Messidan shedevr, Ronaldudan yubiley gol, ikki ligada chempionlar nomi aniq. Kun o‘yinlari yakunlari

Sport 12:13 / 24.04.2022 35147

«PSJ» Fransiyada yana tengsiz, «Bavariya» esa — Germaniya chempionligini hech kimga bermadi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Angliya: Jyezusning benefisi

Manchester Siti – Uotford 5:1
Gollar: 1:0 – 4 Gabriel Jyezus, 2:0 – 23 Gabriel Jyezus, 2:1 – 28 Kamara, 3:1 – 34 Rodri, 4:1 – 49, penalti Gabriel Jyezus, 5:1 – 53 Gabriel Jyezus.

Umuman olganda, bu o‘yinda kim g‘alaba qozonishi oldindan aniq edi va «Manchester Siti» APLning yangi rekordini o‘rnatdi. Bir raqibga qarshi qatorasiga 15 o‘yinda g‘olib bo‘lishni bungacha hech bir jamoa uddalamagan. Endi Xosep Gvardiola jamoasi «Liverpul» «Everton»ga qarshi Mersisayd derbisida qoqilishini kutadi. Bu o‘yinda qanday natija qayd etilsa ham, «shaharliklar» turnir jadvalidagi yetakchilikni saqlab qoladi.

«Etihad»dagi asosiy voqea — Gabriel Jyezusning o‘yini bo‘ldi. O‘yin arafasida bir necha manbalar braziliyalik forvard Gvardiolaning keyingi rejalariga kirmayotgani va u yozda transferga qo‘yilishi haqida xabarlar tarqatgandi. Buning ortidan Jyezus allaqachon «Arsenal» bilan muzokaralarga kirishgani haqida xabarlar chiqdi, ammo bu shov-shuvlar forvardni ilhomlantirib yuborgan. To‘rt gol va bir golli uzatma — bu fantastika. O‘yindagi beshinchi yana bir golni urgan Rodrining zarbasi esa uzoq «to‘qqizlik»ka borib tushdi.

Arsenal – Manchester Yunayted 3:1
Gollar: 1:0 – 3 Nunu Tavaresh, 2:0 – 32, penalti Saka, 2:1 – 34 Ronaldu, 3:1 – 70 Jaka.
Arsenal – Remsdeyl, Soaresh, Gabriel, Uayt, Nunu Tavaresh, Jaka, El-Nenni, Edegor, Smit-Rou (Martinelli, 64), Nketia, Saka (Holding, 74).
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot, Varan, Lindelef, Telles, Matich (Reshford, 77), Brunu Fernandesh (Mata, 84), Maktomini, Ronaldu, Sancho, Elanga (Lingard, 77).
Ogohlantirishlar: Telles (31), Jaka (67), Nunu Tavaresh (68), Brunu Fernandesh (76), El-Nenni (80), Lindelef (82). 
Noaniq penalti: Fernandesh, 57.

«Arsenal» hafta o‘rtasida «Chelsi»ga qarshi London derbisiga mavsumda ikkinchi bor qatorasiga uch mag‘lubiyatdan iborat seriya bilan yetib kelgandi, ammo sensatsiya ko‘rsatib, «Stemford Bridj»da g‘alaba qozondi (4:2) va top-4 uchun poygada qoldi.

«Manchester Yunayted»dagi vaziyat esa ma’lum. Futbolchilar va klubning boshqa vakillari hozirdanoq matbuotda bo‘lajak bosh murabbiy Erik ten Hagni muhokama etmoqda, o‘tgan turda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda esa yangi tug‘ilgan farzandi vafot etgan Krishtianu Ronaldu o‘ynamadi va jamoa yirik hisobda yutqazdi (0:4). «Kanonirlar»ga qarshi o‘yinga portugaliyalik yulduz qaytdi. «Arsenal» muxlislari, bir necha kun oldin «Enfild»dagi fanatlar qilgani kabi o‘yinning 7-daqiqasi o‘tib borayotganida 37 yoshli forvardni qo‘llab-quvvatlash uchun qarsak chalishdi.

Ammo bu vaqtga kelib Ronaldu o‘yindagi vaziyat tufayli jahlga minib bo‘lgandi. Londonliklar 3-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Beshafqat tanqid qilingan Harri Maguayr zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgandi, ammo usiz ham «qizil iblislar» himoyasida qanotdan uzatmadan keyin to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazib yuborishni uddalaydigan futbolchilar topildi. Narigi qanotdan kelgan uzatmani qabul qilib olgach, Bukayo Saka David De Xea darvozasining o‘ng burchagini nishonga oldi, ispaniyalik posbon zarbani to‘sdi, ammo «MYu» himoyachilari qaytgan to‘pni ham uzoqlashtira olishmadi va Nunu Tavaresh APLdagi birinchi golini urdi.

Yoqimsiz startga qaramay, «Manchester Yunayted» «Liverpul» bilan o‘yindagi kabi umidsiz ko‘rinmasdi. Aksincha, 10-daqiqagacha mehmonlarda hisobni tenglashtirish uchun ikki bor imkoniyat yuzaga keldi. Entoni Elanganing zarbasini Aaron Ramsdeyl qaytardi. Biroz o‘tib «Arsenal» posboni to‘pni uzatishda xatoga yo‘l qo‘yib, uni Bruno Fernandeshga topshirdi, ammo Gabriel portugaliyalik yarimhimoyachining zarbasi yo‘liga tashlanib, darvozaboni joniga ora kirdi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «MYu» tarkibidagi uchinchi portugaliyalikda gol urish imkoni bo‘ldi. Diogu Dalotning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi londonliklar darvozasi to‘siniga tegdi. Javob hujumida esa Eddi Nketia De Xea bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo uning zarbasi oddiy chiqdi va to‘p darvozabonning o‘ziga bordi.

22 yoshli angliyalik futbolchining omadi kelib, ikki daqiqadan keyin yana «qizil iblislar» darvozaboni bilan yakkama-yakka holatda qoldi. Bu safar «Arsenal» forvardi osonlik bilan darvoza burchagini ishg‘ol etdi, ammo VAR uzatma berilgan vaziyatda ofsayd qayd etdi, ammo «MYu» futbolchilari xursand bo‘lishga ulgurishmadi, videoassistentlar bu uzatma muallifi Sakaga nisbatan folni qayd etishdi va jabrlanuvchining o‘zi 11-metrli zarbani aniq ijro etdi.

Maydonning o‘zi tomonida yo‘l qo‘yilgan qo‘rqinchli xatolarga qaramay, mehmonlar hujumda yomon ko‘rinishmadi. Javob goli uzoq kuttirmadi. Nemanya Matich chap qanotdan to‘pni jarima maydonida himoyachilar orasida turgan Ronaldu tomon uzatdi. Ramsdeyl to‘pni ilib olish uchun oldinga chiqmoqchi bo‘ldi, ammo so‘nggi lahzada ortga qaytishga qaror qildi va shu tufayli Krishtianu osonlik bilan hisobni qisqartirdi. Bu gol Ronaldu uchun APLdagi yuzinchi gol bo‘ldi. U bu golni kutilganidek vafot etgan o‘g‘liga bag‘ishladi.

Tanaffusgacha «kanonirlar» ustunlikni yana ikki to‘p farqiga yetkazishi mumkin edi, ammo vaziyatlardan foydalanilmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida «Arsenal» yo‘qotilgan vaziyatlar uchun to‘lov qilishi mumkin edi. Burchak zarbasidan keyin to‘p Tavareshning qo‘liga tegdi. Ammo Brunu Fernandeshning penaltidan yo‘llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib, maydonni tark etdi, bir necha daqiqadan keyin esa VAR yana «Manchester Yunayted»ga qarshi qaror qabul qilib, Krishtianu Ronalduning ikkinchi goli ofsayd tufayli bekor qilindi.

O‘yinning 70-daqiqasida «kanonirlar» baribir uchinchi golni urishdi. Granit Chaka jarima maydoni atrofida to‘pni egallab olib, kuchli zarba bilan darvozaning o‘ng burchagini aniq nishonga oldi. De Xea bu to‘pga yeta olmadi.

Ikkinchi bo‘lim birinchisi kabi yorqin voqealarga boy bo‘lmadi: Birinchi bo‘limda zarbalar bo‘yicha 11-11 hisobi qayd etilgandi, ikkinchi bo‘limda jamoalar 3-3 ko‘rsatkichini qayd etishdi. Ammo bu o‘yin haqidagi tasavvurga putur yetkaza olmaydi — jamoalar yaxshi shou uyushtirib berishdi.

«Arsenal» hamon top-4da, «Manchester Yunayted» esa, katta ehtimol bilan keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etmaydi: jamoa endi to‘rtinchi o‘rindan olti ochko ortda qolmoqda, bu o‘rinni egallab turgan «kanonirlar» bitta kam o‘yin o‘tkazishgan.

Brentford — Tottenhem 0:0
Brentford – Rayya, Yansson, Roerslev, Sorensen, Genri, Eriksen, Yyensen (Dasilva, 78), Yanelt, Goddos (Vissa, 78), Touni, Mbemo. 
Tottenhem – Loris, Emerson (Moura, 86), Dayyer, Devis, Romero, Sessenon (Sanches, 74), Hyoyberg, Bentankur, Son, Kulusevski, Keyn.
Ogohlantirishlar: Yansson (66), Sorensen (89), Bentankur (90).

«Tottenhem» yana pikka chiqa boshlagan «Arsenal» bosimi ostida qolmoqda, autsayderlarga qarshi o‘yinlarda yutqazgan jamoa uch kun ichida «Chelsi» va «MYu»ni mag‘lub etib, hamshaharlarini quvib o‘tib, to‘rtinchi o‘ringa qaytdi. Kristian Eriksen kelgach, butunlay boshqacha o‘yin namoyish eta boshlagan «Brentford» esa grandlarga g‘alaba kerak bo‘lgan o‘yinlarda eng yoqimsiz raqib vazifasini bajarmoqda. Bu o‘yin ham shuni tasdiqladi.

Keyn bu o‘yinda o‘z darvozasi chizig‘i ustida boshi bilan to‘pni qaytarib qolgani bilan yodda qolgani ham o‘yin qanday kechganidan darak. Agar uning «qaychi» uslubida yo‘llagan zarbasi golga aylanganida, forvard shubhasiz kechaning mutlaq qahramoni bo‘lgan bo‘lardi, ammo golga bir necha santimetr yetmadi, yo‘qotilgan ochkolar endi Chempionlar ligasi yo‘llanmasi taqdirini hal qilishi mumkin. Konte jamoasining qolgan besh turda keyingi uch o‘yindagi raqiblari - «Lester», «Liverpul» va «Arsenal». Arteta shogirdlari esa 12 may kuniga belgilangan hal qiluvchi o‘zaro o‘yinga qadar «Vest Hem» mehmoni bo‘ladi va «Lids»ni qabul qiladi.

Italiya: «Inter» — yana yetakchi

Inter – Roma 3:1
Gollar: 1:0 – 30 Dumfris, 2:0 – 40 Brozovich, 3:0 – 52 Martines, 3:1 – 85 Mxitaryan.
Inter – Handanovich, Dumfris, de Vrey, Shkrinyar, Dimarko (Bastoni, 64), Perishich (Gozens, 72), Brozovich (Galyardini, 72), Chalxano‘g‘lu, Barella, Jyeko (Korrea, 63), Martines (Sanches, 82).
Roma – Ruy Patrisiu, Karsdorp, Smolling, Manchini, Rojyer, Zalevski (Vinya, 78), Mxitaryan, Serjiu Oliveyra (Bove, 80), Pellegrini (Veretu, 64), El-Shaaravi (Karles Peres, 64), Abraham (Eldor Shomurodov, 78).
Ogohlantirishlar: Manchini (36), Brozovich (45), Serjiu Oliveyra (79).

«Inter» muxlislari klubga Chempionlar ligasi g‘olibligini taqdim etgan Joze Mourinoni qattiq hurmat qilishadi, ammo portugaliyalik mutaxassisning «San-Siro»ga so‘nggi tashrifi unga ijobiy hissiyotlar baxsh etmagandi. Fevral oyi boshida milanliklar «Roma»ni Italiya Kubogi chorakfinalida chiqarib yuborishgandi, shundan so‘ng murabbiy o‘z futbolchilarini top-raqiblardan qo‘rqishda ayblab chiqqandi.

Hozirda rimliklar ancha jasurroq ko‘rinishdi va vaqti-vaqti bilan xavfli hujumlar uyushtirishdi, ammo Mourino uchun bu o‘yindagi eng yoqimli lahza «neradzurri» muxlislari unga atalgan qo‘shiqni kuylashayotganida bo‘ldi. Maydonda esa «Roma» uchun deyarli hech qanday yaxshi voqealar ro‘y bermadi. Barchasi namunali hujum bilan boshlandi, uni o‘zi uchun noodatiy chap qanotda paydo bo‘lgan Dyumfris gol bilan yakunladi.

Bo‘lim yakunlanishi arafasida Brozovich chiroyli yurish qildi va himoyachilarni aldab o‘tib, «to‘qqizlik»ni aniq nishonga oldi, ikkinchi bo‘lim boshida esa Hoqon Chalxono‘g‘lining mavsumdagi o‘ninchi golli pasidan keyin Lautaro Martines qaytarib bo‘lmas zarba berdi va o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. O‘yin oxirida Eldor Shomurodovning chap qanotdan yurishi va Mxitaryanning golli pas bilan ta’minlashi jamoani yirik mag‘lubiyatdan qutqaruvchi taskin bo‘ldi.

«Roma»ning to‘rtinchi o‘rin uchun imkoniyatlari yanada pasaydi. «Inter» esa kamida «Milan»ning yakshanba kungi «Latsio»ga qarshi safar o‘yinigacha turnir jadvali yetakchisi bo‘lib oldi.

Germaniya: «Bavariya» gegemonligi davom etadi

Bavariya — Borussiya D 3:1
23 aprel, «Alyans Arena»
Gollar: Gnabri (15), Levandovski (34), Musiala (839  — Jan (52, penalti).
Bavariya – Noyyer, Pavar, Ernandes, Upamekano, Devis, Goretska, Gnabri (Musiala, 63), Kimmix (Zyule, 90+3), Myuller (Zabitser, 82), Levandovski (Shupo-Moting, 90+3), Koman (Sane, 82). 
Borussiya D – Hits, Akanji, Zagadu, Gerreyru, Jan, Brandt, Reyner (Bayno-Gittens, 67), Bellingem, Volf (Passlak, 88), Roys, Holand (Mukoko, 88).
Ogohlantirish: Jan (40).

«Bavariya» qatorasiga o‘ninchi mavsum chempionlik tituliga ega chiqdi. Kim uchundir bu fantastik statistika, boshqalar uchun — har bahorda takrorlanuvchi zerikarli voqea. Baribir myunxenliklar nemis klasikosida chempionlikni rasmiylashtirgani — alohida voqea. Lekin «Borussiya» shanba kungi o‘yin yodda qolarli bo‘lishi uchun ko‘p ish qilmadi. Chempion jamoa dortmundliklar fonida butunlay boshqa darajada ekani ko‘rinib qoldi.

O‘yinning dastlabki qismida burchak zarbasidan keyin Goretska to‘pni boshi bilan darvozabon hududiga emas, jarima maydoni chizig‘i atrofiga tashlab berdi, bu yerda esa Gnabri kuchli zarba bilan darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi. Bu uning joriy mavsumdagi 13-goli bo‘ldi, 14-goldan esa uni Komanning hujumning dastlabki bosqichida ofsaydga tushib qolgani mahrum etdi.

Golning bekor qilinishi «Bavariya»ning hujumlarni kuchaytirishiga sabab bo‘ldi va kuchli pressing ostida mehmonlar himoyasi yakson etildi. Myuller joriy mavsumda 17-bor golli uzatmani amalga oshirdi, Levandovski mavsumdagi 33-golini urdi. Polyak hujumchisi — sobiq jamoasi uchun haqiqiy dahshatning o‘zi, u bu jamoaga qarshi 26 o‘yinda 27 bor darvozani ishg‘ol etgan!

Dortmund tanaffusdan keyingina hujumkor o‘ynay boshladi. Noyyer Roysning hujumlarini to‘xtatish uchun ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi, Kimmix esa dastlab Bellingem bilan to‘p uchun kurashda penalti belgilanishidan qochib qoldi, ammo ko‘p o‘tmay mehmonlar sardorini jarima maydoni ichida yiqitdi. Nuqtaga yaqinlashgan Jan hisobni qisqartirdi, ammo mehmonlar muvaffaqiyatni rivojlantira olishmadi, Holand o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi, tashabbusni o‘ziga qaytargan «Bavariya» esa hisobni yiriklashtirishi mumkin edi, ammo Musialaning birgina goli bilan cheklandi. Yulian Nagelsmanning birinchi chempionlik o‘yini yuqori notada yakunlandi, endi u keyingi mavsumda Chempionlar ligasidagi xatolarni tuzatishga urinib ko‘radi.

Hafta o‘rtasida Germaniya Kubogi yarimfinalida Berlinning «Union» jamoasini mag‘lub etgan «Leypsig» tur o‘yinida bu jamoaga yutqazdi va Domeniko Tedesko jamoasining 15 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi to‘xtatildi. Kubok o‘yinida «Leypsig» hal qiluvchi golni qo‘shimcha daqiqalarda urgandi. Bu o‘yinda esa berlinliklar o‘yin yakunida burilish yasadi.

Kun qahramoni bo‘lgan 31 yoshli hujumchi Mixel bu mavsumgacha bundesliganing ikkinchi divizionida ishtirok etgan va joriy mavsumda faqat bir gol urgandi. Ammo u 85-daqiqada maydonga chiqib, darhol hisobni tenglashtirdi, keyin esa tovoni bilan bergan pasi orqali raqibni nokautga uchratdi. Endi — finishga qadar uch tur qolganida — «Union» «Leypsig» bilan oradagi farqni uch ochkoga qisqartirgan. «Frayburg» esa Menxengladbahning «Borussiya» klubiga qarshi o‘yinda qo‘shib berilgan uchinchi daqiqada g‘alabani boy berdi (3:3) va «Leypsig»ni quvib yetolmadi.

«Leypsig»ning mag‘lubiyatidan «Bayyer» foydalandi va uchinchi o‘ringa qaytdi, leverkuzenliklar safida eng yaxshi o‘yinchilardan biri O‘zmun bo‘ldi. Avvalgi turlarni o‘tkazib yuborgan eronlik hujumchi «Groyter»ga qarshi o‘yinda bundesligadagi ilk golini nishonladi, u darvozabonning ishonchsiz pasidan keyin to‘pni egallab olib, bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Bundan tashqari, u Paulino urgan golga assistentlik qildi.

Fransiya: Parij titulni o‘ziga qaytardi

PSJ — Lans 1:1
Gollar: 
Messi (68) — Jan (85).
PSJ – Navas, Hakimi (Di Mariya, 76), Ramos, Markinos, Kimpembe, Mendesh, Guyye (Danilu Pereyra, 81), Verratti, Messi, Neymar, Mbappe. 
Lans – Leka, Kloss (Machado, 73), Gradi, Danzo, Vu, Frankovski (Jan, 82), Fofana, Dukure, David Koshta (Ganago, 73), Sotoka (Said, 82), Kalimuendo (Aydara, 61).
Chetlatish: Danzo (57). 

Chempionlik tituliga yetishiga bir qadam qolgan, bu tur o‘yinida durang natija ham qanoatlantiradigan «PSJ» tanaffusga tribunalardagi hushtakbozliklar ostida yo‘l oldi. Juda shovqinli emas, ammo yoqimsiz va adolatsiz. Nima bo‘lganda ham turnir jadvalining yuqori qismida joylashgan «Lans» — oddiy raqib emasdi. Qolaversa, jamoa birinchi bo‘limda ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldi. Masalan, Neymar Mbappening tovoni bilan bergan pasidan keyin gol urolmadi, keyin esa fransuz forvardining o‘zi braziliyalik sherigining himoyachilar ortiga tashlab bergan ajoyib pasini yo‘qqa chiqardi.

Ikkinchi bo‘lim ham shu tarzda davom etdi, bo‘lim boshida raqib himoyachilari Mbappening zarbasini darvoza chizig‘ida qaytardi. Mehmonlarning muhim himoyachisi Danso chetlatilganidan keyin ham omad hadeganda kelavermadi. Avvaliga Serxio Ramos to‘pni Parij osmoniga qarata yo‘lladi. Bu o‘yinda futbol magiyasi talab etilardi va bu Messi «Barselona»da qilib yurgan ishini qilishi edi. U chap oyoqda yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni «to‘qqizlik»ka «mixladi» va Parijni chempionga aylantirdi. Endi Leoda ilk fransuz sovrini bor, ammo u Fransiyaga safar qilar ekan, ko‘proq narsani orzu qilgandi. «Park de Prens»dagi chempionlik o‘yinida qo‘lga kiritilgan bazo‘r durang esa — Maurisio Pochettinoning klubdagi kelajagini yanada quyuq bulut ichida qoldirdi.

Boshqa tomondan, argentinalik mutaxassis o‘z faoliyatida ilk bor chempionlik titulini qo‘lga kiritdi. Bu «PSJ» uchun o‘ninchi chempionlik bo‘ldi va «Marsel» quvib o‘tildi, parijliklar endi Fransiyaning eng sovrindor jamoalari qatorida «Sent-Eten» bilan bir xil natija ko‘rsatmoqda.

Ispaniya: «Betis» Kubokni qo‘lga kiritdi

Betis — Valensiya 1:1
Penaltilar seriyasi 
— 5:4.
Gollar: Iglesias (11) — Duro (30).
Betis – Bravo, Belerin, Bartra, Pesselya, Moreno (Miranda, 106), Kanales (Telo, 111), Karvalyu (Guardado, 102), Rodriges, Xuanmi (Xoakin, 86), Fekir (Ruibal, 111), Iglesias (Villian Joze, 102). 
Valensiya – Mamardashvili, Fulke (Musa, 100), Paulista, Alderete, Diakabi, Gayya, Gilyamon (Rachich, 85), Soler, Moriba (Korreyya, 79), Gedesh, Duro (Xil, 85).
Ogohlantirishlar: Paulista (5), Karvalyu (14), Pesselya (72), Gilyamon (74), Alderete (90+2), Korreyya (90+3), Iglesias (95), Soler (98), Telo (113).

«Betis» finaldagi favorit maqomini tasdiqladi va tezkor gol  urdi, Belerinning uzatmasidan keyin Borxi Iglesias hisobni ochdi. Ammo «Valensiya» tanaffusga qadar hisobni tenglashtirish uchun bo‘lim davomida bir zarba yo‘llashi yetarli bo‘ldi. Moribaning ajoyib pasini Duro golga aylantirdi va barchasi yana qaytadan boshlandi. «Betis» ketma-ket hujumlarida gol ura olmagan bo‘lsa-da, jamoaning ikki zarbasi darvoza to‘sini va ustuniga tegdi.

Ikkinchi bo‘limda jamoalar himoyaga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. O‘yin oxirida esa hujumkor kechdi, «ko‘rshapalaklar»ni Fekir ijrosidagi o‘ta kuchli zarbani qaytargan Mamardashvili qutqardi. Bir necha daqiqa o‘tib Bravo ham gruziyalik hamkasbidan qolishmagan holda seyv ijro etdi. Bu darvozabonlar o‘yinni avval overtaymlarga, keyin penaltilar seriyasiga olib o‘tishdi.

Lotereyada esa Musa xato zarba berdi. Manuel Pellegrini boshqaruvida o‘zgacha o‘ynay boshlagan «Betis» andalusiyalik muxlislarga 2005 yildan buyon ilk sovrinni keltirdi. Bu ularning uchinchi kubogi, 1977 yilda ham ular sovrinni penaltilar seriyasida yutib olishgandi.

Kun statistikasi

  • Niderlandiya chempionatida «Ayaks» safida 39 yoshda ham futbol o‘ynagan 1-futbolchi darvozabon Stekelenburg bo‘ldi.
  • Joriy asrda Bundesliga o‘yinida o‘zi gol urib, golli pas berib va o‘z darvozasini ishg‘ol qilgan 2-futbolchi «Ayntraxt» himoyachisi Ndika bo‘ldi.
  • APLda 5 nafar janubiy amerikalik futbolchilar poker qayd etishgan. «Manchester Siti» hujumchisi Gabriel Jyezus Angliya chempionatida uchta o‘yinda kamida to‘rt gol urgan Luis Suares va Serxio Aguero kampaniyasiga qo‘shildi.
  • «Bavariya»ning qatorasiga 10 chempionligi — top-5 ligalar uchun rekord, bungacha nemislar bu boradagi ko‘rsatkich bo‘yicha «Yuventus» bilan bir xil natija qayd etib turgandi.
Ko‘proq yangiliklar: