Ukrainadagi vaziyat: Moskvada salyut, Odessaga raketalar otildi

Jahon 20:08 / 10.05.2022 27503

10 may kuni Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati va Odessa shahar kengashi so‘nggi raketa zarbalari oqibatlari aks etgan fotolarni e’lon qildi.

Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi raketalar Odessa rayonining Fontanka qishlog‘idagi savdo markaziga, shuningdek Suvorov rayonidagi uchta omborxonaga kelib tushgan. Omborxonada bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan. Fontankada uch kishi tan jarohati olgan. O‘t o‘chiruvchilar yarim tunda olovni o‘chirishgan.

Ukraina qurolli kuchlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi xabar berishicha, rossiyalik harbiylar Odessaga aviatsiyadan foydalangan holda zarba bergan. So‘nggi hujum vaqtida jami yettita raketa uchirilgan.

T.ME/ODESACITYOFFICIAL

Ukraina qurolli kuchlari rossiyalik harbiylar nisbatan eskirgan, ya’ni nishonga aniq bormaydigan raketalardan foydalangani, bu zarbalardan maqsad «hududdagi infratuzilma obektlari va fuqarolarga psixologik bosim o‘tkazish» bo‘lganini ma’lum qildi.

Rossiya mudofaa vazirligi fevral oyidan buyon zarbalar nishoni harbiy infratuzilmalar, raqibning «jonli kuchlari», shuningdek Ukraina tomonida urush qilish uchun kelgan xorijlik jangchilar ekanini aytib keladi. Rossiya harbiylari 9 may tunida Odessaga berilgan zarbalar yuzasidan izoh bermadi, Ukraina tomoni dushanba kuni kunning birinchi yarmida Odessa oblastiga Qrimda joylashgan «Bastion» raketa majmuasidan «Oniks» tipidagi to‘rtta raketa infratuzilma obektlari tomon uchirilganini ma’lum qilgandi. Rossiya harbiylarining bu hujumlari nishoni Odessa oblasti Arsiz aholi punktidagi maydonda turgan ukrain vertolyotlari bo‘lgani aytilgan.

9 may kuni kunduzi «Janub» qo‘mondonligi Odessa oblasti hududiga navbatdagi hujumlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Tu-22 bombardimonchi samolyotidan uchta «Kinjal» rusumli raketalar uchirilgan. Rossiya mudofaa vazirligi bu hujum bo‘yicha ham izoh bermagan.

T.ME/ODESACITYOFFICIAL

Bu zarba yo‘llangan vaqtda Odessaga Yevropa kengashi raisining tashrifi amalga oshirilayotgandi.

«Odessa hududi rossiyaliklar raketalari bilan deyarli har kuni o‘qqa tutilmoqda, bugun men va Sharl Mishelning tashrifimiz vaqtida ham hujum qilindi», degan Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Bombardimon vaqtida Mishel va Shmigal bombapanagohga yashirinishiga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya harbiylari Pasxa bayrami arafasida ham Odessaga raketa zarbalari bergan, o‘shanda shaharga yettita qanotli raketa uchirilgan, ularning ikkitasi aholi turar joylariga kelib tushgan, natijada uch oylik qizaloq, uning onasi va buvisi halok bo‘lgandi. Ularning o‘limi jahon nashrlarida katta rezonans keltirib chiqargandi.

Rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin shu kuni Moskvadagi paradda Ukrainaga bosqinni oqladi. U bu qaror yagona chora bo‘lganini aytdi va yana bir bor Ukraina hamda G‘arbni Rossiya bilan munosabatlarda va Donbass aholisiga nisbatan tajovuzkor rejalar tuzishda aybladi. Putin urush qurbonlari, jumladan tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida so‘zlamadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan 8 mayga qadar Ukrainada 3 381 nafar tinch aholi vakili, jumladan 235 bola halok bo‘lgani, 3 680 kishi yaralangani tasdiqlangan.

Paraddan keyin Putin Mangu olov va Kreml devorlari ostidagi qahramon shaharlar yodgorligiga gullar qo‘ydi.

Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Putin qahramon shahar Odessa memorialiga ham gul qo‘yishini tsinizm deb atadi.
ANTON NOVODEREZHKIN/TASS

U Odessa shahri uchun o‘rnatilgan memorialga ham gul qo‘ydi, bu vaqtda esa Rossiya aviatsiyasi ushbu shaharga navbatdagi raketa zarbalari berishga tayyorlanayotgandi.

9 may kuni kechqurun Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida bayram salyutlari otildi. Ko‘p vaqt o‘tmay Odessa va uning atrofidagi hududlarda rossiyaliklar raketalari kelib tushishidan keyin portlash ovozlari eshitildi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 77 yilligi munosabati bilan otilgan bayram salyutlari
ANTON NOVODEREZHKIN/TASS

G‘alaba paradi va Putinning nutqi

Dushanba kuni Moskvada G‘alaba paradi avvalgi yillardagiga qaraganda kamtarona o‘tdi. Unda kamroq harbiy xizmatchilar va harbiy texnikalar ishtirok etishi oldinroq ma’lum qilingandi. Paradning aviatsiya ishtirokidagi qismi bekor qilinib, bu noqulay ob-havo bilan izohlandi. Shu kuni Rossiya poytaxtida havo bulutli edi (avvalgi yillarda Rossiya hukumati katta mablag‘ sarflab, bulutlarni haydash amaliyoti qo‘llardi), ammo hududda qandaydir ekstremal tabiat hodisasi kuzatilmadi.

Vladimir Putin Moskvadagi paradda qilgan nutqida polyaklarga qarshi kurashgan Minin va Pojarskiy bo‘linmalarini, Borodinodagi jangni esladi, keyin esa paradda donbasslik ayirmachilar ham ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

«Hozir ham [Hitler Germaniyasi bilan urush paytidagidek] odamlarimiz Donbassda vatanimiz - Rossiya xavfsizligi uchun kurashmoqda», - degan Putin.

Keyin esa rossiyaliklar prezidenti yana bir bor Rossiyaning Ukrainaga hujumi xavfning oldini oluvchi zarba bo‘lganini ta’kidladi. U Rossiya qo‘shni davlatga qurollar yetkazib berish orqali «harbiy infratuzilmalar» kuchaytirilayotganini ko‘rganini aytdi. Holbuki Ukrainaga qurol yetkazib berish faqat o‘tgan yil oxirida, G‘arb razvedkasi Rossiya Ukraina chegarasida  katta qo‘shin to‘playotgani va bostirib kirishga tayyorlanayotganidan ogohlantirishi ortidan faollashgandi. O‘shanda ham Ukraina faqat mudofaa maqsadlarida qo‘llanadigan qurollar olgan.

Putinning nutqida umummilliy safarbarlik haqida ham, Ukraina yoki boshqa biror davlatga rasman urush ochish to‘g‘risida ham gapirilmadi (hozirda Rossiya hukumati Ukrainadagi harakatlarini «maxsus harbiy amaliyot» deb ataydi va urush atamasini qo‘llash uzoq muddatli qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin).

Zelenskiy: «G‘alabani annexia qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ukrainlarga murojaati Putinning rossiyaliklarga murojaatidan jiddiy farq qiladi. Zelenskiy Kretashchik ko‘chasi bo‘ylab kameraga qarab yurgan holatda g‘amgin musiqa ostida nutq so‘zlagan.

Uning murojaatiga Ukraina qurolli kuchlari askarlari va ofitserlari kadrlari ham qo‘shilgan. Bu nutq asosan rossiyalik bosqinchilarga qarshi turish haqida bo‘ldi.

«Bugun biz natsizm ustidan G‘alaba kunini nishonlayapmiz. Va biz o‘z tariximizning biror zarrasini hech kimga bermaymiz. Biz boshqa xalqlar bilan birgalikda aksilhitler koalitsiya safida natsizm ustidan g‘alaba qozongan ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Va biz bu g‘alabani kimdir o‘ziniki qilishiga va o‘zlashtirishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Dushman biz 9 mayni nishonlashdan voz kechishimizni orzu qilgan, bu orqali «denatsifikatsiya» so‘zi o‘zini oqlagan bo‘lardi. Ammo biz ajdodlarimiz natsistlarni Ukrainadan qanday haydab chiqarganini yodda tutamiz. Natsizm ustidan g‘alaba kunida biz yangi g‘alaba uchun kurashyapmiz», degan Zelenskiy.

«Bu ikki armiya urushi emas. Bu turlicha dunyoqarashlar urushidir. Skovoroda muzeyini [ukrain faylasufi Grigoriy] o‘qqa tutgan varvarlar ularning raketalari bizning falsafamizni yo‘q qilishiga ishonadi. Bizning falsafamiz ularni bezovta qiladi. Bu ularga begona. Bu falsafa biz o‘z yo‘limizdan yuradigan erkin odamlar ekanimiz haqida. Bugun biz bu yo‘lda urush olib bormoqdamiz va yerimizning bir parchasini ham hech kimga berib qo‘ymaymiz», deya qo‘shimcha qiladi ukrainlar prezidenti.

Britaniya «rossiyalik generallarning tuturuqsizligi» haqida

Qizil maydondagi parad bilan deyarli bir vaqtda britaniyaliklar mudofaa vaziri Ben Uolles ham hozirgi urush va uning tarixdagi o‘rni haqda nutq so‘zladi. Vazir rossiyalik harbiylarni, ayniqsa generallarni tanqid qildi.

«Bayramona mundirlarga burkangan va shoda-shoda medallar taqqan rossiyalik generallarning tuturuqsizligini qayd etish kerak, ular vatanini ayovsiz bosqindan himoya qilgan, fashizmni daf qilgan, oliy maqsad yo‘lida qurbonliklar bergan ajdodlarning shonli tarixini o‘g‘irlashda Putinga sheriklik qilishdi», degan Uolles.

Uolles tinch aholi vakillari, ayollar va bolalarga qilingan hujumlar hamda rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan Ukraina urushida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holatlarini qayd etgan. U professional harbiylar Rossiya armiyasining harakatlaridan «larzaga tushishi kerakligi»ni aytib o‘tgan.

Dushanba kuni Birlashgan Qirollik Rossiya va Belarusga qarshi 1,7 mlrd dollarlik savdo sanksiyalari kiritilgani haqida e’lon qildi.

Bayden Ukraina uchun lend-liz to‘g‘risidagi qonunni imzoladi va bu hali hammasi emas

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish tartibini soddalashtirishga qaratilgan lend-liz to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Ushbu hujjat Amerika prezidentiga «to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yoki Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jabr ko‘rgan Sharqiy Yevropa davlatlariga qarz yoki harbiy qurollarni ijaraga yuborish bo‘yicha hukumatga topshiriq berish» huquqini taqdim etadi. Qonun o‘rtadagi katta vaqt oladigan byurokratik to‘siqlarni cheklab o‘tishga imkon beradi.

Ushbu qonun loyihasi ishlash prinsiplari - 1941 yil martidan 1941 yil avgustigacha AQSh shunday sharoitda o‘z ittifoqchilariga, avvaliga Buyuk Britaniyaga, keyin SSSRga qurollar va boshqa ko‘plab hayotiy muhim mahsulotlar yetkazib berganida bo‘lgani kabidir.

Qonun loyihasi Ukrainaga qurol yetkazib berish jarayonini osonlashtiradi: Amerika qurollari Ukraina va Sharqiy Yevropadagi boshqa mamlakatlarga ijaraga berilishi ham mumkin.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak lend-liz dasturi qanday ishlashi bo‘yicha gapirdi.

«Biz yuqori texnologiyalarga asoslangan va samarali ishlovchi qurollar olamiz, Ukraina qurolli kuchlari jangchilari o‘qitib beriladi.

Muhimi, lend-liz – faqat qurollar degani emas. Bu yordam Ukrainaga g‘alaba uchun zarur bo‘lgan hamma narsa. Ikkinchi jahon urushi tarixini eslaydigan bo‘lsak, AQSh SSSRga tanklar va samolyotlardan tashqari stanoklar, lokomotivlar, po‘lat, konservalar yetkazib bergan. Endi qurol-yarog‘dan tashqari boshqa yordamlar, bizga zarur bo‘lgan materiallar ham yuborilishi mumkin. Lend-liz harbiy, logistik va sanoat obektlarini joylashtirishni ham nazarda tutadi, ham AQShda, ham Ukrainada. Amerika mudofaa sanoati bizning ehtiyojlarimiz uchun yangi texnikalar va qurollar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi», degan u.

Ko‘proq yangiliklar: