“Asosiy maqsadim – xususiy universitet ochish” - noshir qiz bilan suhbat

Jamiyat 21:27 / 30.04.2022 25691

Sohibjamol Kattayeva – 24 yoshda, u 1 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Factor books” nashriyoti direktori. Kitoblar orqali millatni ziyoli qilishni asosiy maqsadlaridan biri deb biladi. Sohibjamol – “Mikrofon qizlarda” ruknining navbatdagi qahramoni.

Jurnalistikaga kirish va jurnalistikadan sovish

Surxondaryo viloyati Termiz shahridanman. Ziyoli oila farzandiman: oilada xohishlarimiz hamisha hurmat qilingan.

Yaqin qarindoshlarimiz orasida birinchi bo‘lib Toshkentga o‘qishga kelishni qat’iy maqsad qilgandim. Boshida uydagilarim Toshkentga borishimga qarshi bo‘lishdi, biroq keyin qo‘llab-quvvatlashgan. Shunday qilib O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Fakultetimizda amaliyotga alohida ahamiyat berilardi, shuning uchun 2-kursdan boshlab “Jamiyat” gazetasiga amaliyotga bora boshlaganman. Bu yerda jurnalistik materiallar tayyorlash bilan birga grafik dizaynni ham o‘rgandim.

3-kursda esa ma’lum muddat internet jurnalistikasida ishlab o‘zimni sinab ko‘rdim. Garchi jurnalistik material tayyorlash uchun salohiyatimni yetarli deb bilsam-da, jurnalistga xos xarakter o‘zimda yo‘q ekanini sezib, bu kasbdan sovish paydo bo‘lgan.

Shundan so‘ng oldin qiziqish, hunar deb bilgan dizayn sohasi ko‘proq men uchun ekanini anglaganman.

Dizayndagi ilk faoliyat

Mana shundan keyin jurnal tahririyatiga ishga kirib, ularni dizayn qilish bilan band bo‘ldim. Jurnallar dizayniga o‘zgartirish kiritishga harakat qilganman. Biroq men jurnalda dizayndan boshqa kattaroq muammolar borligini, bosma nashrlarni yetkazib berishda katta muammolar borligini anglaganman. Bosma nashrlarni O‘zbekiston bo‘ylab tarqatishni yo‘lga qo‘yishga oid loyiha ishlab chiqib, ustozlarga ko‘rsatgandim, biroq ular buni unchalik qo‘llab-quvvatlashmagan.

Hozir ham nashrlarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchi logistika markazi ochish rejalarimda bor.

“Toshkentga qaytmaysan”, deyishgandi...”

Bakalavrni tugatayotgan yilim karantin boshlanib, uydagilar Termizga qaytishimni qat’iy talab qilishgan. O‘qishlarimiz ham onlayn tugadi. Men esa Termizda qoldim. Biroq magistraturaga o‘qishga topshirish va Toshkentga qaytish niyatim bor edi. Shuning uchun hech kimga aytmasdan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining dizayn, matbaa sohasiga aloqador yo‘nalishiga hujjat topshirib, o‘qishga qabul qilindim.

Bir necha oylik onlayn darslardan so‘ng o‘qishlar an’anaviy shaklga o‘tgani bahonasi bilan yana Toshkentga keldim va shu yerda bosmaxonada dizayner sifatida ishlay boshladim.

Mustaqil nashriyot ochdim

Bu yerdagi faoliyatim davomida bosmaxona to‘liq ishlashi uchun o‘z mustaqil nashriyoti ham bo‘lishi kerakligini tushunganman va buni bosmaxona direktoriga taklif qildim. Buni qilish menga topshirildi. Qisqa paytda oldin bor bo‘lgan firmani qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazib ishlarni boshlab yubordik. Nashriyot to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazilib ulgurmasdan ilk marta turk tilidagi kitobni tarjima qilib chop etish ishlarini boshlab yuborgandik. Marketing va sotuv ishlari bilan ham o‘zim shug‘ullandim.

Bir necha oydan so‘ng ustozlarimdan biri ko‘magida nashriyotimiz bosmaxonadan mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi. Shahar markazidagi qulay ofisga joylashib ish boshladik. Hozirgacha 15 ta kitob chop etishga ulgurdik.

Nashriyot ilk ish boshlaganda xodimlar yo‘qligi sababli hamma vazifani o‘zim qilishimga to‘g‘ri kelgan: muharrir, korrektor, sahifalovchi dizayner, marketing menejyeri, ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilgan so‘rovlarga javob beruvchi administrator, kurer, xullas, hamma ishni qildim. Hozir nashriyotda 10 nafar xodim ishlayapti, vaqtida ular bajarayotgan ishlarni qilib ko‘rganim uchun ishni baholash, dedlayn qo‘yish kabilarda menga juda asqatyapti.

Xususiy universitet ochish rejasi

Mening rejalarim nashriyot ochib kitob chiqarishdan tashqari turli kitobxonlik loyihalarini ham doimiy tashkillashtirib borish edi. Hozir imkon boricha mana shu usulda ishlayapmiz, o‘zimizga tegishli loyihalarimiz bor.

Nashriyot ishini boshlaganimda katta pul topishni maqsad qilmaganman. Shuning uchun ortiqcha daromadimiz ko‘proq bo‘lsa, uni, albatta, yangi loyihalarga sarflashga harakat qilaman.

Nashriyotdan tashqari logistika markazi, o‘quv markazi, xususiy maktab ochishni reja qilganmiz. Bu rejalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish orqali esa eng asosiy maqsadim – xususiy universitet ochish.

Eng muhimi, Allohdan millatga ma’rifat ulashadigan yo‘lda bo‘lishni so‘rayman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: