Biroq ko‘plab ekologlarning daraxtlarni ko‘proq ekishga bo‘lgan targ‘ibotlari bugungi kunda ba’zi olimlar tomonidan tanqid qilinmoqda.
Bu esa atmosferadagi karbonat angidrid miqdorini kamaytirish uchun yangi, yuqori sifatli va keng ko‘lamli yechimlarga talabni oshirmoqda. Bunda yechim har qanday shakl va o‘lchamda tabiiy va sun’iy bo‘lishi mumkin.
Uglerod neytralligi – kompaniya o‘z ishlab chiqarish faoliyatida atmosferaga karbonat angidrid va boshqa gazlarni chiqarish miqdorini nolga tushirganini yoki bu chiqindilarni manfiy uglerodli loyihalar orqali kompensatsiya qilganini anglatadi.
Uglerod neytralligiga erishishning 3 ta asosiy usuli bor:
- atmosferaga chiqindilar miqdorini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga - suv, quyosh yoki shamol energiyasiga o‘tish;
- karbonat angidridni havodan so‘rib olish;
- karbonat angidrid miqdorini kamaytiruvchi loyihalarga sarmoya kiritish orqali kompensatsiya qilish.
Planetaning yangi «o‘pka»lari
Britaniyaning Brilliant Planet kompaniyasi uglerodni ushlab qoluvchi, karbonat angidridni atmosferadan tonnalab so‘rib oluvchi yangi texnologiyani ishlab chiqdi. Kompaniya uglerodni ochiq osmon ostida sun’iy tarzda yaratilgan, dengiz bo‘yidagi sahroda joylashgan havzalar orqali ushlab qolmoqchi.
Ushbu ko‘llar fotosintezlovchi suv o‘tlariga to‘ldirilgan. Ular karbonat angidrid gazini atmosferadan daraxtlarga qaraganda ancha ko‘p miqdorda so‘rib oladi. Britaniyalik olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, suv o‘tlari uglerodni tropik o‘rmonlarga qaraganda 35 barobar tez yutadi, okeanlarda dunyodagi uglerod zaxirasining 10 foizini saqlab turadi va uni ming yillar davomida xavfsiz qoladigan qatlamlarga yig‘adi.
Shuningdek, suv o‘tlari dengiz jonivorlari va baliqlarning 20 foiziga boshpana vazifasini bajaradi. Ular to‘lqin energiyasini yutib, qirg‘oqlarni yemirilishdan saqlaydi, kislorod ishlab chiqadi va dengizni zararli moddalardan tozalashga ko‘maklashadi.
Yangi texnologiyaning farqlari
Brilliant Planet yondashuvi bir qancha afzalliklarga ega. Birinchidan, jarayonda chuchuk suv ishlatilmaydi, ya’ni planeta suv resurslariga ortiqcha yuklama bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ko‘llar sahroda joylashtiriladi, kam ishlatiladigan tabiiy resurslardan foydalaniladi. Bu jarayon shuningdek, dengiz qirg‘og‘idagi suvlarni sho‘rsizlantirish imkonini beradi.
Ammo eng muhimi, Brilliant Planet yondashuvi iqtisodiy samarali va yakuniy ko‘rsatkichlarni hisoblash va tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa atmosferaga chiqindilarni kompensatsiya qilishga intilayotgan kompaniyalar muammolarini hal qilishda muhim ahamiyatga ega.
«Iqlim o‘zgarishi muammosini tabiiy yechimlari odatda juda katta ko‘lamli va iqtisodiy tomondan samarali hisoblanadi, ammo bu usulda so‘rib olinadigan uglerod miqdorini o‘lchash, baholash juda qiyin», - deb izoh berdi Brilliant Planet bosh direktori Adam Teylor. — Boshqa tomondan olib qaralsa, havodan uglerodni so‘rib olish kabi sun’iy yechimlar o‘lchashni osonlashtiradi, biroq bu texnologiya juda qimmat», — deb qo‘shimcha qildi u.
Teylorning ta’kidlashicha, kompaniya ushbu talablarni bajarish usulini topgan, loyiha yakuniy natijalarni o‘lchash, baholash, tahlil qilish imkonini beradi.
Yangilikning muhim jihatlari
Iqtisodiyotning juda ko‘p sohalarida uglerod neytralligiga erishish ilojsiz, masalan, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish va h.k. Aynan shu tufayli, uglerodni juda ko‘p miqdorda atmosferadan so‘rib olish zarurati tug‘iladi. Bu sohalar atmosferaga zararli chiqindilarni kompensatsiya qilish imkonini beruvchi samarali yechimlarga muhtoj.
Brilliant Planet kabi innovatorlar uglerodni tez va arzon tarzda so‘rib olish, uning miqdorini o‘lchash va baholash imkonini beruvchi texnologiyani taklif qilmoqda.
Bu muammoning hal etilishi nafaqat planetaga yordam beradi, balki biznes uchun ham ko‘plab imkoniyatlarni tug‘diradi. Kompaniyalar barcha sifat standartlariga rioya qilgan holda, uglerodni so‘rib olishning samarali vositasidan foydalana olishadi.
Nurmuhammad Said tayyorladi.