SSV matbuot xizmati xabar berishicha, kuni kecha Farg‘ona shahri markazidagi «To‘qimachilar» madaniyat va istirohat bog‘ida sayyor tibbiy qabul tashkil etildi.
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan ochiq muloqotida belgilangan muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qildi.
Sayyor qabulda bemorlar tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olindi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yo‘q fuqarolarga esa shu yerning o‘zida order rasmiylashtirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida ko‘plab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati o‘tkazilgan ana shunday operatsiyalar tufayli yana sog‘lom hayotga qaytgan bir necha bemorlar bilan suhbatlashdi.
O‘zbekiston tumanining Beruniy mahallasida yashovchi 36 yoshli Gulbahor Saidahmedova uch yildirki, og‘ir dardning azobini tortadi. O‘tgan bu vaqt u uchun hayotidagi eng og‘ir damlar bo‘ldi. Avvaliga bemor hammasi yaxshi bo‘lib ketar, degan umid bilan yashab yurdi. Biroq oxir-oqibat kasallik uni to‘shakka mixladi.
So‘nggi tekshiruvlardan so‘ng esa unga og‘ir xastalik — ikki tomonlama koksartroz tashxisi qo‘yildi.
Bu orada G.Saidahmedova viloyatdagi bir necha tibbiyot muassasasida muolajalar olib yurdi, ammo kutilgan natija bo‘lmadi. Shifokorlar bemorda murakkab endoprotezlash operatsiyasi o‘tkazish lozimligi, bu amaliyot esa juda qimmatligini aytganida, yaqinlarning ilojsizlikdan boshi qotdi.
Farg‘ona viloyatida boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi esa Gulbahorning qalbida sog‘ayishga umid uyg‘otdi.
«Inson dardga chalinib, to‘shakda yotib qolganida yaqinlaridan yanada ko‘proq mehr kutarkan. Ammo kezi kelganda hamma qadrdonlaring ham senga suyanch bo‘la olmas ekan. Davlatimiz esa ana shunday og‘ir damda yolg‘izlatib qo‘ymadi. Qo‘lim «kalta» bo‘lib, kimdan najot kutishni bilmay qolgan paytimda darddan sog‘ayishimga, o‘z oyoqlarim bilan yana emin-erkin yura olishimga yordam berdi.
Quvonarlisi, viloyatimizda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi tufayli poytaxtga borishimga hojat qolmadi. Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari sa’y-harakatlari bilan uzoq yillik darddan shu yerning o‘zida xalos bo‘ldim.
Nasib etsa, endi Toshkentga davolangani emas, sayohat uchun boraman»,deydi bemor.
32 yoshli O‘g‘iloy Ahmadaliyeva — Quva tumanining Ahillik mahallasidan. Uning oyog‘ida ham bir necha oy avval qattiq og‘riqlar boshlangan. Shu kungacha qilingan muolajalar esa kutilgan natijani bermagan.
So‘nggi o‘tkazilgan tomografiya tekshiruvida ushbu bemorga ham koksartroz tashxisi qo‘yildi.
«Tanang darddan azob chekib tursa, hech qanday xursandchilik tatimaskan. Ayniqsa, o‘z oyoqlaring bilan yura olmasang, bundan yomoni yo‘q ekan. Ochig‘i, oxirgi paytlar shu qadar tushkunlikka tushib qoldimki, “endi yura olmasam kerak” deb o‘ylagandim.
Viloyatimizda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi hayotimga qayta umid bag‘ishladi. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana bemalol yura olarkanman», deydi u.
Bemor odamning ko‘ngliga hech nima sig‘maydi. O‘zidan o‘tganini o‘zi biladi.
Farg‘ona tumani, Vodil qishlog‘i, Chimyon mahallasida yashovchi Abdunazar To‘rayev ham yigirma besh yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekadi. Yillar davomida qilingan muolajalar esa samara bergani yo‘q.
Aksincha, yildan yilga ahvoli yanada og‘irlashdi. Kasallik zo‘rayib, umumiy holatida salbiy o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Ayniqsa, oxirgi yillar kuchli bosh og‘rig‘i, hushdan ketish, qo‘l-oyoqlarda holsizlik, nutq chalkashishi, ko‘rish qobiliyatining sustlashishi kabi asoratlar bemorni ancha holdan toydirdi.
Shu yil o‘tkazilgan tomografiya tekshiruvlaridan so‘ng unda ateroskleroz kasalligi aniqlanib, bosh miya qon tomirlari to‘silib qolgani ma’lum bo‘ldi.
«Dardning yaxshisi bo‘lmaydi. Inson kasal bo‘lganida hayotning qadrini, salomatlikning haqiqiy qimmatini his qilarkan. Qolaversa, xastalik aniq bo‘lsa-yu, davolanishga imkoning bo‘lmasa, bundan yomoni yo‘q. Chunki chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilmaysan.
Mana shunday og‘ir paytda viloyatimizda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi oilamiz joniga ora kirdi. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sog‘lom hayotga qaytarkanman», deydi Abdunazar aka.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kardiojarrohi Xondamir Mamadaliyevning aytishicha, uyqu arteriyasini aterosklerozdan tozalash — anchagina murakkab muolaja. Buning uchun bemorning bo‘yin qismi jarrohlik yo‘li bilan ochilib, bosh miyaga ketgan arterial qon tomirlari xolesterindan tozalanadi. Shunisi e’tiborliki, bunday murakkab operatsiya Farg‘onada ilk bor o‘tkazildi.
Ana shunday og‘ir xastalikka chalinganlardan yana biri oltiariqlik Sobirjon Rahmonov bo‘lib, 2021 yil yanvar oyida insult xastaligini boshdan kechirgan. Shundan so‘ng o‘sha yili may oyida unda kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan. Biroq bemor muolajadan keyin ham butunlay sog‘ayib ketmadi. So‘nggi tibbiy tekshiruvlardan keyin uning uyqu arteriyalarini aterosklerozdan tozalash kerakligi ma’lum bo‘ldi.
«Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan. Buni esa o‘z boshimdan o‘tkazib bildim. Ammo dard qanchalik og‘ir bo‘lmasin, inson tushkunlikka tushmasligi kerak. Ayniqsa, oilaviy sharoiti davolanishga imkon bermaydigan biz kabi bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani sog‘ayishimizga yanada ishonch bag‘ishlamoqda.
Operatsiyam muvaffaqiyatli o‘tdi. Buning uchun shifokorlardan minnatdorman», deydi bemor.
Hosiljon Tillaboyev — Quva tumanining Guliston mahallasidan. 62 yoshli bemor 2021 yil dekabr oyida infarktni boshdan o‘tkazgan.
Shundan so‘ng unda yurakni stentlash operatsiyasi bajarildi. Biroq bu bilan kasallik xavfi chekingani yo‘q. Bemorni yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qilavergach, qayta tibbiy tekshiruvlardan o‘tdi.
Yakunda shifokorlar unda aorta-koronar shuntlash operatsiyasini bajarish lozim, degan xulosaga kelishdi. Buning uchun Farg‘onaga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan yetakchi kardioxirurg mutaxassislar jalb etildi.
«Ochig‘i, shifokorlar yuragimda murakkab operatsiya o‘tkazilishini aytganida, boshim qotib qoldi. Chunki oilaviy sharoitimiz jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga imkon bermasdi.
Shifoxonadan qo‘ng‘iroq qilib, “davlat hisobidan bepul operatsiya qilinasiz”, deyishganida quvonchim ichimga sig‘madi. Qolaversa, biz uchun poytaxtdan eng malakali shifokorlar kelibdi. Og‘ir darddan butunlay xalos bo‘lganimdan, davlatimizning mehr va e’tiboridan xursandman», deydi H.Tillaboyev.
Shuningdek, Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida quvasoylik Abdukarim Mamatbekovning yuragida ham aorta-koronar shuntlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
«Oxirgi paytlarda yurak sohamda qattiq sanchiqlar paydo bo‘lib, qon bosimim tez-tez ko‘tariladigan bo‘lib qolgandi. Shu bois bu yil mart oyida Quvasoy shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida muolaja oldim. Biroq so‘nggi EKG tekshiruvidan keyin shifokorlar kasalligimni butunlay davolash uchun operatsiya o‘tkazish lozimligini aytishdi.
Bu orada Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan biz kabi ehtiyojmand bemorlarda bepul operatsiyalar amalga oshirilayotganidan xabar topdik. Shukr, davlatimizning e’tibori, qo‘li yengil shifokorlarning ko‘magi bilan og‘ir darddan xalos bo‘ldim. Nasib bo‘lsa, tez kunda yana yaqinlarim bag‘riga qaytaman», deydi bemor.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Farg‘onada boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida o‘tgan bir hafta davomida viloyat tibbiyot muassasalarida 100 dan ziyod murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.