Ukrainadagi vaziyat: kechagi kun bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Jahon 07:31 / 22.04.2022 52865

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kecha Portugaliya parlamenti oldida chiqish qildi:

«Men aminmanki, Portugaliya xalqi va portugaliyalik siyosatchilar davlatimizning Yevropa Ittifoqida sizlar bilan birga bo‘lishdek fundamental intilishini qo‘llab-quvvatlashadi. Erkinlar erkinlarni, to‘g‘rilar to‘g‘rilarni, vijdonlilar vijdonlilarni qo‘llamog‘i kerak.

Ishonchim komilki, sizlar o‘zlaringizga ham, bizga ham xiyonat qilmaysizlar. Chunki Ukraina allaqachon tezlashtirilgan tarzda Yevroittifoq yo‘lidan ketmoqda. Umid qilamanki, biz yaqin kunlar ichida YeIga nomzod statusini olamiz.

Qaror ko‘rib chiqilayotganda bizning to‘laqonli a’zoligimizni ham qo‘llashingizni istardim. Sizlar Yevropaning g‘arbiy burchagida, biz esa sharqiy burchagida bo‘lsak-da, bir xil qadriyatlar, qit’amizda hayot qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘xshash qarashlarga egamiz», — degan Zelenskiy.

Foto: The Portugal News

Volodimir Zelenskiy Fransiyaning BFM TV telekanaliga bergan intervyusida ayni paytda Ukraina qurolli kuchlari Mariupolni qamaldan qutqara olmasligini ta’kidlagan.

«Gap soatlar haqida borayotgani — haqiqat, chunki biz ularning necha soat yoki kun turib bera olishlarini bilmaymiz. Armiyamizga kelsak, bugun bosib olingan 120 km.ni bosib o‘tishga Rossiya texnikasi yo‘l qo‘ymaydi. Bugun buni biz amalga oshira olmaymiz», — degan Zelenskiy.

Xerson oblastida 27 aprel kuniga belgilangan Xerson xalq respublikasini tuzish bo‘yicha «referendum»ga hech kim bormaydi, degan Xerson oblasti harbiy ma’muriyati raisi Gennadiy Laguta.

«Referendum — bu fuqarolarning erkin ovoz berish jarayoni. Bosqinchilardan ozod qilinishini kutayotgan Xersonning biror odami ovoz berish jarayonida qatnashmaydi», — degan Laguta.

Volodimir Zelenskiy Ukrainani urushdan keyingi tiklash bo‘yicha Milliy kengashni tuzish haqidagi farmonni imzoladi.

Shuningdek, Zelenskiy urush tufayli iqtisodiy yo‘qotishlar o‘rnini qoplash maqsadida Ukrainaga oyiga 7 mlrd dollar miqdorida yordam kerakligini aytdi.

Ukraina Birlashgan qurolli kuchlari shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan sutka ichida dushmanning 10 ta hujumini muvaffaqiyatli bartaraf etgan*.

Jumladan, 6 ta tank, 4 ta artilleriya tizimi, 8 ta zirhli, 15 ta avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi Donbassda 2 ta samolyot (Su-34 va Su-25), «Orlan-10» tipidagi 8 ta pilotsiz uchar qurilmalarini urib tushirgan.

Xususan, «Vostok» tezkor taktik bo‘linmasi o‘tgan sutka ichida RF qo‘shinlarining uchta hujumini qaytargan. 200 ga yaqin askar, 5 ta tank, 2 ta piyodalar harbiy mashinasi, 1 ta zirhli transport, 1 ta artilleriya tizimi, 1 ta samolyot, 3 ta pilotsiz uchar qurilmani yo‘q qilgan.

Ukraina harbiy havo kuchlari RFning 15 ta havo nishonlariga muvaffaqiyatli hujum qilgan: 3 ta samolyot (Su-34, Su-35, Su-25), 3 ta vertolyot (ikkita Mi-8 va K-52), 9 ta pilotsiz uchar qurilma («Orlan-10») urib tushilgan.

«Yug» tezkor qo‘mondonlik bo‘limi hisobotlariga ko‘ra, Ukraina janubida Rossiyaning 15 ta nishoniga hujum uyushtirilgan, 51 nafar askari va 14 birlikdagi harbiy texnikasi yo‘q qilingan.

* (Urush sharoitida tomonlar taqdim etayotgan raqamlar va ma’lumotlarni tekshirishning imkoni yo‘q).

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya AQShning 29 fuqarosiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ularning orasida vitse-prezident Kamala Harris va «Facebook» asoschilaridan biri Mark Tsukerberg ham bor.

Qayd etish joizki, Xerson oblasti hududida Xerson xalq respublikasi (XXR) ni tuzish bo‘yicha shoshilinch referendum may oyining dastlabki o‘n kunligidan oldinroqqa — 27 aprel kuniga ko‘chirildi. Xerson oblasti Rossiya uchun o‘ta muhim. Chunki u Rossiyadan Qrimga DXR va LXR orqali quruqlikdan o‘tish yo‘lini ta’minlaydi. Shuningdek, bu hududdan Shimoliy Qrim kanali orqali Dnepr daryosi suvi yarimorolga boradi. Kanalni 2014 yildayoq bekitgan damba harbiy kampaniya boshlangan kunning ertasiga portlatib yuborilgan va Qrimga suv borgan.

Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina Rossiyaga hech qanday defolt tahdid solmayotganini ta’kidladi.

Foto: Rossiya Davlat dumasi matbuot xizmati

«Defolt ehtimoli haqida gapirilsa, Rossiyada barcha zarur moliyaviy resurslar mavjud va hech qanday defolt bizga tahdid sololmaydi», — degan Nabiullina.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni amerikalik obligatsiya bozori nazoratchilari Kreml Rossiya kreditorlarga dollar obligatsiyalari bo‘yicha foiz to‘lovlarini rublda to‘lashni taklif etib, davlat qarzini to‘lash yuzasidan o‘z majburiyatini bajarmaganini e’lon qilgach, Rossiyada defolt yuz berishi ehtimoli yuzaga chiqdi, deb yozadi Wall Street Journal gazetasi.

Rossiya BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning pasxa bayramlari kunlarida to‘rt kunlik sulh o‘rnatish haqidagi taklifini rad etdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili bunday takliflar «nosamimiy va juda yolg‘on» yangrashi, «Kiyevdagi millatchilar va radikallarga nafas rostlash uchun fursat yaratish» uchun o‘rtaga tashlanayotganini ta’kidlagan.

Rossiya mudofaa vazirligining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi brifingida aytilgan asosiy ma’lumotlar*:

  • Kun davomida yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukraina qo‘shinlarining 14 ta obektiga zarba berilgan;
  • Cherkasskoye va Aleksandrovka aholi punktlarida Ukraina qo‘shinlarining 120 askari yo‘q qilingan;
  • Aviatsiya tomonidan Ukrainaning 64 ta harbiy obekti yo‘q qilingan;
  • Popasnaya hududida Ukraina armiyasining boshqaruv punkti, 2 ta qurol-yarog‘ ombori va ikkita tayanch punkti yo‘q qilingan;
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan raqibning 450 ta obekti o‘qqa tutilgan.

* (Urush sharoitida tomonlar taqdim etayotgan raqamlar va ma’lumotlarni tekshirishning imkoni yo‘q).

 

Ukrainaga ko‘mak

BMT Ukrainaga 50 mln dollar yordam puli ajratadi. Bu tashkilot uchun rekord summa. BMTning Ukrainadagi tizimi koordinatori Osnat Lubraniga ko‘ra, pullar urushdan jabr ko‘rgan ukrainaliklarga yordam ko‘rsatuvchi BMTning hamkorlari bo‘lgan nodavlat tashkilotlarga beriladi.

AQSh Ukrainaga 800 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketini jo‘natadi. AQSh prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, harbiy yordam 72 va 155 mm.li gaubitsalar, ularga 144 ming snaryad, gaubitsalarni tashish uchun 72 ta taktik mashinalar, shuningdek pilotsiz boshqariladigan uchoqlardan iborat bo‘ladi. Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi ushbu yordamlar Ukrainaga maksimal darajada tezroq yetkazilishini ta’kidlagan.

Amerika ma’muriyati keyingi haftada Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirish yuzasidan AQSh Kongressiga qo‘shimcha so‘rov yuboradi. AQSh shuningdek, Ukrainaga 500 mln dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy yordam ko‘rsatadi.

Jahon banki Ukrainaning asosiy davlat xizmatlari faoliyat yuritib turishida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish uchun 3 mlrd dollar mablag‘ jamg‘ardi, degan JB prezidenti Devid Melpas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus fondga AQSh, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Daniya, Avstriya, Litva, Latviya, Islandiya xayriya mablag‘lari o‘tkazgan, shuningdek, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Shvetsiya kafolat bergan, Yaponiya esa parallel moliyalashtirishni amalga oshirgan.

Daniya Ukrainaning Nikolayev shahrini tiklashda yordam berishni va’da qildi. Mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen Kiyevda shunday bayonot bilan chiqish qildi.

 Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen. Foto: fla.de

«Men Zelenskiyga do‘st va asriy hamkorlar ekanligimizni aytdim. Biz Ukrainani tiklashda o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz. Siz, janob prezident, Nikolayev shahrini tiklashda biz ilg‘or bo‘lishimizni istadingiz. Bugun biz rasman bu taklifga rozilik bermoqdamiz», — degan Daniya hukumati rahbari.

Ispaniya Ukrainaga 200 tonna o‘q-dorilar, 20 ta zirhli transport vositasi va boshqa harbiy materiallarni jo‘natdi, degan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan o‘tkazgan brifingda.

Foto: thelocal.com

Sloveniya Ukrainaga sovetlarning T-72 tankini yetkazib beradi, evaziga Germaniya Sloveniyaga Marder tanklari va Fuchs bronetransportyorlari beradi.

 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Buyuk Britaniya Rossiyadan kumush, baliq uvildirig‘i (ikra) va yog‘och buyumlar importiga nisbatan cheklov joriy qildi. Inglizlar shuningdek, Rossiya va Belarusdan olmoslar va kauchuk importiga tariflarni 35 foizga oshiradi.

Rossiyada avtomatik uzatmalar qutisiga ega Lada avtomobillari tugagan. Tolyattidagi Lada dilerlik markaziga ko‘ra, bunday mashinalar kamida bir yil davomida bozorga chiqarilmaydi.

AQSh Rossiya bayrog‘i ostidagi kemalar uchun o‘z portlarini yopdi. AQSh ortidan Yevropa Ittifoqi ham Rossiya kemalariga portlarga kirishni taqiqladi.

Kipr hukumati investitsiya kiritish evaziga oltin pasport olgan rossiyalik biznesmenlar Deripaska, Berezkin va Kesayevning pasportlarini bekor qilmoqchi. Bu ro‘yxatda Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova ham bor.

Rossiyada 1998 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan va VOGUE, Glamour, GQ, ADmagazine, Tatler jurnallarini chop etgan Condé Nast noshirlik uyi o‘zining Rossiyadagi faoliyatini yakunlaydi.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainada bo‘layotgan urush yuzasidan chiqish qildi. Unga ko‘ra, ukrainalik qochqinlar AQShda ularga moliyaviy yordam berishi mumkin bo‘lgan shaxs bo‘lsa, shuningdek boshqa bir qator shartlarga amal qilinganda, mamlakatda ikki yil davomida qolishga ruxsat beriladi.

Amerika Ukrainadan qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha immigratsiyani tezlashtiruvchi «Ukraina uchun birlashing» dasturini ishga tushiradi.

AQSh prezidenti Rossiyani Mariupol shahri va u yerdagi «Azovstal» kombinatidan tinch aholini talafotsiz chiqishini ta’minlashga chaqirdi.

Foto: AQSh prezidenti Jo Bayden. abcnews.go.com

«AQSh uzoq vaqt mobaynida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishga qodir, faqat gap G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qola olishida», — degan Bayden.

Oq uy Xitoy xalq ozodlik armiyasining Rossiya qurolli kuchlariga bevosita va bilvosita yordam berayotgani belgilarini ko‘rganini ta’kidladi.

Rossiyaning G20 ishida ishtirok etishdan chetlashtirish birlashmaning barcha a’zolarining to‘liq roziligini talab qiladi, bunga amalda erishish qiyin, — degan AQSh moliya vaziri Janet Yyellen.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning samarasi past. Bu go‘yoki «oyog‘ingni g‘ajib turgan timsoh bilan muzokaralarga o‘xshaydi», deya Jonsonning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Boris Jonsonga ko‘ra bu vaziyatda jahon yetakchilari uchun eng yaxshi yechim Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishda davom etishdir.

Jahon banki Ukrainadagi binolar va infratuzilmalarga yetkazilgan zararlar miqdorini 60 mlrd AQSh dollari miqdorida baholamoqda, degan tashkilot prezidenti Devid Malpass.

Rossiyaning Ukraina bilan urushi o‘nlab davlatlar va ularda yashovchi 1 milliarddan ortiq insonlarni uchtalik shok — yonilg‘i narxlarining keskin ko‘tarilishi, oziq-ovqat narxlarining oshishi va moliyaviy larzalarga mubtalo qiladi. Bu esa siyosiy qalqinishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

«Boyligi qanchaligi, Ukraina va Rossiya chegaralaridan qanchalik uzoqligidan qat’i nazar, hech bir davlat to‘liq xavfsiz sharoitda emas», — degan BMT Rivojlanish dasturi ma’muri Axim Shtayner The Daily 202 nashriga bergan intervyusida.

Ko‘proq yangiliklar: