Angliyada YeChL yo‘llanmasi uchun kurash, «Inter» - «Roma», Levandovski Holandga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:54 / 23.04.2022 20312

Yevropadagi milliy chempionatlar o‘z yakuniga yaqinlashib qolmoqda va shu haftaning o‘zida ikki chempionatda g‘olib rasman aniqlanishi mumkin. Kutilganidek, bu Fransiya va Germaniya. «PSJ» 5 tur qolganda asosiy ta’qibchisidan 15 ochko oldinda turibdi va Ligada birinchi navbatda to‘plar nisbati inobatga olinishini e’tiborga olsak, Pochettino shogirdlari yana bir ochko olishi kerak bo‘ladi. «Bavariya» ham deyarli shu holatda va chempionlikni asosiy raqibiga qarshi o‘yinda rasmiylashtirishi mumkin. Shuningdek, Angliya va Italiyada peshqadamlar orasidagi raqobat hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqda.

ARSeNAL – MANCheSTeR YuNAYTeD (23 aprel, 16:30)

«Manchester Yunayted» ancha tig‘iz haftani boshidan o‘tkazdi. Krishtianu Ronalduning het-trigi va farzandini yo‘qotishi, Pogbaning jarohati va balki endi jamoa libosida boshqa o‘ynamasligi, «Liverpul»dan sharmandali mag‘lubiyat, yangi murabbiyning rasman e’lon qilinishi... Afsuski, bularning barchasi jamoa atrofidagi voqealar – agar aynan joriy mavsum haqida gap borsa, «Manchester Yunayted» kuchli to‘rtlik uchun kurashdan deyarli chiqib ketdi. To‘g‘ri, nazariy tomondan imkoniyat bor, yomon emas, lekin buning uchun Rangnik shogirdlari qandaydir barqaror natijalar qayd etib, g‘alabali seriyalarni amalga oshirayotgan bo‘lishi kerak. Agar liganing eng kuchsiz klubi «Norvich» bilan o‘yinda ham Ronaldu qutqaraversa, qatorasiga bir nechta g‘alabadan umid qilish ancha qiyin.

Foto: Getty Images

Ammo bugungi o‘yin alohida olinishi mumkin bo‘lgan bahslar toifasiga kiradi. «Arsenal» manchesterliklarning azaliy raqibidan biri, turnir jadvalida ham yonma-yon. Bundan tashqari, o‘tgan o‘yindagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, jamoa o‘zini boshqa tomondan ko‘rsatishga majbur.

«Arsenal» uchun ham o‘z navbatida, g‘alaba suv va havodek zarurdir. Besh yillik tanaffusdan so‘ng, londonliklar nihoyat Chempionlar Ligasi o‘rinlaridan biriga da’vogarlik qilmoqda. Bu kurashda u «Tottenhem» bilan teng ochko to‘plagan va faqat to‘plar nisbati bo‘yicha ortda bormoqda. Uch turdan so‘ng, bu jamoalar o‘zaro o‘yinda maydonga tushishini inobatga olsak, Arteta shogirdlari ochko yo‘qotmasliklari kerak. To‘rtinchi o‘rin uchun kurash qaysidir ma’noda «Liverpul» va «Siti» o‘rtasidagi chempionlik raqobatiga o‘xshab ketyapti. Qatorasiga uch o‘yinda o‘rtamiyona raqiblarga yutqazib qo‘ygan «Arsenal» o‘tgan o‘yinda «Chelsi»ni safarda mag‘lub etdi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni yetarlicha orttirib olgani shubhasiz.

Jarohatlarga to‘xtalsak, mezbonlar safida Tirni mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Shuningdek. Tomas Partini ham kelasi oy boshlarigacha ko‘rmasak kerak. Mehmonlarda esa yo‘qotishlar ko‘proq. Yuqorida tilga olingan Pogbadan tashqari, Fred, Kavani, Shou kabi futbolchilar ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Lekin avvalgi o‘yinlarga nisbatan ijobiy yangiliklar bor – Skott Maktominey va Rafael Varan mashg‘ulotlarga qaytishdi. Krishtianu Ronaldu ham kutilganidan tezroq tushkunlikdan chiqdi va u ham «Arsenal»ga qarshi o‘yinga tayyor. Portugaliyalik hujumchi «Old Trafford»da kechgan o‘yinda londonliklar darvozasiga ikki gol urishning uddasidan chiqqandi. O‘sha o‘yin 3:2 hisobida «iblislar»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

INTeR – ROMA (23 aprel, 21:00)

Kim nima desa, desin-u, bu mavsumda A Seriya hammasidan ham qiziq kechmoqda. Ayniqsa, chempionlik kurashi. Angliya yoki Ispaniyada ham qaysidir pallalarda raqobat kuzatilgan yoki kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo Italiya chempionati ayniqsa, favoritlarning muntazam o‘zgarib turishi bilan ham qiziq bo‘lyapti. Dastlab, «Milan» va «Napoli» qolganlardan yaxshigina masofaga o‘zib ketishdi va kurash aynan shu ikki jamoa o‘rtasida bo‘lishi haqida taxminlar yangradi. Keyin esa «Inter» qishni ajoyib o‘tkazdi va katta farq bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Barcha Indzagi shogirdlarining chempionligi sari ketayotganda, nimadir bo‘lib, jamoa ochko yo‘qota boshladi va «Milan» oldinga chiqdi. «Qizil-qora»larning ikki durangidan so‘ng, endi yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha yana «Inter» peshqadam.

Yetakchilarda barqarorlik kuzatilmayotgani uchun hammasi yana bir necha marotaba o‘zgarib ketishi ehtimoli ham mavjud. A Seriyada qatorasiga uch g‘alabaga erishgan va Italiya kubogida «Milan» ustidan yirik g‘alaba qozonib, finalga chiqqan «Inter» favoritlik maqomini qaytarib olish uchun asosiy o‘yinlardan biri «Roma»ga qarshi bo‘lishi tabiiy. Agar taqvimga qarasak, «Inter» keyingi turlarni «Bolonya», «Udineze», «Empoli», «Kalyari» va «Sampdoriya»ga qarshi o‘tkazadi. Ya’ni mavsumda «Inter» qarshisida qolgan yagona jiddiy raqib aynan «Roma»dir. Ayniqsa, Joze Mourino bunday o‘yinlarga shogirdlarini qanday tayyorlashini yaxshi bilamiz. Hech bo‘lmasa, uning mana shu qobiliyati hali uni tark etmaganidan umidimiz bor.

Foto: Getty Images

Albatta, «Roma»ning ham o‘z kurashi bor. Jamoa rasman hali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan umidini uzmagan. To‘rtlik bilan oradagi farq besh ochkoni tashkil qilib turibdi. Shu bilan birga ta’qibchilar ham anoyi emas – «Roma» mavsumni 4-o‘rin bilan yakunlashi ham, agar qolgan o‘yinlar muvaffaqiyatsiz kechsa, hatto 8-o‘ringa ham tushib ketishi mumkin. Buning ustiga «Roma»ning bo‘lajak raqiblari ham jiddiy – «Fiorentina», «Torino» kabi kuchli raqiblar maydoniga safardan tashqari, Konferensiyalar kubogida «Lester»ga qarshi yarimfinallar kutib turibdi.

«Roma» tarkibida so‘nggi paytlarda hujum chizig‘ida yetakchiga aylanib qolgan Nikolo Dzanolo maydonga tusha olmaydi. U «Napoli»ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini olib, diskvalifikatsiyaga uchradi. Balkim shu faktor ham hamyurtimiz Eldor Shomurodovning hech bo‘lmasa, maydonga ertaroq tushishiga sabab bo‘lishi ham ehtimol.

BAVARIYa – BORUSSIYa D (23 aprel, 21:30)

«Bavariya» chempionlik masalasini, «Borussiya» esa Chempionlar Ligasiga beriladigan o‘rnini deyarli hal qilgan bo‘lsa-da, bu ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin Bundesliga klassikasi sanaladi. Germaniyadagi boshqa hech qaysi to‘qnashuvda biz maydonda bu qadar ko‘p yuqori saviyadagi yulduzlar to‘qnashuviga guvoh bo‘lmaymiz.

Bundan tashqari, bugungi bahsning rasmiy tusi ham bor. Hozirda «Bavariya» 30 o‘yindan so‘ng, 72 ochkoga ega, «Borussiya»da esa shuncha o‘yindan keyin 63 ochko mavjud. Mavsum yakunlanishiga atigi 4 tur qolganini e’tiborga olsak, «Bavariya» agar bugun mag‘lubiyatga uchramasa, chempionlik masalasini rasman hal qilgan bo‘ladi. Chempionlikni o‘z maydonida, buning ustiga, ashaddiy raqib ustidan qozonilgan g‘alaba bilan nishonlash, albatta, o‘ziga xos bayram tusini beradi. Mana shu omilning o‘zi bugun Myunxenda katta o‘yin bo‘lishiga dalolat qilsa kerak.

Birinchi davradagi o‘yin 3:2 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlangandi. Umuman superkubok uchrashuvlarini ham qo‘shsak, qatorasiga 7 o‘yindan beri «Bavariya»ning qo‘li baland kelmoqda. Bundesligada esa dortmundliklar 2018 yilning noyabrida g‘alaba qozonishgan. Aynan Myunxendagi o‘yinlarni inobatga olsak, «Borussiya» oxirgi marta 2014 yilda safarda g‘alaba qozongan. O‘sha o‘yinda jamoalarni boshqargan Gvardiola va Klopp hozirda boshqa ligada, boshqa darajada orani ochiq qilishmoqda.

Foto: Getty Images

Mezbonlar safida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Tolisso va Komandan tashqari barcha ijrochilar chempionlik bahsiga tayyor. «Borussiya» lazaretini sanasak, yaxshigina Yevropa klubining asosiy tarkibi bo‘ladi. Azar, Mene, Xummels, Shmalser, Daud, Reyna, Malen, Vitsel – bugun maydonga tusha olmaydigan futbolchilar ro‘yxati. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan turda «Volfsburg» kabi kuchli jamoani 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Roze shogirdlari juda yaxshi sport formada ekanini va «Bavariya» chempionligini hech bo‘lmasa, bir turga kechiktirish mumkinligidan umid qilsak bo‘ladi.

LIVeRPUL – EVeRTON (24 aprel, 20:30)

Uch yil muqaddam «Liverpul» «Manchester Siti» bilan xuddi hozirgidek chempionlik raqobatida qatnashgan va so‘nggi turgacha ta’qib qilgani esingizda bo‘lsa kerak. Aslida o‘sha mavsum o‘rtalarida Klopp shogirdlari yaqqol peshqadam bo‘lishgan va «Manchester Siti»dan 7 ochko o‘zib ketgandilar. Ammo keyinchalik bu ustunlik boy berildi. Avvaliga «shaharliklar» bilan o‘zaro o‘yin boy berildi, keyin esa «Manchester Yunayted» va «Everton» bilan duranglar qayd etildi. Ya’ni, qaysidir ma’noda, o‘sha mavsumda «Everton» «Liverpul»ni sovrinsiz qoldirgan jamoalardan biri bo‘lgandi. Tabiiyki, derbidagi ashaddiy dushmanini sovrinsiz qoldirish «Everton»ga juda yoqqan.

Hozir ham deyarli shunaqa holat. «Everton» navbatdagi marotaba «Liverpul»ni chalib qolish imkoniyatiga ega. Ammo tan olish kerakki, bugungi «Everton» balkim yaqin 10-20 yillardagi eng kuchsiz «Everton»dir. Shu darajadaki, jamoa 17-o‘rinda bormoqda va xavfli zonadan atigi 1 ochko ajratib turibdi xolos. Yaxshiyamki, yanayam yomon holatda bo‘lgan «Yunayted» ustidan g‘alaba qozonildi, aks holda hozirda Lempard shogirdlari umuman 18-o‘ringa tushib ketishlari aniq edi. Yomon tomoni, «Everton» keyingi haftalarda «Chelsi» va «Arsenal» bilan o‘ynaydi, «Lester»ga va asosiy raqiblardan biri «Uotford»ga safar qiladi. Har bir o‘yinda ochko qo‘lga kiritish o‘ta qiyin taqvimda bugungi o‘yin «Everton» uchun ikki tomonlama muhim. Ham rejalashtirilmagan ochkoni qo‘lga kiritib, APLda qolish imkoniyatini oshiradi, ham «Liverpul»ni to‘xtatib, chempionlik raqobatiga ta’sir qilgan jamoa sifatida yana barchaning e’tiboriga tushishi mumkin. Xullas bu safargi derbi oldingilardan ham farq qilishi shubhasiz.

Agar statistikaga e’tibor bersak, ayniqsa, so‘nggi yillardagi derbilar «Liverpul»ning yaqqol ustunligida o‘tmoqda. Oxirgi 25 o‘yinda atigi 2 marotaba «Everton» g‘alaba qozongan xolos. Qizig‘i, bu g‘alabalarning birinchisi mana shu 25 ta o‘yinning ilk o‘yiniga, ikkinchisi «Enfild»dagi oxirgi uchrashuvga to‘g‘ri keladi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning yanvar-fevral oylarini «Liverpul» juda yomon o‘tkazgan, ayniqsa, «Enfild»dagi bahslarda qariyb ikki oy hatto gol ham ura olmagandi. Mana shu o‘yinlardan biri «Everton»ga qarshi kechgan va mehmonlar 2:0 hisobida ustun kelgandi. Joriy mavsumning birinchi davradagi uchrashuvi esa 4:1 hisobida «Liverpul»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

«Liverpul» tarkibida faqat Firmino maydonga tusha olmaydi. Mehmonlar safida esa har chiziqda ahamiyatli yo‘qotishlar bor. Deyvis, Van de Bek, Kalvert-Levin, Taunsend, hamda Gomeshlar jarohat tufayli derbini o‘tkazib yuboradilar. O‘z navbatida, bu uchrashuvdan uch kun o‘tib, «Liverpul» Chempionlar Ligasi yarimfinalida «Vilyarreal»ni qabul qilishini ham inobatga olish kerak. Yurgen Klopp qaysidir chiziqlarda rotatsiya amalga oshirishi yoki o‘yin taqdirini imkon qadar tezroq hal qilib, yetakchilarni ertaroq almashtirishni rejalashtirishi mumkin.

LATsIO – MILAN (24 aprel, 23:45)

«Milan» juda yaxshi ustunlikni bir haftada qo‘ldan boy berdi. Jamoa yaqindagina to‘rt ochkolik farq bilan yaqqol peshqadamlik qilayotgan va hatto bir o‘yinda ochko yo‘qotish lyuksiga ham ega edi. Ammo xato qilish imkoniyatidan ko‘proq jiddiyroq raqiblar bilan o‘yinlarda, masalan, «Latsio», «Fiorentina» yoki «Atalanta» bilan uchrashuvlarda foydalanish mumkin edi. Lekin kutilmaganda «Bolonya» va «Torino» bilan o‘yinlarda 0:0 hisobi qayd etgan «Milan» ta’qibchi maqomiga tushib qoldi. Buning ustiga «Inter»dan ko‘ra taqvim ham og‘irroq – yuqorida tilga olingan jamoalardan tashqari, «Sassuolo» va «Verona»ga safarlar kutib turibdi. Xullas, o‘n yillik tanaffusdan so‘ng chempionlikka qaytish uchun «Milan» katta qahramonlik ko‘rsatib, bir nechta og‘ir o‘yinlarda g‘alaba qozonishi, shu bilan birga «Inter»ning qoqilishidan umid qilishi kerak bo‘ladi.

«Latsio» osonlikcha jon bermasa kerak. Rimliklar 33 o‘yindan so‘ng, 56 ochko to‘plashgan va Yevropa Ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilmoqda. Birinchi davradagi o‘yinda «Milan» o‘z maydonida 2:0 hisobida, Italiya kubogi chorak finalida esa 4:0 hisobida g‘alaba qozongan, demak o‘sha alamli mag‘lubiyat qasosi uchun ham maydonga tushishadi. Qizig‘i, aynan Rimda o‘tgan oxirgi o‘yinda, o‘tgan yilning aprelida «Latsio» 3:0 hisobida ustun kelgan.

«Milan» safida yo‘qotishlar yetarli. Ker mavsum oxirigacha safdan chiqqan, uni eslamay ham qo‘ydik. Buning ustiga boshqa markaziy himoyachi Alessio Romanoli ham jarohat oldi. U «Inter»ga qarshi kechgan kubok bahsining 26-daqiqasida almashtirildi. Ushbu yo‘qotish «Milan» uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, Rebich va Ibrahimovichlar ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mezbonlar safida faqat Patris bir necha haftada safdan chiqqan.

BOShQA O‘YINLAR.

23 aprel. MANCheSTeR SITI – Uotford (19:00), PSJ – Lans (23:55)

24 aprel. CheLSI – Vest Hem (18:00), Empoli – NAPOLI (18:00), BARSeLONA – Rayo Valekano (23:55)

25 aprel. Sassuolo – YuVeNTUS (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: