Pavel Durov BAA fuqaroligini oldi

Jahon 20:35 / 21.04.2022 17402

Telegram asoschisi Pavel Durov Birlashgan Arab Amirliklari fuqaroligini oldi. Bu haqda Forbes Durovga yaqin bo‘lgan manbalarga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu tarzda Durov to‘rt mamlakat – Rossiya, Sent-Kits va Nevis, Fransiya hamda BAA fuqarosiga aylandi.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Durov BAA fuqaroligini 2021 yil fevralda olgan.

U sayohatlar uchun BAA va Fransiya pasportlaridan foydalanadi, «Sent-Kits va Nevis pasporti Durov Rossiyadan emigratsiya qilgan dastlabki yillarda kerak bo‘lgan», deya qo‘shimcha qilgan manba.

«Pavel Rossiyaga bormaydi va sakkiz yildan buyon bu mamlakatda hech qanday aktivlari yo‘q. Telegram Rossiyada ofis yoki xodimiga ega emas, Rossiyadagi foydalanuvchilar soni 8 foizdan oshmaydi», — degan yana bir manba. Uning aytishicha, Durovning Rossiya pasporti muddati «allaqachon tugagan».

Durov 2017 yilda Dubai Media City erkin iqtisodiy hududidagi binolardan birida Telegram bosh qarorgohini ochgan. U BAAga ko‘chib o‘tishi sababini erkin iqtisodiy hududda soliqlar yo‘qligi va «bir yilda 180 kun hukumatga ishlashni istamasligi» bilan izohlagan.

Ko‘proq yangiliklar: