«Bunyodkor»: Yangi nomlarni kashf etish an’anasi davom etadi

Sport 20:35 / 14.04.2022 23754

«Bunyodkor» futbol klubi 2012 yilning yoz faslida «Jar» stadionidan poytaxtning Chilonzor tumanidagi sobiq MHSK o‘yingohi o‘rnida va unga tutash hududda yangi barpo etilgan zamonaviy majmuaga ko‘chib o‘tgach, klub qoshidagi futbol maktabining imkoniyatlari keskin ravishda oshdi. To‘rtta tabiiy, uchta sun’iy qoplamali FIFA andozalaridagi maydonlar, barcha sharoitlarga ega yotoqxona, turli fanlar yo‘nalishiga moslab jihozlangan o‘quv xonalari, oshxona, basseyn, trenajyor va sport zallari, tibbiy markaz... Bularning bari yosh futbolchilar ixtiyoriga berildi, yangi iqtidorlarni kashf etish uchun tuhfa etildi.

Foto: Bunyodkor

2019 yilning oktabr oyiga kelib, «Bunyodkor» futbol klubi akademiyasi hayotida yangi sahifa ochildi. Yurtimizga xalqaro miqyosdagi mutaxassis – vengriyalik Laslo Salai boshchiligidagi Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiylari tashrif buyurib, «Bunyodkor» FK akademiyasining faoliyati, tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulotlaridan tortib, bilim olish jarayoni, ularga yaratilgan imkoniyatlar, dargohning butun moddiy-texnika bazasigacha ko‘zdan kechirishdi, baholash tizimi bo‘yicha monitoringdan o‘tkazishdi. Bundan maqsad, «Bunyodkor» akademiyasi OFKning nufuzli yoshlar tizimidagi tasnifga ko‘ra, ikki yulduzli maqomga loyiqligi yoki yo‘qligini o‘rganish edi. Yakunda, «Bunyodkor» akademiyasi OFKning ikki yulduzli maqomiga loyiq ko‘rildi. Va bu borada Markaziy Osiyodagi birinchi hamda hozircha yagona ikki yulduzli akademiya sifatida tarixdan joy oldi. Butun Osiyoda ham ikki yulduzli akademiyalar kamsonli hisoblanadi. OFK bu toifaga kiritgan futbol maskanlari sifatida «Fukushima», «Gamba Osaka», «Kashima Antlers» (Yaponiya), «Seul» FK (Koreya Respublikasi), «Zob-Axan» (Eron), «Uestern Sidney Uonderers» (Avstraliya) akademiyalari kabilarni tilga olish mumkin.

Foto: Bunyodkor

Natijada avval boshqa klublarning tayyor futbolchilari evaziga shakllanib kelgan «Bunyodkor», mana, bir necha yillar bo‘lyaptiki, endilikda tarkibini akademiyadan yetishib chiqayotgan o‘z tarbiyalanuvchilari hisobiga to‘ldirib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, «Bunyodkor» akademiyasi allaqachon yangidan-yangi nomlarni kashf qiluvchi “iqtidorlar fabrikasi”ga aylanib ulgurgan. Akademiyaning ko‘plab tarbiyalanuvchilari bugungi kunda mamlakatimizda va xorij jamoalarida muvaffaqiyatli to‘p tepishmoqda. Chet elda javlon urayotgan Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov, Otabek Shukurov, Jasur Jaloliddinov, o‘zimizda o‘ynashayotgan Sardor Rashidov, Rustam Ashurmatov, Nurillo To‘xtasinov, Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulov, Rasul Yo‘ldoshev, Xurshid G‘iyosov, Suhrob Izzatov, Mirjahon Mirahmadov, Dilshod Ahmadaliyev va boshqa ko‘plab ular kabilar «Bunyodkor» akademiyasida tahsil olishgan, tarbiya topishgan. Bugunda ham yana yangi nomlar kashf etilishi davom etmoqda.

2022 yilning ilk kunlaridanoq «Bunyodkor» FKda yangi futbol mavsumiga taraddud boshlangan edi. «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, klub prezidenti Mehriddin Abdullayev qabulida 2 yanvar kuni tashkil etilgan yig‘ilishda klub direktori Ulug‘bek Mirzayev hamda bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov rahbardan tayyorgarlik rejalari bo‘yicha qat’iy topshiriq olishdi. Yig‘ilishda asosiy tarkibning bir qator tajribali a’zolari boshqa jamoalarga o‘tib ketganlari tufayli, ularning o‘rinlarini kimlarning hisobiga to‘ldirish jarayonida ustuvorlik akademiya bitiruvchilariga qaratilishini klub prezidenti Mehriddin Razzoqovich asosiy vazifa qilib belgilab berdi:

- O‘zbekistonda yoshlarga e’tibor hamisha yuqori darajada bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari yoshlarning ertangi kuni uchun doimo qayg‘urib keladi. Shu bois, o‘zining baquvvat akademiyasiga ega bizdek klub ham, birinchi navbatda, o‘z ichki imkoniyatlaridan keng foydalanishi zarur. Tarkibdagi yo‘qotishlarning o‘rni klubning o‘z tarbiyalanuvchilari orqali to‘ldirilishi lozim. Lekin, har qanday holatda ham, jamoaning asosiy maqsadi – sovrinli o‘rinlar uchun kurashish vazifasi o‘zgarmaydi. Va «Bunyodkor» yutuqlarga asosan o‘z tarbiyalanuvchilari bilan erishsa, bu barchaga judayam manzur bo‘ladi, - deb ta’kidlagan edi M.Abdullayev.

Foto: Bunyodkor

Buning uchun «Bunyodkor»ning bosh homiysi bo‘lmish «O‘zbekneftgaz» AJ klub va uning tizimidagi barcha jamoalarga yetarlicha sharoitlar yaratib bermoqda. Foydalanishga topshirilganiga o‘n yil bo‘lgan akademiyada o‘tgan oradagi davrda ko‘p narsa ta’mirga muhtoj holatga kelib qolgan edi. Sharoitlarni bugungi kun talablariga keltirish uchun bosh homiyning alohida e’tibori natijasida, hozirda akademiyada barcha jabhalarda holat ancha yaxshilangan, yangilangan va talab darajasida.

Yuqorida aytib o‘tilgan uchrashuvdan so‘ng murabbiylar shtabi tomonidan yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildi. Ushbu reja asosida akademiyaning ko‘zga ko‘ringan barcha iqtidorlari nazorat o‘yinlari orqali sinovdan o‘tkazildi. «Bunyodkor» saralab olingan yoshlar bilan fevral oyida Turkiyaning Antaliya shahriga jo‘nab ketdi va u yerda ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etildi.

Foto: Bunyodkor

Antaliya yig‘inida Ukraina, Armaniston va Rossiyaning nomdor jamoalariga qarshi sinov-nazorat uchrashuvlari o‘tkazilib, xalqaro o‘yinlar orqali toblangan yoshlar qisqa vaqt ichida «Bunyodkor»ning yetakchilariga aylanishdi. Jumladan, Jahongir O‘rozov, Muzaffar Olimjonov, Umarali Rahmonaliyev bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov bildirgan ishonchni oqlashmoqda. Garchi ular Superligada asosiy tarkibning haqiqiy o‘yinchilari sifatida ilk mavsumlarini o‘tkazayotgan bo‘lsalarda, maydonda o‘zini yo‘qotib qo‘yishmayapti. Aksincha, ishonch bilan harakat qilishmoqda.

Foto: Bunyodkor

Yoshlarning ishonchli va tartibli o‘yini futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ya’ni «Bunyodkor» tarbiyalanuvchilari Superliganing har turidan so‘ng ramziy terma jamoa tarkibiga kiritilmoqda. «Bunyodkor» o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, qisqa vaqt ichida o‘zbek futboliga yaqin kelajakda O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinchilari bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir necha yosh iqtidor egalarini tuhfa etdi. Shuningdek, Mahmud Mahammadjonov, Bilol Tupliyev, Umid Sultonov, Sirojiddin Bashriddinov kabi iqtidorlar ham bemalol akalarining o‘rnini bosa oladigan futbolchilarga aylanib borishmoqda. O‘z tarbiyalanuvchilariga tayanayotgan klubning tutgan yo‘li qanchalik to‘g‘ri ekanligini «Bunyodkor»ning bu yilgi Superligadagi natijalari ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, jamoa Superligada ortda qolgan 4ta tur uchrashuvlaridan keyin turnir jadvalida kuchli uchlikda emas, ammo sovrinli o‘rinlar uchun kurashdan ham uzoqda emas («Navbahor» bilan 4-5-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi). Asosiysi, bu natijalar yulduzli tarkib bilan emas, balki yosh tarbiyalanuvchilar bilan qayd etilayotgani e’tiborga molik. Bu kishini xursand qilmasdan qo‘ymaydi.

Foto: Bunyodkor

Yoshlar ligasida ishtirok etayotgan «Bunyodkor» o‘rinbosarlari a’zolari ham asosiy tarkib murabbiylar shtabi tomonidan doimiy kuzatuvda bo‘lib turishibdi. Tarkibida talaygina iqtidorlari bor o‘rinbosarlar jamoasi yangi mavsumni o‘ta ishonchli o‘tkazmoqda. Abduhamid Qodirov murabbiyligidagi yoshlar o‘tkazilgan to‘rtta uchrashuvning barchasida g‘alaba nashidasini surib, turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdilar. Qayd etilayotgan natijalarning o‘zi ham akademiya iqtidorlarga boyligini va ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligini anglatadi.

Tegishli yosh toifalaridagi O‘zbekiston terma jamoalarining murabbiylari safiga jalb qilingan «Bunyodkor» akademiyasidagi ustozlar Miraziz Mirzaahmedov, Jamoliddin Rahmatullayev kabi yosh mutaxassislar ham bir talay qobiliyatli futbolchilarni tarbiyalashmoqda. Aleksandr Zevadinov, Iskandar Soliyev singari o‘smirlar hozirdanoq katta umid uyg‘otishmoqda va sekin-asta asosiy jamoa eshigi sari shahdam qadamlar bilan yaqinlashyaptilar.

Qisqasi va eng muhimi, «Bunyodkor» bu orqali o‘zining yangi nomlarni kashf etish an’anasini amalda isbotlamoqda. Joriy yilda o‘zining 110 yilligini nishonlayotgan o‘zbek futbolining ertangi kuni uchun «Bunyodkor»ning hissasi chindan ham bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas!

«Bunyodkor» klubi axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: