Rossiya qo‘shini Popasnayani egalladi. Bu frontda nimani o‘zgartiradi?

Jahon 22:34 / 10.05.2022 67628

«U yerda hammasi yer bilan bitta bo‘lgan. Shuning uchun biznikilar oldindan tayyorlab qo‘yilgan nisbatan mustahkam pozitsiyaga o‘tishdi», degan Gayday.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 may kuni e’lon qilingan videomurojaatida Popasnayani Chexiyada natsistlar tomonidan vayron qilingan Liditse qishlog‘i bilan taqqoslagan va shaharning «kuli ko‘kka sovurilgani»ni aytgan.

Bir necha kun oldinroq internetda rossiyaliklar harbiy droni tomonidan olingan tasvirlar paydo bo‘lgandi. Bu videoda birorta butun qolgan bino ko‘rinmaydi.

Popasnaya uchun janglar

Popasnaya - Luhansk oblasti g‘arbidagi kichikkina shahar bo‘lib, urushdan oldin bu yerda 20 ming atrofida odam yashagan. 2014 yili Donbassdagi qurolli nizo chog‘ida shahar qo‘ldan qo‘lga o‘tgan, ammo yakunda Kiyev nazoratida qolgan.

Minsk kelishuvi imzolangach, Popasnaya front chizig‘iga tushib qolgan, vaqti-vaqti bilan shahar o‘qqa tutib turilgan. Ukraina kuchlari Popasnaya va uning atrofida kuchli istehkom tashkil etishgandi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Popasnaya uchun shiddatli janglar boshlandi. Shaharga mart oyi boshida hujum qilindi va faqat aprel oyi o‘rtalariga kelib rus qo‘shini uning markaziga yetib keldi. Ammo janglar to‘xtamadi.

Amerikadagi Rand markazi tadqiqotlarida aytilishicha, Rossiya armiyasi Popasnayadan Izyumgacha va undan shimoldagi hududgacha bo‘lgan aylana yoyida katta kuchlarini jamlagan. Ayrim tahlilchilar hisoblashicha, Rossiya bu hududda 50 ta batalon taktik guruhlariga ega - ularning har birida mingtadan askar bor.

«Rossiya armiyasining bu yirik amaliyotidagi asosiy harakat, katta ehtimol bilan teng yoki ko‘p sonli artilleriya birliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mobil bo‘linmalardir. Ular juda ko‘p kassetali o‘q-dorilar va artilleriya minalari qo‘llashadi», deyiladi RAND obzorida.

Bir necha haftadan buyon davom etayotgan artilleriya va raketa zarbalariga qaramay rossiyalik harbiylar Donbassda ukrainlar mudofaasini yorib o‘ta olmadi. Amerikalik tahlilchilar qayd etishicha, Ukraina harbiylari himoya qiladigan narsaning o‘zi qolmaganidan keyin qurshovga tushib qolmaslik uchun taktik chekinish qilmoqda.

Aprel oyida Kreminna shahrida ham xuddi shunday bo‘lgandi.

«Kreminnada biz shunchaki quruq yerni ushlab tursak, yigitlar halok bo‘lishi, dushmanga esa hech qanday zarar yetmasligini tushungandik, shu tufayli biz qayta guruhlangan va u yerdan ketgandik», deydi Luhansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday.

Popasnayaning boy berilishi Ukraina armiyasi uchun nimani anglatadi?

Popasnaya bilan bog‘liq holatda bu aholi punktining yo‘qotilishi Ukraina armiyasining ushbu yo‘nalishdagi pozitsiyasini jiddiy darajada murakkablashtirishi mumkin.

Shahar dengiz sathidan taxminan 260 metr balandlikdagi tepalikda joylashgan. Bu atrofdagi boshqa shaharlar - shimoldagi Lisichansk va Severodonetsk, janubdagi Svetlodarska va g‘arbdagi Baxmutdan yuqoriroqdir.

Popasnaya rossiyalik harbiylar qo‘liga o‘tgach, bu shaharlarning barchasiga 30 kilometr masofadan o‘t ochish mumkin bo‘lib qoldi. Bu Rossiya artilleriya diviziyasi asosini tashkil etuvchi 2S19 «Msta-S» o‘ziyurar gaubitsalarining maksimal otish masofasidir (uzoq masofali zaryaddan foydalanganda).

Rossiya armiyasi Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»ning ikkinchi bosqichida yoppasiga o‘t ochib, raqibni asta-sekin siqib chiqarish taktikasini qo‘llamoqda. Birinchi bosqichda tank kolonnalari bilan tezkor ravishda yorib kirishga urg‘u berilgandi, ammo bunday taktika ko‘p o‘rinlarda muvaffaqiyatsiz chiqdi.

Severodonetsk va Lisichansk - Luhansk oblastida Ukraina nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shaharlardir. Rossiya armiyasi yaqin vaqt ichida bosimni kuchaytirishi kutilmoqda. Luhansk ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayning aytishicha, Severodonetsk atrofidagi qator qishloqlarda keskin vaziyat yuzaga kelgan, aholi punktlari uchun doimiy janglar ketmoqda.

Popasnaya uchun mart oyidan buyon jang ketayotgandi. 
ALEXANDER REKA/TASS

Popasnayaning olinishi rossiyalik harbiylarga bu yerda platsdarm hosil qilish, kuchlarni qayta guruhlash va yangi zarba uchun yo‘nalish tanlash imkonini beradi. Masalan, Izyumdagi guruh bilan bir vaqtda Kramatorsk va Slovyanskka Severodonetsk yo‘nalishidagi ukrain harbiylari guruhini qurshovga olish uchun yurish boshlash mumkin.

Muvaffaqiyat omili ham muhim - «g‘alabali yakunga qadar urush» tarafdorlari ijobiy xabarlarni sog‘inib qolishgan, RF mudofaa vazirligi va davlat propagandachilarining Ukrainadagi kichik posyolkalar egallangani haqidagi xabarlari ularda g‘alaba yaqinlashib qolgani haqida hissiyot uyg‘ota olmaydi.

Ammo bu o‘rinda boshqa jihat ham bor.

Rossiya armiyasi uchun Popasnaya olinishining yomon oqibatlari bo‘lishi mumkinmi?

Harbiy strateglar Popasnaya misolida sodir bo‘lgan bunday bo‘rtiqlarni yoqtirishmaydi. Dushman hududiga pona misoli bunday yorib kirish ta’minot liniyasini cho‘zib yuboradi - sodda qilib aytganda o‘q-dori, texnikalar, oziq-ovqat, qo‘shimcha kuchlar yuborish va yaradorlarni olib ketish ishlarini qiyinlashtiradi. Eng yomoni esa qo‘shinning tobora oldinga siljishi qanotlarni himoyasiz qoldiradi.

Raqibda shimoldan va janubdan qarshi zarbalar berib, «qurshov» hosil qilish imkoniyati yuzaga keladi - rossiyaliklar qancha ichkarilasa, qarshi hujumlarni bartaraf etish shunchalar murakkablashadi. Ukraina armiyasi esa hali urushga qo‘shilmagan katta zaxiralarga ega.

Ukraina tomonidan qarshi hujum bo‘lishi va qo‘shin qurshovga tushib qolishi ehtimoli xavfi Rossiya qo‘mondonligini Popasnaya yaqinidagi flanglarda katta guruhlarni ushlab turishga majbur qiladi - bu esa boshqa jabhalarda qo‘shinlar yetishmovchiligiga olib keladi. Ukraina armiyasi Xarkivdan sharqqa - Rossiya chegarasi tomon hujumlarni davom ettirmoqda, bu yurishni to‘xtatish uchun rossiyaliklar armiyasi ko‘priklarni portlatib yuborishga majbur.

Yana bir qiyinchilik shundaki, hududni egallashning o‘zi yetarli emas, uni saqlab qolish ham muhim. Popasnaya egallangach hujum qilib kelayotgan Rossiya qo‘shini mudofaa pozitsiyasiga tushib qoldi - Ukraina armiyasida esa NATO ta’minoti evaziga kundan kunga uzoq masofalarga otuvchi artilleriya qurollari soni ortmoqda.

Ukraina tomoni Popasnayaning taslim bo‘lishini izohlar ekan, shahar to‘la vayron bo‘lgani va u yerda himoya qiladigan narsaning o‘zi qolmaganini ta’kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: