Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining «Farhod» gidroelektrstansiyasini modernizatsiya qilish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan mazkur GESni modernizatsiya va qayta texnik jihozlash ishlari amalga oshirilgan.
Ushbu modernizatsiya ishlarini sifatli hamda o‘z vaqtida bajarish maqsadida joriy yil11 may soat 8:00 dan 15 may soat 17:00 ga qadar GES hududida joylashgan Shirin-Bekobod yo‘nalishidagi ko‘prik vaqtincha yopiladi.
Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Shirin shahridan Bekobod tumaniga boruvchi fuqarolar shahar yaqinida joylashgan «Do‘stlik» irrigatsiya tarmog‘iga qarashli boshqa bir ko‘prikdan vaqtincha foydalanib turishadi.
«Vaqtincha yopilgan ko‘prik bilan «Do‘stlik» irrigatsiya tarmog‘iga qarashli ko‘prikning orasi uncha uzoq emas. Vaqtincha yopilgan ko‘prik orqali borilganda Shirin shahridan Bekobod shahrigacha 14-15 kilometr yo‘l yuriladi. «Do‘stlik» irrigatsiya tarmog‘iga qarashli ko‘prik bilan borilganda masofa 19-20 kilometrni tashkil etadi», deydi viloyat hokimligi axborot xizmati.