Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, xalqaro munosabat, yordam va sanksiyalar

Jahon 07:37 / 23.04.2022 29142

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tungi murojaatidan:

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Ukraina qurolli kuchlari o‘z vazifasini qoyilmaqom bajarmoqda. Razvedka, milliy gvardiya, hududiy mudofaa, politsiya, chegarachilar —g‘alaba barcha uchun yuz foiz mehnat qilmoqda. Biroq g‘alaba uchun kim bo‘lmasin, qayerda bo‘lmasin har bir fuqaro ishlashi kerak. Agar xorijda bo‘lsangiz — Ukrainani qo‘llang. Agar iqtisodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lsangiz — Ukraina uchun barcha foydali ishlarni qiling. Agar siz vaqtincha okkupatsiya qilingan hududda bo‘lsangiz — bosqinchilarga ko‘proq muammo tug‘diring. Ukraina qurolli kuchlari — bizning poydevorimiz. Bu poydevor ustida bizning milliy birligimizdan iborat qal’a doimo muqim turishi kerak», — degan Zelenskiy.

Rossiya o‘tkazayotgan harbiy operatsiya tufayli Ukrainaning yo‘qotishlarini prezident Zelenskiy 550 mlrd AQSh dollari miqdorida baholagan. 2022 yil yakunlariga ko‘ra Ukraina yalpi ichki mahsuloti yarmisigacha qisqarishi mumkin. Ukraina hokimiyati mamlakatni tiklash uchun RFning sanksiyalar tufayli muzlatilgan zaxiralarini ishlatishni mo‘ljallamoqda.

Volodimir Zelenskiy Rossiyada Ukraina janubida nazorat o‘rnatib, Moldova chegaralariga chiqish vazifasi qo‘yilgani haqidagi yangiliklarni sharhladi.

«Go‘yoki Moldovada rusiyzabonlarning huquqlari buzilayotgan emish. Agar to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, Rossiya rus tilida so‘zlashuvchilarning huquqlari haqida qayg‘urishi kerak bo‘lgan hudud bu — Rossiyaning o‘zi. U yerda so‘z erkinligi, tanlov erkinligi yo‘q. O‘zgacha fikr huquqiga o‘rin qoldirilmagan. Qashshoqlik gurkiragan, inson hayoti sariq chaqaga ham arzimaydi. Shunchalikki, ular bizga urushga kelishmoqda, normal hayot kechirishni eslatib turuvchi nimanidir o‘g‘irlash uchun. Ularning xatti-harakati endi shunchaki shok. Chunki ularning orzusi — unitaz o‘g‘irlash va o‘lish»,degan Ukraina prezidenti.

Ukraina mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, ular RFning Qora dengizda cho‘kib ketgan «Moskva» raketali kreyser kemasini madaniy meros obekti, deb e’lon qildi.

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan gaplashgan.

Kreml rasmiy saytining yozishicha, Putin Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya yuzasidan prinsipial pozitsiyani tushuntirgan. Uning Zelenskiy bilan uchrashuvi Moskva va Kiyev muzokaralarining muayyan natijalariga bog‘liq. Putinning qayd etishicha, Kiyev muzokaralarda izchillikka rioya qilmayapti va ikki tomonni qoniqtiruvchi qarorlarni izlamayapti.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina bilan muzokaralar qanday borayotgani haqida gapirib berdi:

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. Foto: RIA Novosti

«Muzokaralar sekin yurib, depsinib qoldi. Ukraina vakillarining bayonotlari ularga muzokaralar kerak emasdek, taqdirga tan berib bo‘lgandek taassurot qoldirmoqda. Rossiya hech qanday ultimatumlarga rozi bo‘lmaydi, jumladan Ukraina tomondan bildirilganlariga ham», — degan Lavrov Ukraina tomonning Xerson Xalq Respublikasini tuzish bo‘yicha referendum o‘tkazish muzokaralarga nuqta qo‘yishi haqidagi bayonotiga nisbatan.

RF Mudofaa vazirligi Ukrainadagi maxsus operatsiyaning ikkinchi bosqichidan ko‘zlangan maqsadni aytdi. Vazifalardan biri Donbass va Janubiy Ukraina uzra to‘liq nazorat o‘rnatish — bu Qrimga quruqlikdan koridor va Dnestr bo‘yicha yana bitta yo‘l ochish imkonini beradi, degan Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Rustam Minnekayev.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • RF harbiy kosmik kuchlari aniq raketalar bilan Ukrainaning 13 ta harbiy obektiga zarba bergan. 2ta rota, 27 ta texnika va avtomobillar yo‘q qilingan.
  • RF harbiy kosmik kuchlari aviatsiyasi Ukrainaning 26 ta harbiy obektini nishonga olgan. 2 ta qo‘mondonlik punkti, tirik kuch va harbiy texnika jamlangan 21 ta hudud o‘qqa tutilgan.
  • RF raketa qo‘shinlari kun davomida qo‘mondonlik punkti, tirik kuch va harbiy texnika jamlangan 5 ta hududni nishonga olgan.
  • Barvenkovodagi dala aerodromida Ukrainaga tegishli Mi-8 vertolyoti, «Buk-M1» ZRK va radioelektron kurash stansiyasi yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa tizimi vositalari bilan 3ta pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.

 

Ukrainaga ko‘mak

Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel 21 aprel kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida YeI og‘ir qurol-yarog‘larni xarid qilib, Kiyevga tekinga berishga rozi bo‘lganini e’lon qildi:

Sharl Mishel. Foto: The Times Hub

«Biz European Peace facility orqali 1,5 mlrd yevro ajratdik. Bu ikki tomonlama darajada ko‘plab davlatlardan kelayotgan yordamga qo‘shimcha. Lekin bu ko‘mak yetarli emas, biz yordamni yanada ko‘paytiramiz», degan Sharl Mishel.

AQSh ma’muriyati iste’fodagi general-leytenant Terri Volfni Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi etib tayinladi, deb yozadi The Hill nashri.

Makron Fransiya Ukrainaga 155 mm.li «Caesar» o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini berishini e’lon qildi.

Caesar qurilmasi Iroqda. Foto: US Army

AQSh Ukrainaga birvarakay o‘t ochuvchi reaktiv tizimlar yetkazib berishni boshladi va NATOdagi boshqa ittifoqchilar bilan ham Ukrainaga ko‘proq reaktiv tizimlar yetkazilishi borasida muzokara olib bormoqda, degan AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland Ukraina nashriga bergan intervyusida.

Germaniya Ukrainani tiklash uchun 37 mln yevro ajratadi. Bu pullar uy-joy qurish, elektr tarmoqlarini tiklashga sarflanadi, degan GFR iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulse.

 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar, choralar va cheklovlar

Yevropa Ittifoqi keyingi hafta boshida Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning oltinchi paketini joriy etishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda Politico nashri o‘z manbalariga tayanib. Taxmin qilinishicha, cheklovlar Rossiya neftining importiga «taqiqning ma’lum bir shakli»ni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiyaning yangi banklari SWIFT tarmog‘idan uziladi.

Xalqaro valuta fondi Rossiyaga o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar sababli 2024 yilga borib jahonning oltinchi iqtisodiyoti o‘rnini Indoneziyaga bo‘shatib berishini prognoz qilmoqda.

24 apreldan boshlab Finlandiya milliy elektr tarmoqlari operatori Fingrid Rossiyadan elektr energiyasi importini uchdan bir qismga cheklaydi. Rossiya elektridan to‘liq voz kechish uchun bir necha yil ketadi.

Niderlandiya 2022 yil so‘ngiga qadar Rossiyaning qazib olinuvchi barcha turdagi yonilg‘ilaridan, jumladan, gazidan ham voz kechadi, deya bayonot bergan mamlakat hukumati. Niderlandiya energiya sarfining 44 foizi gazga to‘g‘ri keladi, shu gazning 15 foizi Rossiyadan import qilinadi.

Jahondagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri Exxon Mobil 24 iyunga qadar Rossiya bozorini to‘liq tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Reuters korxona rejalaridan xabardor manbasiga tayanib — Gazeta.ru.

Germaniyaning Rossiya gazidan zudlik bilan to‘liq voz kechishi 2022 yilda 180 mlrd yevro YaIM yo‘qotilishiga olib keladi, deya baholagan Bundesbank. GFR markaziy bankining har oylik sharhida yozilishicha, Ukrainadagi mojarolarning davom etishi 2022 yilda Germaniya uchun prognoz qilingan YaIM o‘sishi sur’atlarini 5 foizga kamaytiradi.

Zewa savdo belgisi ostida hojatxona qog‘ozi ishlab chiqaruvchi shvedlarning Essity kompaniyasi Rossiyani tark etmoqda. Shaxsiy gigiyena tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniyaning Rossiyadagi aktivlari 147 mln dollarga kamaygan.

AvtoVAZ. Foto: Yakov Knyazev / TASS

Fransiyaning Renault konserni «AvtoVAZ»ni sotuvga qo‘ydi. Fransuzlar kompaniya aksiyalarining 67,6 foiziga egalik qilishadi. Aksiyalar narxi hozircha 1,2 mlrd yevroga teng. Agar fransuzlar butlovchi qismlar yetkazish zanjirini uzib, Rossiyani to‘liq tark etsa, «AvtoVAZ» uchta tipdagi Lada mashinasi bilan qoladi.

Shvetsiyaning podshipniklar ishlab chiqaruvchi SKF kompaniyasi Rossiyada faoliyat ko‘rsatish va operatsiyalarni amalga oshirishni bas qiladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, 750 dan ortiq xorijiy kompaniyalar Rossiyada o‘z faoliyatini yig‘ishtirgan, deyiladi Yyel menejment maktabi ma’lumotida.

 

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi va bayonotlari

BMT Ukrainada gumanitar krizis urishning har bir kunidan so‘ng yomonlashayotganini qayd etdi. «Kamida 15,7 million kishi boshpana, oziq-ovqat, ichimlik suvi, tibbiy xizmatlar va himoyaga muhtoj», deyiladi BMT bayonotida.

BMT xabariga ko‘ra, Bosh kotib Antoniu Guterrish 26 aprel kuni Moskvaga safar qiladi. U Rossiya TIV rahbari Lavrov bilan uchrashadi. Putin ham Guterrishni qabul qiladi. Rossiyaga tashrifidan so‘ng Guterrish 28 aprel kuni Kiyevga ham boradi.

 YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. Foto: elpais.com

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning tan olishicha, Yevroittifoq a’zolari o‘rtasida Rossiya energiya resurslaridan voz kechish masalasi borasida yakdillik yo‘q. Borrel El Pais nashriga bergan intervyusida «Bu masalani qanday qilib yaxshiroq amalga oshirish borasida takliflar stolda yo‘q. Bu takliflar bo‘yicha yakdillik ham yo‘q», degan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Italiyaning Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida Rossiya gaziga embargo qo‘yish masalasi muhokama qilinmayotganini ta’kidlagan.

«Agar biz Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashishni istamasak, muzokarachilar Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yoki Xitoy raisi Si Jinping bo‘ladi», degan Makron.

Chexiya bosh vaziri mamlakat Rossiya energetik xomashyolaridan darhol voz kechishi imkonsiz ekanini aytdi. Bu mamlakat uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi, degan bosh vazir Petr Fiala Prazsky denik gazetasiga bergan intervyusida.

Ko‘proq yangiliklar: