Dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik, tishlarni «qulflaydigan» innovatsion qurilma – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 12:44 / 24.04.2022 85295

Dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik

Foto: upi.com

Vetnamda dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik qurildi, deb xabar bermoqda UPI. Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan mazkur o‘tish joyi uzunligi 631 metrni tashkil etadi va 30 aprel kuni ochilishi rejalashtirilgan.

Bungacha Xitoyning Xunan provinsiyasidagi Chjansze (430 metr) dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik sifatida qayd etib kelinayotgandi.  

Sayyohlik hududi rasmiylarining ta’kidlashicha, baland va uzun shaffof ko‘prikni qurishda Fransiyaning St. Gobain kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan super temperli oynalardan foydalanilgan. Bax Long ko‘prigi bir vaqtning o‘zida 500 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

GM Rossiya bozorini tark etmoqda

Foto:  Kommersant’

Amerikaning General Motors avtokonserni Rossiya bozorini to‘liq tark etadi. Avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish to‘xtatiladi, Rossiyadagi ofis xizmatchilari esa ishdan bo‘shatiladi.

Bunga Rossiya hukumati tomonidan 11 martdan boshlab AQShdan «qimmat avtomobillar» importiga kiritilgan cheklov ham sabab bo‘lishi mumkin.

GM 2015 yilda Qrim annexia qilinishi fonida Rossiyada ishlab chiqarishni sezilarli darajada qisqartirgandi. Shundan so‘ng konsern AQShdan faqat qimmat Chevrolet va Cadillac modellarini yetkazib berayotgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida Rossiyada 266ta Chevrolet va 162ta Cadillac avtomobillari sotilgan.

Avvalroq UzAuto Motors ham Rossiyaga avtomobil eksportini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.

Ovqat ta’mini sho‘rroq his qilishga yordam beradigan “chopstik”lar

Foto: Reuters

Yapon tadqiqotchilari ratsionida natriy miqdorini kamaytirishga muhtoj bo‘lganlar uchun kompyuterlashtirilgan tayoqchalar ixtiro qilishdi. Bu “chopstik”lar ovqat ta’mini sho‘rroq his qilishga yordam beradi.

Meiji universiteti professori Homei Miyashita va ichimlik ishlab chiqaruvchi Kirin holdingi tomonidan yaratilgan tayoqchalar bilakka taqiladigan mini-kompyuter va elektr stimulyatsiyasi yordamida ta’mni kuchaytiradi.

Tayoqchalar zaif elektr oqimi yordamida ovqatdan natriy ionlarini so‘rib olib og‘izga yo‘naltiradi va sho‘r hisni tuyishga sabab bo‘ladi.

“Natijada, sho‘r ta’m 1,5 baravarga kuchayadi”, deydi professor Miyashita.

Yangi Redmi 10 Power

Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi yangi Redmi 10 Power smartfonini taqdim qildi. Gadjetga Snapdragon 680 protsessori o‘rnatilgan, 8 GB tezkor va 128 GB ichki xotiraga ega. Akkumulyator sig‘imi esa 6000 mA/soatni tashkil etadi va 18 Vtli tezkor quvvatlanish funksiyasi mavjud.

Redmi 10 Power 5 megapikselli old kamera va 50 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlangan.  Uning yonidan chuqurlikni o‘lchashga mo‘ljallangan 2 megapikselli datchik o‘rin olgan. Barmoq izi skaneri ham kamera moduli yonida joylashgan.

Yangi smartfon narxi 195 dollarni tashkil etadi. 

Tishlarni “qulflaydigan” qurilma

Foto: Reutersscitechdaily.com

Yangi Zelandiyaning Otago universiteti va Buyuk Britaniya olimlari global semizlik muammosiga qarshi kurashish uchun maxsus apparat yaratishdi.

DentalSlim Diet Control – stomatolog tomonidan yuqori va pastki tishlarga o‘rnatiladigan ichki og‘iz qurilmasi bo‘lib, tishlarni qulflaydi. Qulf maxsus magnitdan tayyorlangan. Burilma o‘rnatilgach, og‘izni 2 millimetr ochib suyuqlik iste’mol qilish mumkin, biroq gapirish va nafas olishga xalaqit bermaydi.

Tadqiqotda qatnashgan ishtirokchilar 2 haftada 6,36 kg vazn yo‘qotishgan. Otago universiteti sog‘liqni saqlash fanlari bo‘yicha yetakchi tadqiqotchisi Pol Brutonning qayd etishicha, qurilma ortiqcha vazn bilan kurashayotgan kishilar uchun xavfsiz. Uni stomatolog o‘rnatadi, foydalanuvchi o‘zi yechib qo‘yishi mumkin. Bitta qulfni ikkinchi marta ham ishlatsa bo‘ladi.

Snapchat Facebook va Twitter’dan tezroq rivojlanmoqda

Foto: TechCrunch

Snapchat 2022 yil birinchi choragi bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, mazkur davr mobaynida ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchilari soni 332 millionga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 18 foizga ko‘pdir. Shuningdek, kompaniya aksiyalari ham yillik nisbatda 38 foizga oshib, 1,06 milliard dollarga baholanmoqda.

«Kompaniya 44 foiz o‘sishni kutgandi, biroq Rossiya-Ukraina urushi boshlanib ketganidan keyin reklama beruvchilar soni kamayib ketdi», deyiladi hisobotda.

O‘z navbatida, Facebook o‘tgan chorakda birinchi marta faol foydalanuvchilar yo‘qotilgani haqida xabar bergan. Twitter esa AQShda 2 foizga, jahon miqyosida 15 foizga o‘sgan.

«Renault» «AvtoVAZ»dagi ulushini sotmoqchi

Foto: Yakov Knyazev/TASS

Fransiyaning «Renault» konserni «AvtoVAZ»dagi 67,6 foiz aksiyalarini sotmoqchi. Xarid qilish uchun potensial mijozlar sifatida Rostec shu’ba korxonasi, shuningdek, Rossiya Sanoat va savdo vazirligi tuzilmalari ko‘rsatilmoqda. Ushbu ulush qiymati 1,2 mlrd yevroni tashkil etishi mumkin. 

Ma’lumot uchun, 23 mart kuni «Renault» Rossiyadagi faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilayotganini e’lon qilgandi. Keyinroq konsern Ukrainadagi voqealar, shuningdek, butlovchi qismlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar fonida «AvtoVAZ»dagi ulushini sotishni yechim sifatida ko‘rayotganini ma’lum qilgan.

Agarda fransuz kompaniyasi Rossiyadan to‘liq chiqib ketsa va butlovchi qismlar ta’minot zanjiri uzilsa, «AvtoVAZ» atigi uch xil: Granta, Niva va Vesta modelidagi avtomobillarni ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: