Jahonning eng chiroyli 24 masjidi: Qadimiy islom me’morchiligi va zamonaviy dizayn bilan bezatilgan qubbalar

Jahon 20:02 / 22.04.2022 43686

Ramazonning so‘nggi 10 kuniga atab Bayt Al Fann saytida butun jahondagi masjidlarning shiftlariga solingan maftunkor naqshlar surati e’lon qilindi.

Bayt Al Fann sayti (Bayt-ul fann arabchadan tarjima qilinganda «San’at uyi» ma’nosini beradi) Islomiy an’analar bilan bog‘liq arxitektura, san’at, rassomchilik namunalarini o‘rganuvchi va targ‘ib etuvchi, kreatorlar uchun global onlayn uy hisoblanadi.

Saytning yozishicha, bu fotogalereyani to‘plashdan maqsad — Ramazon oyining so‘nggi 10 kunida jahondagi ko‘plab musulmonlar tunlarni masjidlarda ibodat bilan bedor o‘tkazishadi. Masjidlarning shiftlariga, qubbasi ichiga solingan naqshlar va naqshinkor koshinlar olamning buyukligini aks ettiradi.

Jome masjidi. Andijon, O‘zbekiston.

Foto: baytalfann.com

Masjid qurilishi 1883 yilda boshlangan va 7 yil davom etgan. Betakror o‘ymakor naqshlarga ega yog‘och ustunlar geometrik naqshlar va nabotot elementlari qorishmasidan iborat yorqin bezaklarga ega shiftni tutib turibdi.

Shayx Lutfulloh masjidi. Naqshi Jahon maydoni, Isfahon, Eron

Foto: baytalfann.com

Masjid qurilishi 1603 yilda boshlangan va 1619 yilda tugatilgan. Fors podshohi Abbos I davrida bosh me’mor Muhammadrizo Isfahoniy tomonidan qurilgan. Qubba intererining qiziqarli detallari.

Jome masjidi, Yazd, Eron

Foto: baytalfann.com

XIV asrda qurilgan masjiddan hanuzgacha foydalaniladi. Ilk marta u Oli Buya shajarasidan Alouddin Garshasp davrida qurilgan. 1324 va 1365 yillarda jiddiy tarzda qayta qurilgan. Shifti go‘yoki sahroning yuragiga eltuvchi zinadek qurilgan.

Tokio masjidi. Tokioning Oyama-tyo Sibuya tumani, Yaponiya

Foto: baytalfann.com

Bu Yaponiyadagi eng katta masjid. Ilk marta 1938 yilda qurilgan masjidning hozirgisi 2000 yilda tugallangan. U Usmoniylar davri arxitekturasidan ilhomlangan turk me’mori Hilmi Senalp tomonidan loyihalangan.

Shoh masjid, Tehron, Eron

Foto: baytalfann.com

Porslik Fath-Ali Shoh Qojorning buyrug‘iga ko‘ra o‘zining Qojoriylar yangi shajarasi legitimligi isboti sifatida bir nechta bino qatori qurilgan. Qurilish 1810 yilda boshlanib, 1825 yilda tugallangan. Shiftdagi detallar kishini hayratlantiradi.

Sulton Qobusning katta masjidi, Masqat, Ummon.

Foto: baytalfann.com

1992 yilda Ummonning o‘sha vaqtdagi sultoni Qobus ibn Sayyid Ol Sayyid mamlakatda buyuk masjid qurishga buyruq beradi va masjid loyihalanib, qurilish ishlari 1994 yilda boshlanadi. Honaqohdagi qandilning balandligi 14 metrga teng.

Al-Asqariy masjidi, Samarra, Salohiddin muhofazasi, Shimoliy Iroq.

Foto: baytalfann.com

U ilk marta 994 yilda qurilgan va Bag‘dod shahridan 125 naridagi Samarra shahrida joylashgan shialarning masjidi va maqbarasidir. Bu koshinlar bilan bezatilgan masjid shialarning jahondagi eng muhim ibodatgohlaridan biri.

Bolo Hovuz masjidi, Buxoro, O‘zbekiston

Foto: baytalfann.com

1712 yilda Buxorodagi Registon maydonida, Ark qal’asi ro‘parasida bunyod etilgan. Ayvonning kirish qismida 1917 yilda bo‘yalgan yog‘och ustunlar o‘rnatilgan. Ustunlar rangli naqsh (nuqarna)lar bilan bezatilgan.

Juma masjidi, Dehli, Hindiston.

Foto: baytalfann.com

Boburshohlar imperatori Shohjahon tomonidan 1650 va 1656 yillar oralig‘ida qurdirilgan va uning birinchi imom Sayyid Abdulg‘ofur Shoh Buxoriy tomonidan ochib berilgan. Eski Dehlida joylashgan masjid Boburshohlar imperiyasi so‘ngiga qadar — 1857 yilgacha podsho oilasiga xizmat qilgan.

Nosir-ul-Mulk, Sheroz, Eron

Foto: baytalfann.com

Qojoriylar dinastiyasi boshqaruvi chog‘ida 1976 yilda Mirza Hasan Ali Nosir-ul Mulk buyrug‘iga ko‘ra qurilgan. Me’morlari Muhammad Hasani Me’mor, Muhammad Husayni Sheroziy va Muhammadrizo Koshisozi Sheroziy bo‘lgan.

