Ukrainadagi vaziyat: kechagi kun bayonotlari, yo‘qotishlar, sanksiyalar, rejalar

Jahon 07:28 / 21.04.2022 43992

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina muzokara delegatsiyasi rahbari David Araxamiya prezident maslahatchisi Mixaylo Podolyak bilan agar Rossiya tomoni ishtirokni tasdiqlagan taqdirda birga Mariupol shahriga borib, joyida muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Avvalroq Mixaylo Podolyak Mariupolda muzokara o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan:

«Ha. «Hech qanday shartlarsiz. Mariupolda muzokaralarning maxsus raundini o‘tkazishga tayyormiz. Birga bir. Ikkiga ikki. Yigitlarimizni, azovchilarni, harbiylarni, fuqarolarni, bolalarni, tirik va yaralanganlarni olib chiqish uchun. Barchani. Chunki ular bizniki. Ular yuragimda. Doimo», — deb yozgan Tvitterda Podolyak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin kunlarda Ukrainaga Fransiyadan qurol-yarog‘ yetkazib berilishini xabar berdi.

O‘tgan sutka ichida Ukraina birlashgan qurolli kuchlari narigi tomonning 9 ta hujumini bartaraf etgan. Ukraina armiyasi 34 nafar rus askarini yo‘q qilgan.

Yo‘q qilingan texnikalar ichida bitta zenit raketali kompleks, bitta tank, bitta artilleriya tizimi, 10 birlikda zirhli texnika, 2 ta maxsus texnika, 2 ta avtomobil bor.

Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Donbassda bitta qanotli raketa, 3 ta Orlan-10 pilotsiz uchar qurilmani urib tushirishganini da’vo qilishgan.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «DXR» va «LXR» aholisiga yordam qo‘lini cho‘zish Rossiyaning Donbassdagi operatsiyasining asosiy maqsadi ekanligini ta’kidlab, «Moskva Donbassda tinchlik o‘rnatadi», dedi.

Mariupolda 9 may kuni «O‘lmas polk» aksiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ukrainada vatanga xiyonatda gumonlanayotgan Rossiya nazorati ostidagi shahar hokimiyati vakili xabar bergan.

Rossiya tovarlarning jahon bozoridagi taklifi sun’iy ravishda tiyib turilib, bu muvozanat buzilishiga va narxlarning keskin o‘sishiga sabab bo‘lmoqda, degan RF moliya vaziri Anton Siluanov.

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov. Foto: tvc.ru

Rossiya TIV Kiyev va NATO «maxsus operatsiyaning faol fazasi»ni ataylab cho‘zayotganini ta’kidladi. TIV maxsus vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, buning oqibatida Kiyev RF bilan muzokara jarayonini cho‘zish va ustuvor masalalarda konstruktiv muloqotdan qochishni maqsad qilgan. Moskva Kiyevni «RF bilan kelishuvlarning realistik variantlari»ni izlashga chaqiradi.

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar:

  • RF harbiy kosmik kuchlari o‘tgan sutka davomida Ukrainaning 73 ta harbiy obektlariga zarba berib, ikkita raketa-artilleriya qurol-yarog‘lari va o‘q-dori omborini yo‘q qilgan;
  • Zarbalar natijasida 150 nafar askar yo‘q qilingan;
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Donbassda ikkita Mi-8 vertolyoti va ikkita pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan;
  • RF raketa qo‘shinlari kun davomida Ukraina QKning to‘rtta boshqaruv punktiga zarba bergan;
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukrainaning 12 ta harbiy obekti nishonga olingan.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyalari

BMT: 24 fevraldan 19 aprelga qadar BMT Ukrainadagi tinch aholidan 5121 nafar qurbonni hisoblagan: asosan artilleriya va aviazarbalar natijasida 2224 kishi o‘ldirilgan, jumladan 173 nafar bolalar; 2897 kishi yaralangan, jumladan 280 nafar bolalar. Real yo‘qotishlar karrasiga ko‘proq.

Ukrainadagi urush natijasida mamlakat ichidagi maktab yoshidagi 3 million bolalar o‘quv jarayonini yig‘ishtirishga majbur bo‘lgan. BMTning «Barcha uchun ta’lim» tashabbusi ukrainalik maktab o‘quvchilarini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlashga ahd qilgan, degan BMT tashabbusi direktori Yasmin Sherif.

O‘tgan hafta ichida Rossiya Ukrainaga 15 ta batalon guruhlarini kiritgan. So‘nggi sutka ichida yana 4 ta guruh kiritilgan, degan AQSh Mudofaa vazirligining yuqori lavozimli vakili. AQShning baholashicha, ayni paytda Ukrainada Rossiyaning 82 ta batalon guruhi mavjud. Pentagon vakiliga ko‘ra, so‘nggi sutka ichida kiritilgan to‘rt guruhdan uchtasi sharqqa — Donbass tomonga yo‘l olgan.

Turkiya TIV rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li «Turkiya Putin va Zelenskiy o‘rtasida vositachi bo‘lishga, hattoki ularning uchrashuvini tashkillashtirishga intilmoqda», degan. U shuningdek, NATO davlatlari ichida «Ukrainadagi urush davom etishidan» va «Rossiyaning kuchsizlanishidan» manfaatdor kuchlar borligini ham ta’kidlagan. Chavusho‘g‘li Turkiyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishini kutmaslikka chaqirgan. Chunki, uning aytishicha, Anqara Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachi rolini o‘ynashni maqsad qilgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mahmud Chavusho‘g‘li. Foto: 24.sapo.pt

Chavusho‘g‘li Xitoyni agar u tomonlardan birini qo‘llaydigan bo‘lsa Ukrainadagi voqealar rivojini bir o‘zanga boshqara oladigan barqudrat davlat, deb atagan.

AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya hukumati kritik infratuzilma obektlari uchun ogohlantirish bilan chiqish qilishdi. Ta’kidlanishicha, ular Rossiya bilan bog‘liq hakerlar nishoniga aylanishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa hozir xavf ostida ekanligini ta’kidladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransiya va Yevropaning ayni damdagi vazifasi Ukrainadagi mojarolar yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanligini ta’kidladi.

Bloomberg nashri Ukrainaga bostirib kirish bo‘yicha yakuniy qarorni kimlar qabul qilgani haqida xabar berdi. Putindan tashqari Ukrainaga hujum qilish masalasida RF mudofaa vaziri Shoygu, FXXning sobiq rahbari, ayni paytda RF Xavfsizlik Kengashi kotibi Patrushev hamda RF QK Bosh shtabi rahbari Gerasimov qo‘llashgan.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini ishlab chiqayotganini aytib o‘tdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Flickr.com

«Biz buni bugun Sharl Mishel bilan muhokama qildik. Sanksiyalarni Rossiya harbiy mashinasozligi, umuman Rossiya davlatchiligi uchun chindan ham og‘riqli bo‘lishi ustida ish olib bormoqdamiz», — degan Zelenskiy.

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketini joriy etdi. Sanksiya ro‘yxatiga 40 ta yuridik, 29 ta jismoniy shaxs tirkaldi. Ularning orasida Rossiya Markaziy banki raisining o‘rinbosari Kseniya Yudayeva, «Otkritiye» banki boshqaruvi raisi Mixail Zadornov, shuningdek, «Transkapitalbank» bor.

AQShning yangi sanksiyalari Vashingtonning RFga nisbatan cheklovlarini aylanib o‘tishga uringan shaxslarga nisbatan ham qaratildi. AQSh Moliya vazirligi Davlat departamenti tomonidan 635 nafar Rossiya fuqarosiga nisbatan viza cheklovlari joriy etilganini e’lon qildi.

AQSh eng yirik kriptovaluta mayningi markazi Bitriver’ga nisbatan sanksiya joriy etdi. Markaz Bratsk alyuminiy zavodi va Bratsk GESi yonidagi binoni ijaraga olib ishlaydi. Bitriver oligarx Oleg Deripaska bilan bog‘liq.

Rossiya banklariga nisbatan sanksiyalar joriy qilinib, MasterCard, Visa va SWIFTdan uzilgach, Rossiyada Xitoyning UnionPay kartochkalari tizimiga ulanish va joriy etish g‘oyasi ilgari surilayotgan edi. Biroq UnionPay sanksiyaga tushgan Rossiya banklari uchun kartochka chiqarib bermasligini e’lon qildi.

Estoniya 9 may bayramini nishonlash doirasida SSSR va Rossiya ramzlaridan foydalanishga taqiq joriy etdi.

Chexiya Milliy banki Sberbank Europe guruhiga kiruvchi Sberbank CZ bankining litsenziyasini chaqirib oldi.

Hindistonning Tata Steel po‘lat eritish kompaniyasi Rossiya bilan hamkorlikni bas qilmoqda.

Rossiyalik va belaruslik tennischilarga «Uimbldon» turnirida ishtirok etish rasman taqiqlandi.

Qoratog‘da Rossiyaning davlat propagandistik Russia Today va Sputnik kanallari o‘chiriladigan bo‘ldi.

Kutilmalar va rejalar

Moskva ikkitomonlama kanallar orqali Shvetsiya va Finlandiyani NATOga a’zo bo‘lish oqibatlaridan ogohlantirgan.

BMT Bosh assambleyasida veto huquqi bo‘yicha ovoz berish kelgusi haftada o‘tkazilishi kutilmoqda, degan Lixtenshteynning doimiy vakili.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiya energiya tashuvchilarini xarid qilishni tobora qisqartirib, Rossiyaga energetik qaramlikni kamaytirishda davom etishadi, degan Jozep Borrel.

G7 davlatlari Ukrainaga 5 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam jo‘natishadi.

Fransiya prezidentligiga nomzod Marin Le Pen Rossiyadan gaz va neft embargosiga qarshi chiqdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniya 2022 yil oxiriga borib Rossiyadan neft import qilishni bas qilishni, 2022 yil yozi so‘ngiga borib Rossiya ko‘miridan ham voz kechishini aytib o‘tdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. Foto: agrarszektor.hu

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yana 800 million dollarlik qurol-aslaha jo‘natish bo‘yicha topshiriq berdi.

Britaniyalik taniqli arxitektor Norman Foster urushdan so‘ng Xarkov shahrini tiklashda ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: