Tverda harbiy institut binosi yonib ketdi. Bu institut aerokosmik mudofaa tadqiqotlari bilan shug‘ullangan

Jahon 11:50 / 22.04.2022 32220

21 aprel kuni Tver shahrida harbiy-kosmik mudofaa kuchlarining markaziy tadqiqot instituti binosida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi tan jarohatlari olgan. 

Yong‘in faqat 22 aprelga kelib butunlay o‘chirilgan.

TASS va Interfaks o‘z manbalariga asoslangan holda 10dan ortiq kishining taqdiri noma’lum qolayotgani, ular vayronalar ostida qolib ketgani taxmin qilinayotganini xabar qilgan. Shifoxonaga yotqizilganlarning 6 nafari jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Xabar qilinishicha, bino to‘liq yonib ketgan, butun institut maydoni bo‘ylab tom qulab tushgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, ayrim odamlar yuqori qavatlar derazalaridan sakragan va jarohatlangan. FVV ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchilarning bir qismi tutundan bo‘g‘ilib qolgan.

Guvohlarning aytishicha, zaharli tutun atrofni o‘rab olgani sabab ichkaridagilarni evakuatsiya qilish qiyin bo‘lgan.

Tverdagi markaziy ko‘cha bo‘lmish Afanasiya Nikitina ko‘chasidagi yong‘in soat 11:00 dan keyin chiqqan. «Kommersant»ning yozishicha, ikkinchi qavatdan yong‘in tezda yog‘oz shiftlar bo‘ylab tarqalgan va to‘rt qavatli binoning yuqori uch qavatini olov qamrab olgan. Yong‘in jami 1,5 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan.

Uni faqat kun oxiriga kelib o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan.

TASS agentligi xabar berishicha, favqulodda hodisa sababi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, elektr tarmog‘i avariya holatida bo‘lgani (bino va elektr uzatish simlari juda eskirgan) bilan bog‘liq.

G‘arbiy harbiy okrug Tver garnizonining harbiy prokuraturasi yong‘in yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

Institut saytida keltirilishicha, institut 2014 yil martida Rossiyaning aerokosmik mudofaa va harbiy-kosmik faoliyati, MDH davlatlarining qo‘shma havo mudofaasi tizimi muammolari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish, havo hujumidan mudofaa tizimlari va vositalarini rivojlantirish uchun tashkil etilgan.

«Kommersant»ning yozishicha, institut «Iskander» raketa majmuasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

«Bino 1947 yilda qurilgan. Binodagi ichi bo‘sh yog‘och pollar va kuchli shamol yong‘in kuchayib ketishiga sabab bo‘lgan», deya xabar qilgan FVVning oblast boshqarmasi vakili Aleksandr Jukov. Mahalliy «Tverigrad» nashri yozishicha, institutning eski korpusi butunlay yonib ketgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: