumanida Berbok Kiyevda yana Germaniya elchixonasi ochilishini e’lon qildi, elchixona fevral oyi o‘rtalarida, urushdan biroz avvalroq Lvov shahriga ko‘chirilgandi.

Qo‘shma matbuot anjumanida u Germaniya hukmron partiyasi energiya yetkazib beruvchiga qaramlikdan xalos bo‘lishni istashini bildirdi.

«Biz aniq tushundikki, agar tajovuzkor o‘z xalqi taqdiriga mutlaqo befarq bo‘lsa, iqtisodiy qaramlik xavfsizlikni ta’minlay olmaydi. Biz Rossiya energiya tashuvchilariga bo‘lgan qaramlik darajamizni nolgacha tushirishimiz va bu doimiy ko‘rsatkich bo‘lishi kerak», deya qayd etgan Berbok xonim.

Avvalroq Germaniya TIV mamlakat Rossiya energiyasidan yil oxirigacha voz kechishni istayotganini ma’lum qilgandi, ammo moliya vaziri Kristian Lindner aniq muddatni tasdiqlamagan.

Shuningdek, Berbok Ukrainani xabardor qilmasdan Rossiya bilan yashirin ravishda kelishishga urinish holatlari bo‘lmasligi va bunga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan. Bundan tashqari diplomat Kiyevga Yevropa ittifoqiga kirish uchun ko‘mak berilishi, bunda hech qanday «eng qisqa yo‘l» mavjud emasligini qayd etdi.

Berbokning Ukrainaga tashrifi oldindan e’lon qilinmagandi.

Niderlandiya TIV rahbari Vopke Hukstra tashrifini Irpenni ziyorat qilishdan boshladi. Kiyev yaqinida joylashgan bu shahar urushning ilk kunlaridanoq yoppasiga o‘qqa tutilgan va shaharning katta qismi vayron qilingan. Bu shahar ham qariyb bir oy, 5 martdan 28 martgacha Rossiya ishg‘olida bo‘lgan.

«Bu bombardimon qilingan uylar va binolar - urush bu yerda yashovchi erkaklar, ayollar va bolalar hayotiga qanday ta’sir qilganini ko‘rsatib turibdi. Bu harakatlarni jazosiz qoldirish mumkin emas», deya yozgan u tvitterida.

Keyinroq Dmitro Kuleba bilan uchrashgan Hukstra Niderlandiya Ukrainaga imkon doirasida yordam ko‘rsatishda davom etishi haqida yozdi.

BMT haqiqiy qurbonlar soni rasmiy ma’lumotlardagidan ancha ko‘p ekanidan ogohlantirdi

Foto: Getty Images

Ukrainada urushning 11 haftasi davomida o‘ldirilgan tinch aholi vakillarining haqiqiy soni BMT statistikasidagidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu haqda Inson huquqlarini nazorat qiluvchi tashkilotning Ukrainadagi missiyasi rahbari Matilda Bogner ma’lum qildi. BMT hisoblariga ko‘ra, bugungi kunda 3381 kishining o‘limi tasdiqlangan.

«Biz taxminiy hisob-kitoblar ustida ishlayapmiz, ammo hozir aytishim mumkinki, bu biz hozir berayotgan raqamlardan bir necha mingga ko‘proq bo‘ladi», degan u.

Bognerning so‘zlariga ko‘ra, monitoring missiyasi xodimlari uchun Rossiya artilleriyasi va aviazarbalaridan deyarli butkul vayron bo‘lgan Mariupolda ishonchli ma’lumotlar to‘plashi juda qiyin.

O‘tgan haftada Bogner va uning jamoasi Kiyev va Chernigov oblastlariga tashrif buyurib, mart oyida rossiyaliklar okkupatsiya qilgan aholi punktlarini ko‘zdan kechirishgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ushbu aholi punktlarida tinch aholi vakillari noqonuniy o‘ldirilishi bilan bog‘liq kamida 300 ta holat bo‘yicha dalillarga ega va katta ehtimol bilan bu raqamlar o‘sishda davom etadi. U shuningdek Ukraina harbiylari tomonidan ham inson huquqlari buzilishi holatlari bo‘lgani haqida gapirdi, lekin bu Rossiya tomoni harakatlari bilan taqqoslaganda juda kam.

Bogner ikki tomon ham maktab binolaridan o‘z harbiylari uchun tayanch punktlari sifatida foydalanayotganidan xavotir bildirgan.

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning yangi tadqiqotiga ko‘ra, boshpanasini yo‘qotgan va hamon Ukrainada qolayotgan ukrainlar soni sakkiz millionga yetadi. Ularning qariyb yarmi mamlakatni tark etish haqida o‘ylamoqda.

AQSh uzoq cho‘ziladigan mojaro ehtimolini ko‘rmoqda

Foto: Getty Images

AQSh milliy razvedkasi direktori Avril Heyns Amerika Senatida AQSh urushning keyingi oylarini qanaqa ko‘rayotgani haqida gapirdi.

U Vladimir Putinning harbiy imkoniyatlari qo‘yilgan maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lmasligi, shu tufayli Kreml yanada radikal choralarga qo‘l urishi mumkinligini ma’lum qilgan.

«Hozirgi tendensiyadan kelib chiqib, prezident Putin yanada qat’iyroq choralar ko‘rishga qaror qilishi, jumladan harbiy holat joriy etishi, ishlab chiqarish sanoati yo‘nalishini o‘zgartirishi yoki o‘z maqsadlariga zarur bo‘lgan resurslarga ega bo‘lish uchun harbiy eskalatsiya yuzaga keltirishi mumkin», degan u.

Heyns Rossiyaning yurishi Donbass bilan cheklanmasligi va armiya yana Dnestrbo‘yiga o‘tishga urinib ko‘rishiga ishonchi komil.

«Bizningcha, prezident Putin Ukraina bilan urush cho‘zilishiga hozirlik ko‘rmoqda, u hamon Donbassdan tashqaridagi maqsadlarga erishish niyatida», degan Heyns xonim.

«Katta ehtimol bilan Putin Rossiya qiyinchiliklarga dosh berishga o‘z raqiblaridan ko‘ra qobiliyatli va bunga tayyor deb hisoblaydi. Aftidan u AQSh va YeI mamlakatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanqisligi, inflatsiya va energiya resurslari narxi oshishi tufayli [Ukrainani] qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirishiga umid qiladi», deya qo‘shimcha qilgan Heyns.

Xuddi shu yig‘ilishda AQSh harbiy razvedkasi rahbari Skott Berriyer urushdagi hozirgi holatni «turg‘unlik vaziyati» deb xarakterlagan. «Ukrainlar g‘alaba qozonmaydi va rossiyaliklar ham g‘alaba qozonmaydi», deya xulosalagan u.

AQSh prezidenti Jo Baydenning fikricha esa, Putin hozirda Ukrainadagi urushdan chiqishni rejalashtirmayapti. 

«[Putinda] ayni vaqtda chiqish yo‘li yo‘q. Men bu borada nima qilish kerakligini aniqlashga urinyapman», — degan AQSh prezidenti Vashington yaqinida bo‘lib o‘tgan xayriya tadbirida.

U Rossiya prezidenti Ukrainadagi urush NATO va Yevropa Ittifoqini ikkiga ajratib yuborishiga umid qilib adashgani haqidagi ta’kidini takrorlagan.

Frontdagi vaziyat

Rossiya seshanba kuni Ukraina shaharlari va infratuzilmalarini o‘qqa tutishda davom etdi.

Kunduzi rossiyalik harbiylar artilleriya va baravar o‘t ochish tizimlari orqali yana bir bor Severodonetskni o‘qqa tutdi, magistral gaz quvuri buzib tashlandi. Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayning ma’lum qilishicha, endi shahar issiqlik va gaz ta’minotidan uzilgan.

Rossiya harbiylari Odessa oblasti hududida Dnestrovskiy liman ko‘rfazi ustidan o‘tgan va avvalgi hujumlarda shikastlanib ishdan chiqarilgan ko‘prikka yana qanotli raketalar yo‘lladi. Bu yerga 27 aprel va 2 may kunlari ham zarba berilgandi.

Donetsk oblasti harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, Mariupoldagi «Azovstal» kombinati hududida hamon 100 dan ortiq tinch aholi vakillari qolayotgan bo‘lishi mumkin. Kun davomida «Azovstal» rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilib, shturm qilinayotgani haqida xabarlar kelib turgan.

Ko‘proq yangiliklar: