Masjidul Aqsoda yana musulmonlar o‘qqa tutildi. Bu nega takrorlanaveradi?

Jahon 11:14 / 20.04.2022 72128

15 aprel, juma kuni Isroil politsiyasi go‘yoki masjid ichida norozilik uchun to‘plangan toshlarni olib chiqish uchun ichkariga kirganini iddao qilgan. Isroil tashqi ishlar vazirligi avvaliga politsiya ichkariga kirganini butunlay rad etdi, vaholanki buni isbotlovchi yuzlab videolar internetda tarqaldi, keyinchalik esa Isroil politsiya masjid hududiga kirishga «majbur bo‘lganini» ma’lum qildi.

Holatga birinchi bo‘lib odatdagidek Iordaniya hukumati munosabat bildirdi. Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safodiy Isroil Aqso masjidi hududidan maxsus kuchlarini tezda olib chiqib ketishini talab qildi. U ramazon oyida musulmonlar o‘zlari uchun muqaddas bo‘lgan qadamjoda bemalol ibodatlarini amalga oshirishlari kerakligini ta’kidladi. Safodiy Iordaniya hududdagi barcha provokatsion harakatlar to‘xtatilishiga erishishini ham aytdi.

Ilk noroziliklarda 150 dan ortiq falastinlik musulmon yaralandi, 400 ga yaqin falastinlik qo‘lga olindi. Politsiya islom olami uchun muqaddas bo‘lgan masjid ichigacha kirib, derazalarni sindirdi, odamlarga kuch ishlatdi.

Yakshanba kuni Isroil politsiyasi Qudducning yahudiylar Eski shahar deb ataydigan hududiga kirgach, yana to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Isroil politsiyasi rezina va ko‘zdan yosh chiqaruvchi o‘q ishlatdi. Falastinliklar esa odatiy «qurollari» toshdan foydalanishdi. To‘qnashuvlarda o‘nlab falastinliklar yaralandi. Isroil politsiyasi bu harakatini «muqaddas hududni yahudiylar kirishi uchun xavfsiz qilish» deb atadi. Aqso masjidi joylashgan maydonda yahudiylar ham muqaddas deb qabul qilgan qadamjo bor. O‘tgan yil ramazonda xuddi shu ko‘rinishdan nizolar G‘azoda 11 kunlik urushga aylanib ketgandi.

Masjidul Aqso nega mo‘minlar uchun muqaddas?

Musulmon olami uchun Quddusdagi Al Aqso masjidi alohida ahamiyat kasb etadi. Islom ta’limotiga ko‘ra, oxirzamon payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallam Me’rojga (ya’ni arshi a’loga) farishta Jabroil alayhissalom bilan birga aynan Aqso masjididan ko‘tarilganlar. Aqso Makkadagi Masjidul Harom va Madinadagi Masjidul Nabaviydan keyin islom olamida eng muqaddas dargoh sifatida e’tirof etiladi. Islom ummatining birinchi qiblasi bo‘lmish Aqso masjidi uchta dinning vatani bo‘lgan muqaddas Quddus shahrining ayni damda Isroil nazoratiga o‘tib qolgan hududida joylashgan.

Masjidul Aqso joylashgan maydonda yahudiylar Yig‘i devori deb atab e’tiqod qiladigan joy ham bor. Yahudiylar o‘zlari muqaddas deb ataydigan ushbu maydonga bemalol kiradi, ammo musulmonlar ko‘pincha muammoga duch kelishadi. Ayniqsa ramazon oyida.

Isroil politsiyasining iddaosicha, oxirgi to‘qnashuvda musulmonlar masjid ichiga tosh olib kirgan va bu maydonga boradigan yahudiylar uchun xavf tug‘dirgan. Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rdenah Isroil politsiyasining harakatlarini bosqin deb atadi.

Voqea guvohlari e’lon qilgan videolarda ko‘rish mumkinki, Isroil politsiyasi musulmonlarni rezina tayoq bilan kaltaklagan. Videolarda qari odamlar, hattoki nogironlar kaltaklanayotganini ko‘rish mumkin. Isroillik politsiya uchun javobgar vazir Omar Barlev diniy erkinlik muhim ekanini ta’kidladi, ammo «zo‘ravonlik bor joyda kompromissga borilmasligini» aytdi.

Politsiya musulmonlarni Aqso masjididan haydab chiqarayotganda o‘nlab yosh yigitlar ichkarida qolib qarshilik qilgan. Isroil politsiyasi esa ularga qarata rezina o‘q, ko‘zdan yosh chiqaruvchi granata otgan.

Tarixan Falastinga tegishli bo‘lgan va yahudiylar Ibodat tog‘i deb ataydigan hududga yahudiylarning kirishiga ruxsat berilgan, lekin ibodat qilishiga emas. Bu cheklovga qaramay, isroillik yahudiylar tez-tez Isroil politsiyasi qurshovida ibodat qilishga borishadi. Falastinliklar esa buni provokatsiya deb qabul qilishadi.

Falastin tomoni isroilliklar maydonga favqulodda ko‘pchilik bo‘lib tashrif buyurishidan xavotirga tushadi. Ularning qo‘rqishicha, Isroil Aqso joylashgan hududni ham tortib olishi yoki bo‘lishni taklif qilib qolishi mumkin. Bir guruh Isroil yahudiylari odamlarni Aqso masjidi joylashgan maydonga yahudiylarning diniy bayrami arafasida hayvonlarni qurbonlik qilishga chaqirib, bu uchun pul ham taklif qilgan. Isroil politsiyasi bu harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik ustida ishlayotgani aytildi, lekin falastinliklar orasida bu chaqiruv keng tarqalishga ulgurdi. Tabiiyki, bu ham musulmonlar orasida norozilikni kuchaytirdi. Isroil politsiyasi esa falastinliklarni noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda ayblagan.

Yana raketalar otildi

Tartibsizliklardan keyin Falastindagi HAMAS harakati Isroil tomonga raketalar uchirdi. Isroil tomoni raketalar havo hujumidan mudofaa vositalari yordamida urib tushirilganini ma’lum qildi. Keyinchalik Isroil HAMASning raketalariga javoban G‘azo sektoriga raketa uchirdi. Raketalar qurol-yarog‘ omborlari tomonga uchirilgani aytildi. Falastin Rossiyada ishlab chiqarilgan «Strela» raketasidan foydalandi.

Nega mojaro tinchimaydi?

Dunyoda o‘nlab mojarolar borki, ularni ayni damda ham faol fazada deyish mumkin. Bittasi butun boshli urushga ham aylanib ketdi. Ammo Isroil – Falastin mojarosi boshqalaridan doimiy «qaynab turishi» bilan farq qiladi. Birinchidan, hududdagi deyarli hamma bir-biri bilan sovuq aloqada. Ikkinchidan, tortishuvli hudud haqiqiy urush oqibatida tortib olingan.

Muammo ildizi birinchi jahon urushiga borib taqaladi. O‘shanda Britaniya go‘yoki xalqaro hamjamiyat so‘rovi bilan Falastinda yahudiylar uchun boshpanalar berishni tashkil etishga kirishdi. U vaqtda hududda asosan arablar va kam sonli yahudiylar yashagan. Yahudiylarga «milliy uy» berish haqida gaplar paydo bo‘lgach, arablarda norozilik kuchaydi. O‘tgan asrning 40-yillariga borib esa Falastindagi yerlarni ota-bobolariga tegishli deb hisoblagan yahudiylar yoppasiga ko‘chib kela boshladi. Ularning aksari Yevropadagi qatag‘onlar va Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi holokostdan qochib borgandi.

1948 yilda esa BMT shofeligida dunyo xaritasida Isroil degan davlat paydo bo‘ldi. O‘sha yili may oyida Isroil Britaniyadan ajralib chiqqan mustaqil davlat bo‘lganini e’lon qildi. Vaholanki arablar hudud ikkiga bo‘linib, arab va yahudiy davlati tuzilishiga qarshi bo‘lgan, hozirgacha buni qo‘llamaydi. BMT uch dinning vatani bo‘lmish Quddus xalqaro statusdagi shaharga aylanishini e’lon qilgandi, ammo tashkilotning juda ko‘p hujjatlari kabi bu ham amal qilmadi. Oxirzamon payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallam arshi a’loga ko‘tarilgan manzillari ekaniga imon keltiradiganlar Masjidul Aqsoga mana ikki asrdirki bemalol kira olishmaydi.

Gap mahalliy arab musulmonlarning muqaddas masjidga kira olmasligi haqida ketmoqda. Dunyoning boshqa davlatida yashovchi musulmonlar u yerga borib ziyorat qilishlari-ku juda qiyin ish. Aqsoga borish qiyinligidan ko‘pchilik VII asr oxirida bunyod etilgan Qubbat as-Sahro masjidini Rasululloh (s.a.v) Me’rojga ko‘tarilganlari Aqso masjidi deb o‘ylashadi. Tobeinlardan biri bosh bo‘lib bunyod etilgan bu masjid gumbazi quyoshrang bo‘lib, Qur’onda muqaddas yer deb e’tirof etilgan Quddusdagi Aqso masjidi joylashgan maydonda yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Internetda ham har qanday tilda Aqso masjidini so‘rab qidiruv berilsa, ko‘pincha aynan Qubbat as-Sahroning suratlari ko‘zga tashlanadi.

Isroil mustaqillik e’lon qilgach, qo‘shni arab davlatlari ham qo‘shin kiritib, mamlakatda urush boshlandi. Ammo kutilganidek Falastinni qo‘llash ko‘rinmadi. Hamma o‘z maydonini kengaytirish payiga tushdi. O‘t ochish rejimi to‘xtatilganiga qadar Isroil katta hududni bosib oldi, Iordaniya G‘arbiy qirg‘oqni, Misr G‘azoni egalladi. BMT xalqaro shahar bo‘lib qolishini e’lon qilgan Quddus ham ikkiga bo‘lindi. Yarmida Isroil, yarmida Iordaniya askarlari nazorat o‘rnatdi.

Olti kunlik urush

1967 yilda esa mashhur olti kunlik urush sodir bo‘ladi. O‘sha yilning 5-10 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan jangda Isroil Misr, Suriya, Iordaniya, Iroqdan iborat arab koalitsiyasiga qarshi jang qilib, o‘z hududidan 3,5 baravar katta yerlarni egallab oladi. 1967 yil tongida Isroil qiruvchi samolyotlari arab koalitsiyasini yakson qilib, bugun rasman o‘ziniki qilib olgan hududlarni 6 kun ichida egallaydi. Bu urushda Suriya Jo‘lon tepaligini, Misr Sinay yarimoroli va G‘azo sektorini, Iordaniya esa Iordan daryosining g‘arbiy sohilini boy beradi. Aynan shu urushdan so‘ng Isroil Quddusning egasi ekanini ayta boshlab, chegaralarini shahar hududidan belgilaydi.

1980 yilda Isroil Quddusni o‘zining ajralmas bo‘lagi deb e’lon qildi. Bugun esa Ikkinchi jahon urushigacha umuman mavjud bo‘lmagan Isroil davlati musulmonlar 16 asrdan buyon muqaddas hisoblaydigan Quddusi sharifni yahudiy davlat poytaxt deb biladi. Bu harakatlarni birinchilardan bo‘lib dastaklagan AQSh hatto o‘z elchixonasini shu shaharga ko‘chirdi. O‘tgan yilgi musulmonlarga qarshi zo‘ravonlikka ko‘z yumgan Jo Bayden kongressdagi musulmon va musulmonlarga befarq bo‘lmagan siyosatchilarning keskin tanqidlariga ham sabab bo‘ldi.

Xalqaro voqealarda o‘zini xalqaro politsiya rolida his qiladigan Amerika aynan Quddus atrofidagi zo‘ravonliklarga doimiy ko‘z yumishi mamlakatdagi asosiy kapital yahudiylarning qo‘lida aylanishi va «chuqur davlat» haqidagi mish-mishlarga yana yo‘l ochadi.

Quddus atrofidagi mojaro tinchimasligiga yana bir sabab shuki, Isroil hech kimning bu boradagi qarashlarini tan olmaydi, Falastinni esa amalda hech kim qo‘llamaydi. Na musulmon davlatlar va na BMT. Musulmon davlatlar oshib borsa ikki qator bayonot bilan kifoyalanadi, juda rahmi kelsa, gumanitar yordam yuborishi mumkin. Masalan, Arabiston yarimorolidagi davlatlar bugun Quddusdagi to‘qnashuvlarda falastinlik musulmonlar halok bo‘lganidan afsusdaligini bildirib qo‘yib, ertaga Isroil bilan strategik sheriklik bo‘yicha kelishuvga erishishi, o‘zaro parvozlarni amalga oshirishi odatiy holga aylandi.

Qo‘shni davlatlar bu mojaroning eng boshidan buyon yer dardida bo‘lib kelgan. Faqatgina Iordaniyadan dadil chiqishlar bo‘lib turadi. Xalqaro mojarolarni bartaraf etish uchun tuzilgan BMT esa qanchalik kuchsiz tashkilot ekani Yaqin Sharqdagi ushbu muammoda bot-bot ko‘rinaveradi.

Quddusga tomon siljish

Qur’onda nomi e’tirof etilgan 5 muqaddas shahardan biri bo‘lmish Quddusda oxirgi yillarda Isroil tomonidan ko‘plab uylar qurilmoqda. Ortda qolgan 50 yilda Quddusda Isroil tomonidan tinimsiz uylar qurildi va hozirgi mamlakatning 700 mingga yaqin fuqarosi aynan shu yerda yashaydi. O‘tgan yilgi urushga aylanib ketgan mojaroning sababi ham aynan uy masalasi bilan bog‘liq edi. Isroil oliy sudi 70 ta falastinlik oilasini Quddusdan ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgach, noroziliklar boshlanib ketgandi.

Mojaro tinchimasligining eng asosiy sababi shuki, falastinliklar tarixan o‘ziga tegishli bo‘lgan, bugun esa shunchaki kirib-chiqishda ham muammoga uchrayotgan hudud o‘nlab davlatlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan kelishilmagan chegara qismi emas. Gap juda muqaddas qarashlar, e’tiqod va Islom olami uchun qadrli bo‘lgan hudud haqida ketmoqda. Hozircha esa dunyoda bu milliardlarga daxldor muammoni tinch yo‘l bilan hal qila oladigan diplomatik kuch ko‘rinmayapti.

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: