Urushga jo‘nab ketish
1921 yil 15 oktabrda tug‘ilganman. 1941 yil urush boshlandi. U paytlarda qishloqdagi hamma xonadonga dumaloq radio o‘rnatilgan bo‘lardi, urush haqidagi xabarlarni eshitib turardik. Keyin bizni ham yoshimiz yetib qolgani uchun armiyaga chaqirdi. Chaqirilganlar orasida o‘zimdan kattalar ham, kichiklar ham bor edi. Hammamizni yig‘ib, kechasi Piskentdan Toshkonga haydadi; u vaqtda mashinalar ham yo‘q edi, kavaleriya bo‘lib bordik. U yerda qishi bilan tayyorgarlik ko‘rdik. Keyin Chimkent oblastiga olib bordi, u yerda bir hafta turdik, bir haftadan keyin poyezdga o‘tirib, Ukrainaga jo‘natdi.
Chimkentdan Ukrainaga poyezdda 23 sutkada bordik. Poyezd yo‘lda to‘xtab qolar, shunda ust-boshimizni yuvib olardik. Ukrainadagi Varashilovgrad degan shaharga (hozirgi Lugansk oblastida – tahr.) bordik. U shahardan keyin kechasi bitta qishloqqa yetib bordik, u yerda bizni bitta otxonaga joylashtirishdi. Otxonada bir hafta yotdik. Keyin bizni Minskka olib bordi. Minskda bir daryo bor ekan, daryo bo‘yida odam ko‘p ekan, faqat o‘zbeklar emasdi, o‘sha yerda hammani “chast”larga bo‘lib tashladi. Dilmurod aka, Halil aka, Egamqul, Muxtor aka deganlar bor edi – barimiz tarqab ketdik.
Ichimizdagilarning bitta-ikkitasi o‘rischani bilardi, biz bilmasdik ham, tushunmasdik ham o‘rischani. 33-“tankoviy” brigadada edik. Boldanov degan odam komandir edi. Tankni yoshroqlar bilmaydi, u yurganda ichidagi odam juda siltanib o‘tiradi, bemalol o‘tirolmaysan uning ichida, har siltanganida voy-bo‘... Mayli-da, nima deymiz endi, yo‘q demaymiz-ku.
“Bizda qurol kam edi”
Nemislar tomondan telefon orqali xabarlar kelib turardi, mana shu qishloqda nemisning shuncha tankasi, shuncha harbiysi turibdi degan. Bizda qurol kam edi. Lopatka berardi: “Belingga osib ol, mana shu lopatka bilan nemisning boshiga bir urib, avtomatini olasan”, derdi. A biz qanday qilib olamiz ularni derdik, nemislar yaqiniga yo‘latmasa keragov, yuz metr masofadan dabdalamizni chiqarib tashlaydi.
Ancha vaqt o‘tdi. “Obed” vaqti birdan to‘polon bo‘lib qoldi. Ana shunda qiynalib qoldik. Qurol kam, urushga tayyorgarlik yo‘q, kiyimam yo‘q, ovqat ham yo‘q. Ancha qiynalib, keyin... shu tariqa, hamma armiya to‘zib, kim qayerga ketganini, hech nimani bilmay qoldi. Hamma narsani mashinaga ortib, orqaga chekindik. Shtabga ketayotganimizni aytishdi. [Bir necha kundan keyin] soy bo‘yiga, temir yo‘l o‘tgan joyga chiqdik, o‘sha yerni shtab dedi. Shu yerda turib, qochib kelayotganlarni shtabga olib kelasizlar, o‘tkazmaysizlar dedi. Haligi joyda ikkita-uchtadan bo‘lib, qochib kelayotganlarni shtabga olib borib turdik. Shu vaqtda men yashagan joyda Sattor aka Begimqulov degan direktor bo‘lardi, o‘sha odamni ko‘rib qoldim. Oldimga yugurib keldi. “Biz 9ta mashinada minomyotchi edik, nemislar samolyoti bilan o‘qqa tutib, mashinalarimizdan 7tasi qoldi”, dedi.
15-20 kundan keyin yana to‘polon bo‘lib qoldi. Osmonda samolyotlar ko‘payib ketdi. Yana shtabni ortib, bir joyga bordik. U borgan qishlog‘imizga ham o‘nta samolyot uchib borib, bombalar tashladi. Bug‘doyzorga qochib o‘tganmiz, u yerlarda qora bug‘doy bo‘larkan, o‘sha yerda yotdik. Bombalarni rosa tashladi, qishloqni yondirdi, nechta-nechta mashinalarimiz ham yonib ketdi. Biz o‘z “chast”imizni, bir-birimizni topa olmay qoldik. Aralashib ketgancha jo‘nab ketdik. Meni 330-o‘qchi polkka qo‘shib qo‘ydi.
“Oldimga snaryad kelib tushdi”
Okopda yotganimizda ustimizga minalar, artilleriyaning o‘qlari tushardi. O‘lganlar joyida qolib ketaverardi. Bizdan keyin kelib o‘lganlarni, mayib bo‘lganlarni yig‘adigan do‘xtirlar bor edi, shular olib ketardi. O‘lganlar bilan sizning ishingiz bo‘lmasligi kerak edi. Sizga faqat “tolko vperyod” bo‘lishi kerak.
Kunlarning birida yaralandim. Bitta snaryad hovliga, ikkinchisi tom ustiga tushdi. Yana bitta snaryad yonginamizga kelib tushdi. Men bo‘ynimdan yaralandim, yonimdagi sherigim o‘ldi. Qochib otxonaga kirdim, do‘xtir boshimni boylab yotqizib qo‘ydi. Haligi joyda oyog‘i, qo‘lidan ayrilganlar, boshidan jarohat olganlar “voydod, voydod” deb yotibdi. Jarohatlarini o‘rab tashlagan. Kuyib ketganlar ham bor. Mening bo‘ynimga oskolka tekkandi, bog‘lab qo‘ygani uchun og‘zimni ocholmasdim, sho‘rvalarni rezina shlanka bilan ichirardi.
Yengil jarohat olganlar yana safga qaytar, og‘irlari esa operatsiya qilinib uyiga jo‘natilardi. Men bir oycha o‘tgandan keyin sog‘aydim.
O‘shanda nemislar tank bosib ketgan, otib o‘ldirilgan, bomba tagida qolgan odamlarni chuqur kavlab, 40-50tasini ko‘mib tashlayvergan. Kim qayerda o‘lganini bilib bo‘lmagan.
“Nemislarni orqasidan quvib yetolmagan vaqtlarimiz bo‘lgan”
Nemislar butun dunyoni olamiz deb o‘ylagan. Armiyasi juda katta kuchga ega bo‘lgan. Kichkina-kichkina davlatlarni olgandan keyin, Rossiyani ham 2 oyda olib qo‘yamiz degan. 2 oy degani 4 yilda ham amalga oshmadi. Urush e’lon qilmasdan hujum boshlagan. Shunaqa qilib, bizning armiya 1941-42 yillarda qiynalib yurdi, keyin bizning qurollarimiz chiqib, “katyusha”lar, “pushka”lar, og‘ir artilleriya, samolyotdan tashlanadigan bombalar chiqqanidan keyin ularning joni chiqib qoldi.
Biznikilar ham qirib tashladi. Nemislarni quvib, 2-3 kun orqasidan quvlab yetolmagan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Donbassdan o‘tdik. Keyin Polsha degan joy bor ekan, u yerni oldik. Nemislar qochib borib, Berlinga taqaldi, poytaxtga. Biz ham bordik Berlinga, shaharni maydalab tashladik. “Berlinni egallashda qatnashgani uchun”, “Germaniya ustidan g‘alaba uchun” degan medallarim bor.
Berlinga pushkalardan, havodan, “katyusha”lardan to‘xtovsiz zarba berildi. Berlinni olib bo‘lganimizdan keyin qani nemislar desam yo‘q deydi, ko‘pi qochib ketib qolibdi. Shahardan o‘tib yana 100 kilometrcha yurganimizdan keyin Elba degan juda katta daryo bor ekan, u yerga borsak, uzoqdan g‘alabani nishonlayotgan shovqin eshitildi: “urre, urre” deydi, avtomat otadi. Kimlar ekan bular desak, amerikaliklar, “soyuzniklar” ekan. Shunday qilib, urush tugadi. Ertalablari daryoga borib bet-qo‘limizni yuvamiz, katta-katta paroxodlar turadi – ichiga qarasangiz, “produkta”lar: non, shokolad, hamma narsa bor.
Keyin yoshi kattaroqlarni ortga jo‘natdi. Ular otlarni ortib, Belarusga, Ukrainaga jo‘nadi. Bizni olib qoldi. U yerda nemislarni “Messershmit” degan samolyot zavodi bor ekan, uni buzdik. Bir oy ishlaganimizdan keyin bizga ham sekin javob berdi. Toshkentga keldik. Bittasinikida yotib qoldik, ertamatan hammamizni yig‘di. Piskentdan paxta tashib keladigan mashinalarga o‘tirib Piskentga qaytdim.
Urushdan qaytgan qahramonimiz bir necha oydan keyin uylangan. Anorqul ota Xotamov 7 o‘g‘il va 2 qizning otasi, nevara-chevaralarining sevimli bobosi.
Ibrohim Samatov yozib oldi.
Tasvirchi va montaj ustasi:
Muhammadjon G‘aniyev