Masjidul Nabaviy, Madina, Saudiya Arabistoni

Foto: baytalfann.com

Payg‘ambar Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) tomonidan Madinada Qubo masjididan keyin qurilgan ikkinchi masjiddir. Ayni paytda u kattaligi bo‘yicha jahonda Makkadagi Masjidul-haromdan keyingi o‘rinda turuvchi ikkinchi masjiddir.

Vazir Xon masjidi, Lohur, Pokiston

Foto: baytalfann.com

1641 yilda qurilgan masjid Boburshohlar sulolasi davrida yaratilgan o‘zining boy bezaklari, jumladan koshinkori deb ataluvchi fayans plitkalari bilan mashhur. Uning ichki qismlari ham Temuriylar davri freskalari bilan bezatilgan.

Hofiz maqbarasi, Sheroz, Eron.

 Foto: baytalfann.com

Mashhur fors shoiri Hofiz Sheroziyga atab 1773 yilda qurilgan. Ochiq pavilonlar Musalla bog‘ida joylashgan, mavsumiy daryoning shimoliy sohilida Hofizning marmar maqbarasi joylashgan.

Podshohiy masjid, Pokiston

Foto: baytalfann.com

Boburiylar imperatori Avrangzeb tomonidan 1671–1673 yillar oralig‘ida qurdirilgan ushbu masjid 1673 yildan 1986 yilgacha jahonning eng katta masjidi bo‘lib kelgan. Turli naqshlar o‘yilgan qizil qumtosh va marmarli qadama naqshlar Temuriylar davri arxitekturasining muhim namunasidir.

Qul Sharif masjidi, Qozon, Tatariston

 Foto: baytalfann.com

Avval masjid Qozon kremli ichida XVI asrda bunyod etilgan. O‘sha yerda xizmat qilgan diniy arbob Qul Sharif nomiga atalgan. Masjidning yangisi 1996–2005 yillarda qurilgan.

Arbil qal’asi yaqinidagi masjid intereri, Iroq.

Foto: baytalfann.com

Qur’on oyatlari tushirilgan turli xil rangdagi shiftga e’tibor bering.

Muhammad Ali-poshshoning buyuk masjidi, Qohira, Misr.

Foto: baytalfann.com

Muhammad Ali-poshshoning buyurtmasiga ko‘ra, 1830–1848 yillar oralig‘ida qurilgan. Qal’a yuqorisida joylashgan usmoniylar masjidi XIX asrning birinchi yarmida qurilgan eng katta masjid va Qohiraning eng ko‘zga tashlanib turuvchi masjidi bo‘lgan.

Shayx Zoyidning katta masjidi, Abu-Zabiy, Birlashgan Arab Amirliklari.

Foto: baytalfann.com

1994 yildan 2007 yilga kadar qurilgan mamlakatdagi eng katta masjid. Loyiha Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti shayx Zoyid ibn Sulton Ol Nahayon tomonidan taklif etilgan.

Kembrij markaziy masjidi, Kembrij, Angliya

 Foto: baytalfann.com

2019 yilda tugatilgan. Yevropadagi birinchi ekomustahkam masjid, uning dizaynida mahalliy arxitektura, islomiy mavzular, sakkiz burchakli ayvonni hosil qiladigan chirmashuvchi ustunlar uchun yog‘ochdan foydalanilgan.

Tillakori masjidi, Samarqand, O‘zbekiston

Foto: baytalfann.com

Qo‘shni Sherdor madrasasidan o‘n yil o‘tib ishga tushirilgan (1619–1636). Registon maydonida qurilgan eng so‘nggi, eng mashhur va eng chiroyli inshoot. Uning nomlanishi tilla bilan ishlangan degan ma’noni beradi.

Mozori Sharif, Afg‘oniston

Foto: baytalfann.com

Ko‘plab afg‘onlar bu manzilda Ali ibn Abu Tolib ko‘milgan,  deb hisoblashadi (Mozori sharif — muqaddas qabr degani). Bu ziyoratgoh 1136 yilda qurilgan, ichki shifti esa ranglar uyg‘unligi bilan ajralib turadi.

Sulton Ahmad masjidi, Istanbul, Turkiya

Foto: baytalfann.com

Usmoniylar imperiyasining tarixiy masjidi Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan. Hamon ishlab turgan masjid ko‘plab sayyohlarni ham jalb qiladi. U 1609–1616 yillar oralig‘ida Ahmad I hukmronligi ostida qurilgan.

Imom Rizo ibodatxonasi, Mashhad, Eron

Foto: baytalfann.com

Imom Rizo maqbarasi jahonda maydoni bo‘yicha eng katta masjid hisoblanadi. U hijriy 821 yilda Shohrux Mirzoning rafiqasi Gavharshod Xotun buyrug‘i bilan qurilgan.

Putra masjidi, Putrajayya, Malayziya.

Foto: baytalfann.com

Qurilish ishlari 1997 yilda boshlangan va ikki yil o‘tib tugallangan. Pushtirang qubbaga ega masjid pushti granitdan barpo etilgan, xonaqox, ichki hovli va madrasadan iborat. Masjid 15 ming kishini bag‘riga sig‘dirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: