“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Qashqadaryodagi qazib chiqarish, qayta ishlash va loyihalar holati o‘rganildi

Jamiyat 15:53 / 09.05.2022 7394

Jamiyatga tegishli konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘rganish maqsadida Sho‘rtan boshqarmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi navbatda boshqarmada uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, “Sho‘rtan” koni quduqlaridan tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ishlatish quduqlarini ishga tushirish, quduqlarni kapital ta’mirlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan geologo-texnik tadbirlar ijrosi bilan tanishildi.

“Sho‘rtan” konida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish bo‘yicha o‘tkazilgan 3D seysmik-geofizik ishlar asosida “Sho‘rtan” konining quyi “terrigen-yura” qatlamlari istiqbolliligini baholash maqsadida 2021 yil dekabr oyida burg‘ilash ishlari boshlangan “Sho‘rtan terrigen-1” qudug‘ida olib borilayotgan ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mas’ul tashkiloti rahbari va tegishli departament boshliqlari bilan burg‘ilash ishlari holati muhokama qilinib ishlarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan belgilangan ko‘rsatkichlarni amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar holati tahliliy o‘rganildi.

Aynan ushbu boshqarmada 2-chorakda 9 ta ishlatish quduqlarini ishga tushirish, 52 ta quduqda ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini bajarish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan bir qatorda, kondagi yangi quduqlarni burg‘ilash qurilmalarida va quduqlarni kapital ta’mirlash uskunalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqildi.

Hammamizga ma’lumki, “GTL” zavodidagi va “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ko‘zda tutilgan tashqi infratuzilma obektlaridan biri hisoblangan “Sho‘rtan” Bosh Inshootidan - Gaz kimyo majmuasigacha diametri 1020 mm 33 km uzunlikdagi yangi gaz quvurini qurilish montaj ishlariga “start” berilgan edi.

Boshqaruv raisi tomonidan loyiha asosida gaz quvuri qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish holatini o‘rgandi.

O‘rganish jarayonida zarur quvur armaturalari, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash masalalarini hal etish va qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha boshqarma rahbariyati hamda mas’ul departament boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Gaz quvurining qurilish loyiha hujjatlari “O‘zLITIneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish montaj ishlariga pudratchi tashkilot sifatida “Neftgazmontaj” MChJ jalb etilgan, bugungi kunda 10,0 km gaz quvuri tashib keltirilgan, 7,5 km gaz quvuri montaj qilingan bo‘lib, ishlar davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Qashqadaryodagi tabiiy gaz qazib chiqarilishi hamda ishlab chiqarilishi holatining o‘rganilishi davom etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: