Umida Omonova rapid va blits yo‘nalishlarida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi

Sport 16:17 / 04.05.2022 29398

1-3 may kunlari Gretsiyaning Rodos shahrida shaxmat bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan uch nafar o‘zbekistonlik yosh shaxmatchidan ikki nafari sovrindor bo‘ldi.

Surxondaryo shaxmat maktabi vakili Umida Omonova 16 yoshgacha qizlar o‘rtasidagi bahslarda ham rapid, ham blits yo‘nalishlarida jahon chempioni bo‘ldi. U maksimal 9 balldan 8,5 ball to‘pladi.

Musobaqada, shuningdek, Open12 guruhida bahslarda qatnashgan Toshkent shahri vakili Humoyun Bekmurodov rapid va blits bahslarida 7 ochko bilan 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Open16 guruhida qatnashgan Olmos Rahmatullayev musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.

Respublika gender komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva yosh shaxmatchilarni medallar bilan tabrikladi.

“Qizlarimizning intellektual salohiyati meni doim qoyil qoldiradi!

Surxondaryo shaxmat maktabi vakilasi Umida Omonova tezkor shaxmat bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi. 40 ta mamlakatdan kelgan 330 sportchi orasida aynan Umida bu ajoyib natijaga erishdi!

Kumush medal ham shaxmatchimiz Humoyun Bekmurodovga nasib qildi. Yurtimiz dunyoning shaxmat poytaxtiga aylanib bormoqda.

Chin qalbdan tabriklayman! Umida bilan yuzma-yuz uchrashuv onlarini intiqlik bilan kutib qolaman!” – deya yozdi Saida Mirziyoyeva Telegram-kanalida.

Ma’lumot uchun, Umida Omonova 2019 yili 13 yoshida FIDE ustasi unvonini olgandi. Shu tariqa u O‘zbekiston tarixida ushbu unvonni qo‘lga kiritgan eng yosh ayol masterga aylangandi. U bungacha Osiyo miqyosidagi qator chempionatlar va butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan. O‘tgan yili Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida o‘zbekistonlik 17 yoshli Nodirbek Sattorov shaxmatning rapid yo‘nalishida kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lib, bu mavqega erishgan tarixdagi eng yosh shaxmatchiga aylangan edi.

  • Rodos shahridagi jahon chempionatida jahonning 40ta mamlakatidan 330 nafar yosh shaxmatchi qatnashdi. 12 xil yosh va jins toifasida o‘tkazilgan musobaqada jamoaviy hisobda Ukraina 14ta medal (xususan, 6ta oltin) bilan birinchi o‘rinni egalladi. 11ta medal (2tasi oltin) olgan Polsha ikkinchi, 10ta medal (4ta oltin)ni qo‘lga kiritgan Angliya uchinchi o‘rinni band etdi.
Ko‘proq yangiliklar: