Yigirmanchi asrda Turkistonni qoloqlikdan qutqarib, odamlarni savodli qilishga bel bog‘lagan jadidchilik harakati namoyandalari yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborib mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan kadrlar yetishtirishni maqsad qiladi.
Shu maqsadda 1922 yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Ular orasida bor-yo‘g‘i 2 nafar qiz: Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonovalar bor edi.
Kun.uz ilk bor chet el ta’limini olgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar va ularning ayanchli tarixi haqida adabiyotshunos olim, jamoat arbobi Naim Karimov bilan suhbatlashdi.
Orzudagi mustaqil davlatni boshqarish uchun kadrlar kerak edi
20-asr boshlarida mamlakatimiz Turkiston deb atalardi. Bu davrda Turkistonda jadidchilik – milliy uyg‘onish harakati boshlandi. Xalqning turmush tarzi, madaniyati, fan, san’ati nihoyatda og‘ir ahvolda edi. Turkiston – Chor Rossiyasi mustamlakasi edi, jadidlar mustamlaka zanjirlarini parchalash uchun bolalarni, yoshlarni o‘qitish, zamonaviy fanlarga o‘rgatish kerak degan qarorga kelishadi. Ularning bu rejalari qatorida yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborish ham o‘rin olgandi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Agar biz diniy ulamolarni tayyorlab chiqarmoqchi bo‘lsak, Arabiston, Misrga yoshlarni yuborishimiz kerak. Agar zamonaviy fanlar, texnikani rivojlantirishni maqsad qilsak, unda Yevropa mamlakatlariga talabalarni yuborishimiz kerak”, degan shior bilan chiqqan. Bu shiorni amalga oshirish uchun hali vaqt pishib yetilmagan edi.
1917 yilda Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati tuziladi, lekin harbiy tomondan zaif muxtoriyat biroz o‘tib qonga botiriladi. Shundan so‘ng yurtda sovet hukmronligi o‘rnatiladi. Mana shu orada O‘zbekistonda “Bilim hay’ati” tuziladi. Tashkilotning asosiy maqsadlaridan biri talabalarni chetga o‘qishga yuborishdan iborat edi.
Tashkilot a’zolari: “Har yili 70 nafar talabani xorijga o‘qishga yuborsak, yaqin orada mustaqillikka erishishimiz mumkin va mustaqil O‘zbekistonni boshqara oladigan kadrlar yetishib chiqadi”, deb ishonishgan. Shunday qilib 1922 yilda ilk marta talabalarni o‘qishga yuborish rejasi amalga oshadi. O‘sha vaqtda Turkiston hukumati ixtiyorida Buxoro amiridan qolgan oltinlarning bir qismi bor edi, xazinaning asosiy qismi Rossiyaga tashib ketilgandi.
1922 yilda 70 nafar talaba Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. U payti hali yigitlar o‘zining shahridan boshqasiga, qizlar esa, ehtimol, mahallasidan nariga o‘tmagan edi. Ular o‘zbek tilidan boshqa tilni ham bilishmagan hatto.
“O‘rta Osiyodan tuyalar, eshaklar keldi”
Yoshlar orasida o‘qishga ketgan Vali Qayum ismli talabaning keyinchalik xotirlashicha, Abdurauf Fitrat talabalar o‘qishga ketishidan oldin o‘ziga yaqin bo‘lgan shogirdlarini to‘plab Samarqanddagi Amir Temur hilxonasiga olib borib, ularning va’dasini oladi. Mazmuni quyidagicha edi: “Biz yosh o‘zbek yigitlari Germaniyaga borib, sanoat, aniq fanlar, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib kelib, butun hayotimizni O‘zbekiston ravnaqi uchun sarflaymiz”.
Ular Germaniyaga borgach, birdaniga ta’lim muassasalariga qabul qilinishi qiyin edi. Sababi til bilishmasdi. Ilk bor o‘zbekistonlik talabalar Germaniyaga yetib borib poyezddan tushishganda Rossiyadan borib shu davlatda o‘qiyotgan talabalar oq, qizil bayroqlar ko‘tarib olib “O‘rta Osiyodan tuyalar, eshaklar keldi”, deb kelgan yoshlarni haqorat qilib, nemislarda bizning talabalarga nisbatan nafrat uyg‘otishga harakat qilgan.
Vatandosh talabalar nemis oilalariga taqsimlab beriladi va ular nemis tilini o‘rganishadi, oilalarning ularga mehri tushadi. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik talabalar turli ta’lim muassasalariga o‘qishga joylashtiriladi.
Chetda o‘qigan birinchi o‘zbek qizlari
Germaniyaga o‘qishga ketgan talabalar orasida 2 nafar qiz bor edi: Xayriniso Majidxonova va Maryam Sultonmurodova.
Xayriniso Majidxonova Toshkentda o‘zbek xalqining ziyolilari bilan bitta ko‘chada yashagan. Otasi Majidxon ham ziyoli inson edi. Xayriniso otasi ziyoli inson bo‘lgani sabab Munavvarqori Abdurashidxonov ochgan jadid maktabida savodi chiqadi. Yangicha usulda ta’lim olgani uchun ham Germaniyada ta’lim olishga unchalik qiynalmagan bo‘lishi mumkin.
Xayriniso Germaniyada dastlab texnikumda, keyin esa universitetda tibbiyot va bolalar pedagogikasi yo‘nalishlarida tahsil oladi.
“Ezilgan millatlar, qorong‘ilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukrlar bo‘lsunkim, menga nasib bo‘lmish”, deb xursand bo‘lgan edi Xayriniso Majidxonovaning otasi.
Hali yoshlar Germaniya tahsilini davom ettirayotgan paytlarida sovet hukumati bir bahona bilan ularning stipendiyasini to‘xtatib qo‘yadi. Shundan so‘ng yoshlar moddiy qiyinchiliklar bilan tahsilni davom ettirishadi.
Talabalar Germaniyadan qaytgach, “Ular Yevropaning ta’siriga tushgan, Rossiyani yomon ko‘radi”, degan ayblovlar bilan qamoqqa olina boshlanadi. Hibsga olinganlar orasida Xayriniso Majidxonova ham bor edi, uning Germaniyadan olib kelgan hamma materiallari yoqib yuboriladi.
Xayriniso Majidxonovaning yondirilgan kitoblari orasida Germaniyadan olib kelingan tibbiy asarlar, bolalar kitoblari bilan birga Gyote, Shillerning nemis tilidagi kitoblari, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi buyuk o‘zbek shoir va yozuvchilarining o‘zbek tilidagi asarlari ham bor edi. Xayriniso Majidova qora ayblovlar bilan otuvga hukm qilinadi. Hukm 1938 yil 9 oktyabrda ijro etiladi.
Xayriniso Majidxonovaning jiyani u haqida shunday xotirlaydi: “Xayriniso xolamning orzulari katta edi. Xolam Germaniyadan keltirgan tibbiyotga oid turli qo‘llanmalarni nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishga kirishgan, ilmiy tadqiqotlarini boshlagan edilar”.
Xayriniso Majidxonova 1999 yilga kelibgina to‘la oqlanadi.
Ilm olib kun ko‘rmagan yana bir Turkiston qizi
Xayriniso Majidxonova bilan birga Germaniyaga o‘qishga ketgan qizlardan yana biri – Maryam Sultonmurodova edi.
U xorazmlik Jumaniyoz ismli ziyoli insonning qizi edi. Bu odam Xiva xonligidagi davlat to‘ntarishida qatnashib, bu yerda jadidlar hukmronligini o‘rnatish orzusi bilan yashagan. Shu sabab qamoqqa olinadi va o‘ldiriladi. Maryam ilg‘or kishining qizi bo‘lgani uchun tatar maktabida o‘qiydi va 1911 yilda Toshkentdagi tatar maorif institutiga o‘qishga kiradi. 1922 yilda 70 talaba orasida Germaniyaga o‘qishga ketadi.
Maryam Sultonmurodova jurnalistika sohasida mutaxassis bo‘lib yetishadi, nemis adabiyotini chuqur o‘rganadi.
O‘zbekistonga qaytgach bir muddat maorif boshqaruvi tizimida, jurnalistika sohasida ishlaydi, nemis tilidan tarjimalar qiladi. 1937 yilda esa Germaniya ta’limini olib kelganlarni qamash boshlangach, Maryam Sultonmurodova birinchilardan bo‘lib qamoqqa olinadi. Uning qo‘lida yosh bolasi bor edi.
Bu haqda o‘zi shunday eslaydi:“1937 yilgi tergovdagi ko‘rsatmalarni tasdiqlamayman. Shaxsan o‘zim bunday ko‘rsatma bermaganman. Meni tergov qilgan chog‘larida qaydnomaga imzo chekishga majbur qildilar. Lekin unda nima yozilganligini o‘qimaganman, o‘qishga berishmagan ham. Bu hujjatlarning mazmuni bilan tanishishga ixtiyor bildirganimda, “bolangni olib qo‘yamiz”, deb qo‘rqitishdi”.
1939 yilda Maryam Sultonmurodovaga 10 yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Jazoni avvaliga Toshkent, keyin Qozon va Moskva yaqinidagi Suzdal turmalarida o‘tagan, undan so‘ng uzoq sharqqa yuborilib, qurilishda ishlatilgan.
Maryam Sultonmurodova 10 yillik qamoqni tugatib chiqqach ham, 1949 yilda yana qamoqqa olinadi, bu safar Krasnoyarskka surgun qilinadi. Stalin o‘limidan so‘ng 1957 yilga kelibgina tinmay murojaat qilaverib, o‘zining aybsiz qamalganini isbotlashga muvaffaq bo‘ladi.
Hayoti ta’qib, chetlatishlar bilan o‘tgan Maryamga Xorazmda ish berishmaydi, uni sig‘dirishmaydi. Shundan so‘ng u chekka qishloqqa ketib, o‘sha yerda kasalxona ochib odamlarga yordam berish bilan hayot kechiradi.
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.