Musulmon sharqi va nasroniy g‘arbi o‘rtasidagi qarama-qarshilik o‘rta asrlar tarixining qonli, fitna va ajabtovur voqealarga boy bo‘lgan mavzularidan biridir.
O‘sha davrning asosiy qahramonlari – Richard Sheryurak va Salohiddin, ko‘plab arab xalifalari, Vizantiya imperatorlari, fransuz qirollari va turk sultonlari hisoblanadi. Ammo ular orasida xuddi ertaklardagi kabi afsonaviy shaxslar ham bo‘lgan. Ulardan eng sirlisi musulmonlar va nasroniylar ziddiyatining markazida turgan Quddusdan minglab chaqirim uzoqlikdagi Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan.
Sharqda tug‘ilgan va Muhammad payg‘ambar izdoshlarini mavh etishda go‘yo nasroniylarga yordamga kelayotgan hukmdor, «avliyo Yuhanno» haqidagi afsonaning yuzaga kelish tarixi haqida «Mediazona»da katta maqola tayyorlandi.
XII asr o‘rtalarida Markaziy Osiyoda 3 ta yirik davlat shakllandi: hududda rasman Qoraxoniylar sulolasi hukmronlik qilayotgan bo‘lsa, g‘arb musulmon olamining bayroqdori Saljuq imperiyasi ta’siri ostida, sharq esa qoraxitoylar tomonidan istilo qilingan edi. Nisbatan mustaqillikka intilayotgan Xorazmga qoraxoniylar ham, saljuqiylar va qoraxitoylar ham ko‘z tikayotgan edi.
Saljuqlar Islom bayroqdorlari sifatida
XII asr — musulmon va nasroniy dunyosi o‘rtasidagi qarama-qarshilik avjiga chiqqan davr. Salib yurishlari qizg‘in pallaga kirgan, janglar Ispaniyadan tortib O‘rta yer dengizi bo‘ylab Sitsiliya oroligacha, Vizantiya imperiyasi, Yaqin Sharqdan Kavkazgacha bo‘lgan juda katta hududda davom etayotgan edi.
VII asr o‘rtalaridan boshlangan arab qo‘shinlari zarbasidan tiklanib olgan Yevropa o‘ch olishga, har ikkala dinda muqaddas hisoblanadigan Quddus shahrini qaytarib olishga otlangan, ammo jiddiy qarshilikka uchrayotgan edi.
Misrdan sharqdagi hududlar nasroniylarning asosiy dushmani Saljuq imperiyasi edi. Turkmanlarning ajdodlari – turk-o‘g‘uzlar tomonidan asos solingan davlat XI asr o‘rtalaridan Islom dunyosida hukmronlik qila boshladi. 1097 yilda Sulton Ahmad Sanjar rasman Saljuq imperiyasi taxtiga o‘tirdi. 1118 yilda jiyani Mahmudni mag‘lub etib, hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida jamladi va davlatni mustahkamlash ishlarini boshladi.
Sanjar Markaziy Osiyoda o‘ziga qarshi bir necha marta isyon ko‘targan xorazmshoh Otsizni jilovladi. G‘arbiy Qoraxoniylar davlati poytaxti Samarqandni ham o‘z ta’siri ostiga oldi.
Saljuq imperiyasining markazi Xuroson o‘lkasi – hozirgi Eron, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari tutashgan hudud edi.
Eronlik tarixchi Abu Bakr Rovandiy talqiniga ko‘ra, Sanjar og‘ir-bosiq hukmdor, janglarda esa mohir sarkarda edi. U kamtarona hayot kechirib, davlat g‘aznasi haqida qayg‘urardi. Uning hukmronligi muvaffaqiyatli kechayotgandi, toki Sharqdan kutilmagan mehmonlar kelmaguncha.
Qoraxitoylar va gurxon multimadaniyat misoli sifatida
XII asrda Xitoyda kidonlarning Buyuk Lyao imperiyasi shakllanib, Uzoq Sharqqa, Baykal ortiga, Mo‘g‘uliston va Oltoyga tarqalib, Sharqiy Osiyoda qudratli kuchga aylandi. Ammo keyinchalik Sun imperiyasi va chjurchjyenlar ittifoqi hujumiga dosh berolmadi. Ularga qarshi kurashda imperator avlodlaridan bo‘lmish Yelyuy Dashi o‘zini qobiliyatli sarkarda va ustomon diplomat sifatida namoyon eta oldi. Biroq 1124 yilda chjurchjyenlardan mag‘lubiyatga uchrab, yangi vatan izlab g‘arbga qochdi.
Yelyuy Dashi yo‘l-yo‘lakay mahalliy turk qabilalari vakillaridan 30 minglik lashkar to‘pladi. Uyg‘ur xoni Bilge bilan hamkorlik o‘rnatib, uning homiyligida hozirgi Qozog‘iston hududiga o‘tdi.
Yelyuy Dashi qoraxoniylarning sharqiy poytaxti Bolasog‘unni deyarli qarshiliksiz egalladi. Shu vaqtdan boshlab g‘arbga ko‘chib o‘tgan kidonlar «qoraxitoylar» nomini, Yelyuy Dashi esa gurxon (teng huquqli qabilalar ittifoqi hukmdori) faxriy unvonini oladi. Dunyo siyosiy xaritasida Qoraxitoylar nomi bilan yangi davlat paydo bo‘ladi. U hozirgi uyg‘ur Shinjonidan Sirdaryogacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi.
Qoraxitoylar davlatida turli-tuman madaniyat va din vakillari to‘planadi. Yelyuy Dashi bilan kelgan kidonlar asosan butparast-tangrichi bo‘lgan. Ular egallagan hududlarda esa Islom dini keng tarqalgan edi. Gurxon qo‘l ostidagi uyg‘urlar, qirg‘izlar, qarluqlar va naymanlar orasida moniylar va nasroniylar ham bo‘lgan.
Yelyuy Dashi konfutsiylik ta’limotini olgan bo‘lsa-da, majusiy sifatida qurbonliklar qilgan. Uning o‘g‘li va taxt vorisi esa nasroniylikka doxil Iliya ismini olgan. Gurxon musulmon hukmdorlariga yozgan xatlarini «Bismillo» bilan boshlagan. Qoraxitoylar davlatida diniy va madaniy bag‘rikenglik hukm surgan, bu borada hech kimga adovat qilinmagan.
Qatvon jangi
1137 yili qoraxitoylar Xo‘jand yaqinida saljuqlar vassali, Samarqandning qoraxoniy hukmdori Rukniddin Mahmudxon qo‘shinini tor-mor etishadi. Bu bilan Yelyuy Dashi Farg‘ona vodiysini nazoratga olib, butun Movarounnahrga, uning asosiy shaharlari Samarqand va Buxoroga tahdid qila boshlaydi.
Mahmudxon zudlik bilan saljuqlar hukmdori Sanjardan yordam so‘raydi. Sulton uning iltimosini yerda qoldirmasdan, g‘ayridinlarga qarshi urush e’lon qiladi. Qoraxitoylarga qarshi harbiy yurishga g‘azovot tusi berilgan bo‘lsa-da, saljuqlar Xitoydan Yaqin Sharqqa va Yevropaga eltuvchi asosiy savdo yo‘llarini qo‘ldan boy berishdan ko‘proq qo‘rqishadi.
Tarixchi Ibn al-Asirning yozishicha, Sanjar qoraxitoylarga qarshi 100 ming suvoriyni to‘plagan. Jangchilarni ko‘rikdan o‘tkazishning o‘ziga 6 oy vaqt ketgan. Rus tarixchisi Lev Gumilyov, «bu yerga yunonlar va salibchilarga qarshi urushlarda toblangan, o‘sha davrdagi eng yaxshi yarog‘lari bilan qurollangan, musulmon olamining eng yaxshi jangchilari to‘plangan edi», deb yozadi.
G‘arbiy Eron amiri Garshasp II va qoraxoniy Mahmudxon ham saljuqiylar safiga o‘z lashkarlari bilan qo‘shiladi. Yelyuy Dashi esa avvalroq Samarqand hukmdori bilan urishib qolgan qarluqlar bilan ittifoq tuzadi.
Ba’zi tarixchilar gurxonning askarlari sonini 300 ming deb baholashgan, ammo bu bo‘rttirish bo‘lishi mumkin. Katta ehtimol bilan qoraxitoy va ittifoqdoshlar qo‘shini soni 50 mingdan oshmagan. Umumiy hisobda 150 ming askar urush maydonida to‘plangan deb faraz qilinganda ham, bu o‘sha davrdagi ishtirokchilar soni bo‘yicha eng katta jang bo‘ladi. Masalan, Antokiya, Dirraxiy va Hittin janglarida askarlar soni 50 mingdan, Malazgirt va Didgori janglarida 100 mingdan oshmagan.
Qo‘shinlar Samarqand yaqinidagi Qatvon vodiysida, Darg‘om daryosining qirg‘og‘ida to‘qnash kelishadi.
Yelyuy Dashi raqibning ko‘p sonli ekanidan hayiqmaydi. U qo‘shinini 3 qismga ajratadi: markaz asosiy zarbani qabul qilib olayotgan paytda, qarluqlarning suvoriylaridan iborat qanotlar jang maydonini 2 tomondan aylanib o‘tib, raqibga orqadan hujum qilishadi. Saljuqlarni Darg‘om daryosi qirg‘og‘igacha siqib borib, qirib tashlashadi.
«Islom tarixida bundan ham katta jang bo‘lmagan, Xurosonda bundan ham ko‘p o‘ldirilganlar bo‘lmagan», — deb yozadi tarixchi Ibn al-Asir bu haqda.
Uning ta’kidlashicha, qoraxitoylar va «eng kuchli jangchilardan bo‘lgan» qarluqlar Darg‘om daryosi qirg‘og‘ini mag‘lub bo‘lganlarning murdalariga to‘ldirib tashlashgan. Sanjar 30 mingga yaqin askaridan ayrilgan, uning yaqinlari, oilasi, ko‘plab jangchilar asirlikka tushgan. Garshasp II o‘ldirilgan.
Qatvon jangidan keyin Yelyuy Dashi Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi hududlarni to‘liq nazoratga oladi. Keyinchalik asosiy raqiblardan biri Xorazmshoh Otsizni ham bo‘ysundirib, o‘lpon to‘lashga majbur qiladi.
Sanjar Samarqand ostonasidagi mag‘lubiyatdan tiklana olmaydi. 1157 yilda u vafot etadi, saljuqlar imperiyasi esa barham topadi. Hududda Islomning tayanch davlati o‘rnini Xorazm egallaydi.
Nasroniylar xaloskori «avliyo Yuhanno»ni izlab...
Yelyuy Dashining musulmonlar ustidan qozongan g‘alabasi haqidagi xabarlar Yevropaga o‘zgacha talqinda, geografik noaniqliklar bilan, bo‘rttirilgan holda yetib boradi. «Xushxabar» salib yurishida mag‘lub bo‘lgan nasroniylar tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olinadi, ularning shijoatini oshiradi.
Bu haqda birinchi bo‘lib nemis tarixchisi Otton Freyzingskiy «Imperator Fridrix amallari» nomli kitobida yozadi.
«Bir necha yillar oldin Fors va Armaniston ortida yashovchi, nasroniylikka e’tiqod qiluvchi avliyo Yuhanno ismli shoh Midiya va Fors hukmdorlarini mag‘lub etib, Dajla daryosigacha yetib bordi. Ammo daryoni kechib o‘tolmasdan, Sharqqa qaytib ketdi».
Yelyuy Dashi g‘alabasi haqidagi xabar Germaniya va Fransiya qirollarini ham ruhiyatini ko‘targan va ikkinchi salib yurishini boshlashiga sabab bo‘lgan. Salibchilar «avliyo Yuhanno» musulmon hukmdorlariga zarba berib, nasroniylar xaloskori va yordamchisi bo‘lishidan umid qilishgan. Biroq, yakunda bu yurish nasroniy ritsarlar orasidagi kelishmovchiliklar tufayli barbod bo‘lgan.
1177 yili Rim papasi Aleksandr III «sharqiy papa Yuhanno»ga uzun maktub yozadi. Ammo uning emissari Filipp Osiyodan na nasroniy shohini, na uning davlatini topgan, o‘zi ham dom-daraksiz yo‘qolgan.
Keyingi yillarda «avliyo Yuhanno» haqidagi mish-mishlar goh tinchib, goh uyg‘onib turgan. 1221 yili beshinchi salib yurishida ritsarlar orasida Sharqdan yana bir xaloskor kelayotgani, u forslar va boshqa musulmon davlatlarini mahv etib, Bag‘dod ostonasida turgani, xalifa qo‘shiniga zarba berishga tayyor ekani haqida mish-mishlar tarqalgan. Bu xabarlar asosli bo‘lgan. Ammo bu hukmdor musulmonlarga ham, nasroniylarga ham birdek qiron keltirayotgan Chingizxon edi.
«Avliyo Yuhanno»ni izlash jarayoni Yevropa va Sharq o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning shakllanishiga ham olib keladi. 1245 – 1289 yillar oralig‘ida Rim papasi va Fransiya qiroli Lyudovik IX tomonidan sharqqa uchta missiya yuborilgan. Ularga «Avliyo Yuhanno» podsholigini izlab topish vazifasi yuklatilgan. Ammo elchilar hech narsa topisholmagan, biroq mo‘g‘ullar bilan siyosiy aloqalarni o‘rnatilishiga sabab bo‘lishgan.
«Avliyo Yuhanno» afsonasi aynan Mo‘g‘ullar imperiyasi gullab yashnagan XIII asrda o‘z tarixiy rolini bajardi. Nasroniy hukmdorlar musulmonlarga qarshi janglarda mo‘g‘ullarni ittifoqdosh sifatida ko‘rishgan, ko‘magidan umidvor bo‘lishgan. Ularning ishonchi qisman oqlangan. Chingizxonning nabirasi Xulagu Yaqin Sharqda o‘z davlatini tuzib, nasroniylarga xayrixohlik qilgan. U ismoiliylarning «zabt etib bo‘lmas» Alamut qal’asini mahv etib, Bag‘dodni talon-toroj qilgan, hatto Damashqqacha yetib borgan. Ammo vatani Mo‘g‘ulistondagi voqealar tufayli harbiy yurishni to‘xtatib, orqaga qaytgan. Xulaguning sarkardasi, nasroniy Kitbuka esa deyarli Quddusgacha yetib borib, uning ostonasida mamluklar tomonidan mag‘lub etilgan.
Oradan yana yuz yillar o‘tib, Markaziy Osiyodan chiqqan musulmon hukmdori qudratli davlatlarni tor-mor etib, nasroniy olamiga bilvosita ko‘mak berib yuboradi. Vizantiya halokatini deyarli yarim asr orqaga surib, turk-usmonli qo‘shinlarini Yevropaga hujumini to‘xtatadi. Bu hukmdorning ismi Temur, barlos urug‘idan chiqqan Tarag‘ay o‘g‘li edi. Ammo uning hayotiga oid hikoyalar – alohida mavzu.
Nurmuhammad Said tayyorladi.