Bayden: AQSh Ukrainaga og‘ir qurollar va dronlar yetkazib beradi

Jahon 19:54 / 21.04.2022 22240

AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan uchrashuv o‘tkazdi va Kiyevga jami qiymati 800 mln dollarni tashkil etadigan yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi. O‘tgan haftada ham shunday qiymatdagi paket ajratilgandi.

Bayden yangi paket og‘ir qurollar va ular uchun o‘q-dorilarni o‘z ichiga olishi, xususan o‘nlab gaubitsalar va ular uchun snaryadlar, shuningdek taktik uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib berilishini ma’lum qilgan. Ukrainada Amerika kalibrli snaryadlarining zaxiralari yo‘q.

Politico Pentagondagi manbasiga asoslanib, Ukrainaga yetkaziladigan qurollar ro‘yxatini keltirgan:

  • 72ta 155 mm kalibrli gaubitsa va 144 ming snaryad (o‘tgan safar faqat 18ta artilleriya tizimi berilgandi);
  • Gaubitsalar uchun 72ta shatakchi (tyagach);
  • «121tadan ortiq» Phoenix Ghost taktik dronlari;
  • Dala artilleriyasi uskunalari va ehtiyot qismlar. 

Phoenix Ghost dronlari haqida avvalroq Pentagon rasmiysi Jon Kirbi batafsil gapirgandi: ular AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan Kiyev ehtiyojlari uchun maxsus ravishda zudlik bilan qayta ishlangan va ko‘p jihatdan Ukrainaga avvalroq yetkazib berilgan Switchblade dronlariga o‘xshash hisoblanadi.

Bu qurilmalar matbuotda «osmonni qo‘riqlovchi o‘q-dorilar» yoki kamikadze dronlar deb ataladi. Ular o‘nlab kilometr masofalarga uchib, nishonga borishi va uni o‘zi bilan portlatishi mumkin.

Pentagondagi manba harbiy yuklar ortilgan ilk samolyot yaqin 24-48 soat ichida uchib ketishi, qurollar hafta oxiriga borib ukrainlar qo‘lida bo‘lishini xabar qilgan.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurollar to‘g‘ridan to‘g‘ri «erkinlik fronti liniyasi»ga - Rossiyaning yangi hujumlari boshlangan Donbassga yetkazib beriladi.

Amerika prezidenti aynan hozir Ukraina armiyasini ushbu hujumlarni qaytarishga tayyorlash uchun «kritik oyna» ekanini ta’kidlagan. Keyingi haftada uning ma’muriyati Kongressga Ukrainaga yordam uchun yangi budjet mablag‘larini ajratishni so‘rab murojaat qiladi.

«Men mablag‘ ajratish bo‘yicha Kongress taqdim etgan vakolatlarimni deyarli tugatdim. Kiyevga to‘xtovsiz ravishda qurol-yarog‘ yetkazilishini ta’minlash uchun kelgusi haftada Kongressga qo‘shimcha budjet so‘rovini yo‘llashimga to‘g‘ri keladi», dedi u.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti ukrainalik qochqinlarni qabul qilish dasturi ishga tushganini e’lon qildi.

Prezidentning chiqishidan oldinroq AQSh moliya vazirligi Ukrainaga «hukumatning muhim operatsiyalar»ni, boshqacha aytganda, davlat institutlari normal ishlashi, pensiya va budjet xodimlarining maoshlari to‘lanishini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln dollar ajratilishini e’lon qilgandi.

Chorshanba kuni prezident Bayden harbiy qo‘mondonlik bilan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Bundan tashqari, prezident ma’muriyati Rossiya kemalariga AQShdagi portlarga kirish taqiqlanganini ma’lum qilgan.

«Bu shuni anglatadiki, Rossiya bayrog‘i ostida suzuvchi yoki Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ish yurituvchi sub’yektga tegishli bo‘lgan yoki boshqariladigan birorta kema Qo‘shma Shtatlar qirg‘oqlariga langar tashlashiga yoki bizning qirg‘oqlarimizga yaqin kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Birortasiga ham! Birortasiga ham!» deya qayd etgan Bayden.

Shuningdek, Bayden ochiqchasiga AQSh Ukrainaga razvedka ma’lumotlari berishni davom ettirishini ma’lum qildi.

Ukrainlarni Amerika qurollaridan foydalanishga o‘rgatish

AQSh Mudofaa vazirligining yuqori martabali vakillariga tayanib, The Hill nashri xabar berishicha, AQSh harbiylari bir guruh ukrainalik harbiy xizmatchilarni Kiyevga topshirilgan gaubitsalarni ishlatishga o‘rgatishni boshladi.

«Gaubitsa artilleriyasi va ular uchun mo‘ljallangan snaryadlar Yevropaga yetib keldi, amerikalik harbiylar Ukraina kuchlarini undan qanday foydalanishni o‘rgatishni boshladi», deyiladi xabarda.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, 50 nafardan ortiq ukrainalik harbiy «Ukrainadan tashqaridagi nomi oshkor etilmagan mamlakat»da o‘qitiladi, keyin esa ular o‘z mamlakatiga qaytib, hamkasblari bilan o‘rgangan bilimlarini bo‘lishadi.

Ushbu ukrainaliklar guruhini o‘qitish ishlari bir hafta davom etishi mo‘ljallangan.

Ko‘proq yangiliklar: