Zelenskiy: Donbass uchun janglar boshlandi

Jahon 11:11 / 19.04.2022 56519

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning 54-kuni yakunida qilgan videomurojaatida Donbass uchun janglar boshlanganini tasdiqladi.

«Hozirda aytish mumkinki, Rossiya qo‘shinlari ko‘p vaqtdan buyon tayyorgarlik ko‘rilgan Donbass uchun jangni boshlashdi. U yerda rossiyalik harbiylarning katta guruhi hujumga o‘tish uchun to‘plangan. U yerga qancha harbiy olib kelinishidan qat’i nazar, biz himoyalanamiz. Kurashamiz. Biz buni har kuni qilamiz. Ukrainaning hech narsasini berib qo‘ymaymiz, boshqalarniki esa - bizga kerak emas», degan Zelenskiy.

Zelenskiy rus qo‘shinlari so‘nggi vaqtlarda sharq va janubda avvalgiga qaraganda rejalangan hujumlar amalga oshirishga urinayotganini qayd etgan.

«Bizning davlatimiz mudofaasidagi zaif joylarni izlashmoqda, shunday joydan asosiy kuchlarni olib kirish uchun», deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham urushning ikkinchi fazasi boshlangani haqida yozgan va Ukraina qurolli kuchlariga ishonishga chaqirgan.

Shuningdek Luhansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham feysbukdagi sahifasida bu haqda xabar qoldirgan.

U 18 aprel kuni Rossiya armiyasi Luhansk oblasti g‘arbidagi Kreminna shaharchasiga kirgani, bu yerda ko‘cha janglari boshlangani, endilikda tinch aholini evakuatsiya qilish imkonsiz ekanini yozgan.

U shuningdek Belarusning «Belsat» telekanaliga bergan intervyusidan parcha joylashtirgan, unda u Kreminna va Popasnaya shaharchalari Luhansk oblastidagi «eng qaynoq nuqtalar» bo‘lib turganini aytadi.

«[Kreminnaga] rossiyaliklar armiyasi kirgan, ulkan miqdorda texnika olib kelingan. Eng qaynoq [nuqta] aynan shu yerda. Biz odamlardan evakuatsiya bo‘lishni juda ko‘p iltimos qildik, o‘rmon yo‘llari orqali olib ketishni rejalashtirdim, ammo bir kechada barchasi o‘zgarib ketdi», degan Gayday.

U Kreminnada qancha tinch aholi vakillari qolganini aniq ayta olmagan.

Zelenskiy Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi raketalar qo‘llashni kamaytirmayotganini sanksiyalar sharoitida «strategik bema’nilik» deb atadi - sanksiyalar Rossiyaga raketa zaxiralarini tiklash imkonini bermaydi.

«Birorta raketa zarbasi Rossiya uchun vaziyatni tubdan o‘zgartirgani yo‘q. Ha, agar ularning barchasini birgalikda baholasak, xulosa shunday bo‘ladi - bu strategik bema’nilik», degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining hisoblashicha, Rossiya harbiylari hujumlarni kuchaytirish uchun Rostov oblasti va bosib olingan Qrimda qo‘shimcha bo‘linmalarni shakllantirishda davom etmoqda.

Ma’lum qilinishicha, bu bo‘linmalarni tayyor holatga keltirish sanasi - 24 aprel etib belgilangan.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) bosh kotibi Aleksey Danilovning xabar qilishicha, Belgorod oblastining Ukraina bilan chegara hududlarida vertolyot maydonchalari joylashtirilmoqda.

Danilov harbiy harakatlar boshlangan va davom etayotgan hududlarda yashovchi aholini imkon qadar evakuatsiya qilishga chaqirgan.

«Rossiyaliklar o‘z oldiga 1 yoki 9 maygacha emas, Pasxagacha Donetsk va Luhansk oblastlarini to‘liq egallash vazifasini qo‘ygan», degan kotib.

NYT: bu hali kuchli hujumga tayyorgarlik

Amerikaning New York Times nashri yozishicha, harbiy tahlilchilar Ukraina sharqida bo‘layotgan hodisalarni nisbatan keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik sifatida baholashmoqda.

Rossiya taxminan 500 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab shaharlar, infratuzilmalar va harbiy pozitsiyalarni o‘qqa tutmoqda, quruqlik qo‘shinlari esa hujumga o‘tgan.

Shu bilan birga, kuzatuvchilarning qayd etishicha, dushanba kungi harakatlar ancha vaqtdan buyon kutilgan keng ko‘lamli hujum emas va Rossiya Donbassga harbiylar va qurollarini olib kelishda davom etmoqda.

«Bu harakatlar to‘rtinchi kun davom etmoqda va shunchaki endi  intensivlik oshdi. Umuman olganda, ha, umumiy kartina yurish boshlangani va yaqin kunlarda hujumlar kuchayishini ko‘rsatmoqda», deya Ukraina qo‘mondonligi vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta.

Pentagon vakili Jon Kirbi ham Rossiya qo‘mondonligi hozircha keng ko‘lamli hujum boshlash uchun sharoit hozirlayotganini aytib o‘tgan.

Tahlilchilarning taxmin qilishicha, berilayotgan zarbalarning bir qismi Ukraina harbiylarini Xarkivda ushlab turish va asosiy zarbaga duchor bo‘ladigan Donbassga qo‘shimcha kuchlar yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

NYT’ning qayd etishicha, shaxsiy tarkibda va harbiy texnikalardagi ulkan yo‘qotishlar, logistika bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Rossiya zaxiralari bo‘yicha Ukrainadan ustunligicha qolmoqda.

Ammo Arlingtondagi CNA tahlil markazining Rossiya qurolli kuchlari bo‘yicha eksperti Maykl Kofman boshqacha fikrda.

«Men o‘ylaymanki, Donbassda nima ro‘y bermasin, Rossiya armiyasi allaqachon holdan toygan. Navbatdagi hujum hozir tuyulayotganidek dadil bo‘lmaydi», deya uning so‘zlarini keltirgan gazeta.

Rossiyaning Ukraina sharqi va janubida faollashishi: so‘nggi voqealar

Rossiya armiyasi Gulyaypole (Zaporijjya oblasti) va Mikolayivga hujum qilmoqda. Gulyaypolega zarbalar berilgan, shahar atrofida qaqshatqich janglar boshlangan.

Nikolayevda, shahar meri Aleksandr Senkevichning ma’lum qilishicha, portlash ovozlari eshitilgan, shaharga raketa zarbalari yo‘llangan.

Sharqda esa rossiyalik harbiylar ayni vaqtda Rubijne, Popasnaya va Severdonetskka hujum qilmoqda. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, dushmanning maqsadlari ma’lum, ammo Ukraina munosib javob qaytaradi.

«Ular bugun Kreminnani egallashganini aytishdi, aslida esa ular hech qayerni olishmadi, odatiy ko‘cha janglari ketmoqda. Ular shaharni egallashni va bu orqali yuqorida sanalgan shaharlarni «asosiy yer»dan uzib qo‘yishni istashmoqda. Bu Luhansk oblasti chekkasi, ular Luhanskni kesib qo‘yish, ihotalash va bizning qo‘shinlarni qurshovga olishni mo‘ljallashgan... Ikkinchi yo‘nalish - Izyumdan Luhansk va Kramatorskka», deya vaziyatni izohlagan Arestovich.

Ko‘proq yangiliklar: