“Identifikatsiya kodi bo‘lmagan tovarni sota olmaydigan tizim joriy qilyapmiz” – Soliq qo‘mitasi mas’uli

Iqtisodiyot 13:34 / 29.04.2022 26637

Davlat soliq qo‘mitasi mahsulotlarning identifikatsiya kodlariga oid yangi tartib ustida ishlamoqda. Bu haqda 29 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi.

“Mahsulotlarning identifikatsiya qilish kodlari yaratildi. Bu tajriba rivojlangan davlatlarda bor. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda yaxshi tajriba bo‘lgani uchun respublika bo‘ylab joriy qildik. Bugungi kunda bazaga 255 mingta identifikatsiya kodi kiritilgan, bu to‘xtab qoladigan raqam emas, iqtisodiyot rivojlangani sari yangi tovarlar, xizmat turlari paydo bo‘ladi. Bu mahsulotlar yangi kodlar, raqamlar paydo bo‘lishini anglatadi. Bu o‘z navbatida yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qiladi. Shunday xizmatni yo‘lga qo‘ymoqchimizki, qaysidir xo‘jalik yurituvchi sub’yekt kirimi mavjud bo‘lmagan tovari bo‘lsa, aynan shu identifikatsiya kodlari orqali tizimning o‘zi solishtirib korxona kirimi bo‘lmagan tovarlar sotishini cheklab qo‘yadi”, dedi u.

Jahongir Abdiyevga ko‘ra, bu tadbirkor kirim bo‘lmagan tovarni sotib jarima to‘lashining oldini oladi.

“Bu bilan tovarni keyingi oladigan xaridorga Soliq kodeksimiz bo‘yicha soliq organi tomonidan tuzatish kiritish vakolati doirasida soliq to‘lovchi o‘zi olgan tovari uchun asossiz jarima qo‘llanishining oldini olyapmiz. Kirim bo‘lmagan tovarni sotdi emas, o‘sha tovarni sota olmasin. MXIK kodi bo‘lmagan tovarni sotib, keyin jarima qo‘llagandan ko‘ra, shu tovarni umuman sota olmaydigan tizim joriy qilmoqchimiz”, ta’kidladi DSQ mas’uli.

Eslatib o‘tamiz, tovarlar shtrix kodi mahsulotlarning unifikatsiyalashgan nomiga bog‘lab qo‘yilishi 2021 yilning iyun oyidan boshlangandi. Yangi tartibga ko‘ra, shartnomalar portalida ro‘yxatdan o‘tgan shartnomalar asosida mahsulotlar (tovar va xizmatlar) nomlari va identifikatsiyalash kodlarini hisobvaraq-fakturalarda avtomatlashtirilgan tarzda aks ettirish majburiy bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: