YeChL. «Robotlar» ham eplolmadi, «Real» – ikkinchi finalchi

Sport 14:14 / 05.05.2022 37525

Asosiy vaqtni mukammal o‘tkazgan «robotlar»

«Real» YeChLda har qancha tarixga ega bo‘lmasin bu o‘yinda «Manchester Siti»ning imkoniyati yaxshiroq edi. Chunki birinchi o‘yinda Gvardiola jamoasi nafaqat 4:3 hisobida g‘alaba qozongan, balki barcha jabhada «Real»dan ustun ekanini isbotlagandi. Madridda ham «Siti» dovdirab qolmadi va yuqori pressing bilan yana «Real»ga imkon bermadi. 90 daqiqa davomida to‘pni nazorat qilish va vaziyatlar yaratish bo‘yicha manchesterliklar ustunlik qildi, «Real» hatto aniq zarba bera olmadi. Kurtua esa shunchalik ko‘p seyv amalga oshirdiki, oxir-oqibat butun o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shuning o‘zi inglizlar qanchalik zo‘r o‘ynaganidan dalolat.

«Manchester Siti»ning juda ko‘p hujumlari samara beravermagach, Gvardiola ikkita zaxira bilan hujumni tezlashtiradigan chiziqlarni yangilashga qaror qildi. Murabbiy 72-daqiqada jarohat olgan va xatolarga yo‘l qo‘ya boshlagan Kayl Uokerni almashtirishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini ukrainalik Zinchenko egallab, chap qanotga o‘tdi. O‘yinni juda yaxshi o‘tkazgan Joao Kanselu esa o‘ng qanotga o‘tdi. Maydon markazida hujumlarni kutilganidek rivojlantira olmagan De Bryuyne o‘rnini esa Ilkay Gyundo‘g‘an egalladi.

Bu ikki zaxiradan tushgan futbolchilar o‘ziga to‘p tekkan ilk epizoddayoq samarali harakatni amalga oshirdi. Zinchenko qanotda to‘pni egallab Gyundo‘g‘anga aniq uzatdi. Turk esa markazdan katta tezlik olayotgan Bernardu Silvaning yo‘nalishiga to‘pni tashlab berdi. Maydondagi eng tezkor futbolchilardan bo‘lgan Silva esa butun «Real» himoyasini dovdiratib, jarima maydonchasi yaqinigacha to‘pni hech kimga oshirmay bordi va hech kim kutmagan variantni tanlab, qanotda ochilgan Riyod Mahrezga to‘pni tashlab berdi. Bir necha daqiqa avval Gvardioladan dakki eshitgan jazoirlik futbolchi esa mukammal zarbasi bilan yaqin burchakni nishonga oldi – 0:1.

Goldan keyin ham inglizlar hujumni to‘xtatmadi. Yana bir zaxiradan tushgan futbolchi, 8 yil avval «Real»ni alqab yozgan tvitlari rosa gapirilgan Jyek Grilish Madrid himoyachilari va Kurtuani ham aldab, to‘pni darvozaga tepdi. Ammo himoyachi qaytargan to‘pga Foden yeta olmay, golli vaziyat golga aylanmadi.

Yana Benzema katta sahnada

Gvardioladan 5 daqiqa avval Anchelotti bitta o‘zgarish qilgandiki, u butun yarimfinal taqdirini o‘zgartirib yubordi. Braziliyalik Rodrigo Kroosning o‘rniga maydonga tushib, hujumda foydasi tegmagan Valverdening o‘rnini egalladi. 90-daqiqada «Real» butun mavsum davomida qilgan ishini takrorladi – futbol mo‘jizasini ko‘rsatdi. Karim Benzema jarima maydonchasiga noqulay uzatilgan to‘pni shunday qulay qilib Rodrigoga tashlab berdiki, buni kutmagan Ederson nima qilishini o‘ylaguncha braziliyalik vunderkind to‘pni darvozaga kiritib bo‘lgandi. Ha, bu gal ham mavsumning eng zo‘r futbolchisi bo‘layotgan Karim Benzema «Real»ni o‘yinga qaytardi.

Inglizlarni bu natija ham qanoatlantirardi, ammo ular bu haqda o‘ylashga ham ulgurmay Rodrigo kichik jussasi bilan «Siti»ning bo‘yi baland futbolchilarini ortda qoldirib, Karvaxalning uzatmasini bosh bilan golga aylantirdi – 2:1. «Real» yarimfinalning 3 ta bo‘limida yomon o‘ynagan bo‘lsa-da, mana shu 2 daqiqa ichida hammasini o‘z o‘rniga tushirdi. Anchelotti jamoasi futbolda hissiyotlar har qanday taktika va pressingdan kuchli ekanini bu mavsumning o‘zida kamida uchinchi marta isbotlashdi.

Mehmondagi gol qoidasi bekor qilingach, 2:1 hisobi muvozanatni tikladi va hakam jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif qildi. 90 daqiqa zo‘r o‘ynab, 2 daqiqada ruhiy jihatdan singan «Manchester Siti» qolganiga hech narsa qilolmasligi deyarli aniq edi. Qo‘shimcha bo‘limlarda bitta jiddiy intriga qolgandi – mavsum qahramoni Benzema gol uradimi, degan. Benzema gol urdi. O‘zi penalti ishladi va o‘zi golga aylantirdi. Qo‘shimcha vaqtni hisoblamasa, «Real» 90, 91 va 95-daqiqada uchta gol urdi. Natijada Gvardiolaning «robotlashgan» mukammal jamoasi yana bir mavsumni boy berdi. Axir bu jamoa YeChLni yutish uchun tuzilgan. Biroq milliarderlarning katta pullari evaziga tuzilgan eng mukammal loyiha bo‘lmish «Siti» ham dunyoning eng zo‘r musobaqasini hamon yuta olmayapti.

Bir qarashda «Real» uchun mavsum unchalik yaxshi o‘tmayotgandek edi. Hatto Anchelotti ketishi, Zidan navbatdagi marta qaytishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. La Liga doirasidagi «Barselona»ga qarshi o‘yinda esa «Real» juda bechorahol ko‘rindi. Aynan o‘sha o‘yinda Xavi jamoasi «Real»ning barcha kamchiliklarini ko‘rsatib bergan ekan va aynan klasikodan keyin «Real» yaxshiroq o‘ynay boshladi.

YeChLda «Real»ni to‘xtatishga avvaliga tarkibida Messi bo‘lsa ham mantiqsiz futbol ko‘rsatayotgan «PSJ» harakat qildi. Mbappening super o‘yini evaziga, Messi penaltidan gol urolmaganiga qaramay, boshlanishiga buni uddalayotgandi ham. Ammo javob o‘yinida Benzema katta sahnaga chiqib yulduzlar jamoasini sochib yubordi. Keyin «Chelsi» birinchi o‘yinda yengilgan bo‘lsa-da, «Real»ni mahv etishiga bir bahya qoldi. Ammo Modrich va Benzema bu o‘yindan ham g‘alaba bilan chiqib ketishdi. Yevropada eng zo‘r jamoadek ko‘rinayotgan «Siti» ham irodali «Real» oldida ojiz qoldi.

Anchelotti jamoasining bu mavsumdagi o‘yinidan keyin kambek deganda «MYu»ni tilga olish endi adolatsizlik bo‘ladi. Ha, «Kamp Nou»dagi «Bavariya»ga qarshi finalda dahshatli kambek qayd etilgan, ammo «Real» bu mavsumning o‘zida bunday kambeklarning kamida uchtasini qayd etdi. Yana YeChL pley-offlarida.

Bu ketishda «Real»ni hech kim yuta olmaydigandek ko‘rinmoqda. Finalda esa Anchelotti jamoasini «Liverpul» kutmoqda. 4 yil oldingi YeChL finalida «Real»ga Kariusning sharmandali xatolari bilan mag‘lub bo‘lgan, himoyasi zaif va Ramosning qo‘polligi sabab o‘yindan chiqarilgan Salohsiz o‘ynagan jamoa. O‘shanda APLni 30 yillab yuta olmaslik bosimi sabab irodasiz jamoalar qatorida turgan «Liverpul» keyinchalik APLni ham, YeChLni ham yutdi. Natijada Klopp jamoasida muzaffarlik xarakteri paydo bo‘ldi. Bugungi «Liverpul» darvozasi va himoyasi havas qilgulik holatda, hujumdagi rotatsiya imkoniyati juda keng.

Inglizlar finalga tayyorlanish uchun juda kam vaqtga ega bo‘ladi, chunki Klopp jamoasi APL chempionlik poygasiga «Siti»dan 1 ochko ortda qolmoqda. Bu esa kurash oxirgi turgacha davom etadi, degani. «Real» esa chempionlikni hal qilib bo‘lgan. «Liverpul» yetakchisi Muhammad Saloh YeChL finalida «Real» bilan o‘ynashni istashini aytgandi. Tundagi o‘yindan keyin esa misrlik superyulduz «Real» bilan o‘yinda jarohat sabab o‘yinni yig‘lab tark etayotgani tasvirlangan suratini joylab, «Hisob-kitobimiz bor» deb yozdi. Xullas, finalda «Real»ga mavsumdagi eng qiyin raqibi – qasoskor «Liverpul» duch keladi. Biroq Saloh va jamoasida motivatsiya har qancha yuqori bo‘lmasin finalda faqat bir jamoaning g‘alabasi sensatsiya bo‘ladi – «Liverpul»ning. Hozircha esa «Real»ni YeChLda mag‘lub etish formulasi yo‘qdek ko‘rinmoqda.

YeChL. 1/2 final. Javob o‘yini

Real – Manchester Siti 3:1

4 may, «Santyago Bernabeu»

Gollar: Rodrigo (90, 90+1), Benzema (95, penalti) – Mahrez (73).

Real: Kurtua, Karvaxal, Nacho, Militao (Valexo, 115), Mendi, Modrich (Kamavinga, 75), Kroos (Rodrigo, 68), Kazemiro (Asensio, 75), Valverde, Benzema (Sebalos, 104), Vinisius (Vaskes, 115). 

Manchester Siti: Ederson, Uoker (Zinchenko, 72), Laport, Diash, Kanselu, de Bryuyne (Gundo‘g‘an, 72), Silva, Rodri (Sterling, 99), Foden, Mahrez (Fernandino, 85), Jyezus (Grilish, 78).

Ogohlantirishlar: Laport (9), Modrich (9), Karvaxal (65), Militao (84), Valverde (90+6), Sterling (101), Zinchenko (113).

Birinchi o‘yin – 3:4.

P.S.

O‘yin tugashi bilan Kun.uz kolumnisti Qahramon Aslanov quyidagi postni o‘z kanalida yozib qoldirdi:

Futbolga VARni kiritish oson bo‘lmagan. Gap faqat bu o‘yinni o‘ylab topgan inglizlarning o‘ta konservatorligidan emasdi. Futbolning jamoaviy sport ichida ommaviyligining asosiy omili atributlarning kam bo‘lishida hamdir – hokkey kabi har birimizga klyushka shartmas, basketbol yoki voleybol maydonini qurish qiyinroq va hokazo.

Shuning uchun ham futbolni hamma o‘ynaydi. Jahon chempionati finali va Angliyadagi 7-liga o‘yini shaklan farq qilmasligi o‘ta muhim. Ammo barcha sohalar singari futbol ham o‘sib boradi, taraqqiylashadi, asosiysi ilm kirib keladi. Futbol ham qaysidir ma’noda o‘yindan fanga yaqinlashib boraveradi: maydondagi bahsdan ham ko‘ra turli chizmalar, sxemalar, loyihalar, taktikalar ko‘proq gapiriladi – planshetlar davri.

«Real» esa, go‘yoki mana shunday zamonda, bir paytlar futbolga begona bo‘lgan atributlar qarshisida haqiqiy futbolni himoya qilayotgan qahramonga o‘xshaydi. Rostdan ham.

Agar «Siti» yutganida, mutaxassislar uning nimaning hisobiga yutganini tushuntirib bera olishardi. Chizmalar, sxemalar, strelkalar yordamida. Balki tushunmasdim, ha, futbol murakkab fan derdim, to‘qson daqiqa futbol tomosha qilib, hech narsani tushunmagan tomoshabin roli u qadar qoniqarli bo‘lmasa-da, majbur qabul qilardim – futbol hozir shunaqa. Men yoshligimda o‘ynagan futboldan qanchalik uzoq afsuski.

Ammo «Real»ning g‘alabasini oson tushunaman. Kimdir tez yugurdi, kimdir yaxshi tepdi, kimdir zo‘r sakradi, kimdirni yiqitishdi. U vaqt cho‘zdi, bu dovdiradi, unisi charchab qoldi va hokazo. Naqadar zo‘r, naqadar ajoyib o‘yin bu futbol. Bolaligimdagi sevimli o‘yinning o‘zginasi.

Rahmat, «Real» Madrid!

Ko‘proq yangiliklar: