Yaqin Sharqda yana keskinlik: Isroil G‘azo sektoriga aviazarbalar yo‘lladi

Jahon 21:25 / 19.04.2022 20943

O‘tgan hafta oxirida Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasi atrofida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar dam olish kunlari ham davom etdi. To‘qnashuvlar chog‘ida 170 nafardan ortiq kishi yaralangan, ularning aksari falastinliklar.

Al-Aqso masjidi Quddusning ko‘hna qismida joylashgan, islom dinidagi ardoqlanuvchi ziyoratgohlardan biridir. Bu yerda yahudiylar uchun ham muqaddas sanalgan - Ibodat tog‘i bor.

Quddusda hozirgiga o‘xshash vaziyat keskinlashuvi o‘tgan yilning bahorida ham kuzatilgandi va o‘shanda HAMAS Isroil hududiga raketalarini uchirgach, 11 kunlik urush bo‘lib o‘tgandi.

Isroil politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni falastinliklar Quddusning Eski shahar hududida isroilliklar avtobusini toshbo‘ron qilishi oqibatida bir necha kishi yaralangan.

Falastinliklar Isroilni musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida Al-Aqsoga hujum qilishda ayblamoqda. Isroil tomonining aytishicha, falastinliklar diniy bayramni nishonlayotgan yahudiylarning ushbu hududga kelishiga to‘sqinlik qilishgan.

Dushanba kuni kechqurun Isroil janubida sirenalar yangradi. Isroillik harbiylar G‘azodan uchirilgan raketa «Temir gumbaz» havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bilan urib tushirilganini ma’lum qilgan. Bir necha soat o‘tib harbiylar HAMASga tegishli bo‘lgan, qurol ishlab chiqariluvchi obektga javob zarbalari berilganini xabar qildi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil samolyotlari G‘azo sektorining janubiy qismiga zarbalar yo‘llagan, HAMASdagilar isroilliklarning samolyotlari o‘qqa tutilganini ma’lum qilishgan.

Xabarlarga ko‘ra, HAMASning harbiy qanoti hisoblangan «Qassam brigadalari» ilk marta Rossiyada ishlab chiqarilgan «Strela» raketalaridan foydalangan. Ikki tomon ham so‘nggi harbiy harakatlar vaqtida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar haqida xabar bermagan.

Hozircha Falastindagi harbiylashgan guruhlarning hech biri raketalar uchirilishi uchun mas’uliyatni zimmasiga olmagan, Isroil esa mamlakat hududiga yo‘llangan barcha raketa zarbalari uchun HAMASni aybdor qiladi va javob zarbalari qaytaradi.

Shuningdek, Isroil annexia qilingan G‘arbiy sohilga qo‘shimcha kuchlar tashlagan.

Quddusdagi keskinlik Isroilning Iordaniya bilan munosabatlarini murakkablashtirgan.

Iordaniya Sharqiy Quddusdagi muqaddas joylar, jumladan Isroil 1967 yilda bosib olgan, keyin annexia qilgan Eski shahar muhofazasi uchun mas’ul hisoblanadi.

Mamlakat tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Iordaniya dushanba kuni Isroilning muvaqqat ishlar vakilini «Isroilning muqaddas Al-Aqso masjidi hududidagi noqonuniy harakatlari uchun norozilik bildirish» uchun chaqirtirgan.

Iordaniya bosh vaziri Bisher al-Hasan parlamentga murojaatida shunday degan: «Men Isroil bosqinchi hukumati ko‘magida Al-Aqso masjidini tahqirlayotgan sionistlarga tosh otayotganlarning barchasini maqtashim kerak».

«Men Isroilni aslida biz duch kelayotgan zo‘ravonliklarda ayblovchi bayonotlarni jiddiy qabul qilaman. Ayrimlar toshbo‘ronni rag‘batlantirmoqda. Bu Quddusda zo‘ravonlik qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan g‘alamislar, birinchi navbatda HAMAS uchun mukofot bo‘ladi», degan Isroil bosh vaziri Naftali Bennett al-Hasanning chiqishidan keyingi videomurojaatida.

Bennet Isroil barcha din vakillari Quddusda xavfsiz ibodat qilishlari ta’minlanishi uchun barcha ishni qilayotganini aytgan.

Yakshanba kuni birinchi arab-isroil partiyasi, Isroil parlamenti tarkibiga kirgan «Raam» partiyasi Quddusdagi zo‘ravonlik holatlari tufayli koalitsiyadagi ishtirokini to‘xtatishini ma’lum qildi.

Bennnet murakkab vaziyatda qolgan: uning qiyinchilik bilan to‘plagan koalitsiyasi hukumat shakllantirilganidan atigi bir yil o‘tib Knessetdagi ko‘pchilik mavqeini yo‘qotdi.

AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays dushanba kuni Qo‘shma Shtatlar vaziyat keskinlashganidan «chuqur tashvishda» ekanini va AQShning yuqori martabali rasmiylari Isroil, Falastin va arab mamlakatlaridagi o‘z hamkasblari bilan telefon orqali bog‘langanini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh barcha tomonlarni «Al-Aqso» majmuasidagi tarixiy status-kvoni saqlab qolishga va provokatsion qadamlar tashlashdan tiyilishga chaqiradi.

BMT Xavfsizlik kengashi seshanba kuni shoshilinch o‘tkaziladigan yopiq majlisda Quddusdagi vaziyatni muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: