«Atletiko» janjal bilan yakunladi, «Liverpul» 3ta gol o‘tkazib ham yarimfinalga chiqdi

Sport 12:55 / 14.04.2022 41034

Atletiko — Manchester Siti 0:0
Atletiko – Oblak, Savich, Felipe, Reynildu, Lodi (Korrea, 70), Lemar (Suares, 82), Koke (de Paul, 69), Kondogbia, Lorente, Grizmann (Karrasko, 69), Felish (Mateus Kunya, 82). 
Manchester Siti – Ederson, Uoker (Ake, 73), Stounz, Laport, Kanselu, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Sterling, 65), Rodri, Silva (Fernandino, 79), Foden, Mahrez.
Ogohlantirishlar: Felipe (24), Lorente (80), Rodri (85), Savich (90+1), Ake (90+1), Mahrez (90+5), Foden (90+7), Kanselu (90+7).
Chetlatish: Felipe, 90+1’ (ikkinchi s.k).
Birinchi o‘yin — 0:1.

Endi 5-5-0 emas
Manchesterdagi birinchi o‘yin «Atletiko» futbol falsafasi haqidagi munozaralarni jonlantirgandi. Bu yangi mavzu emas: Diyego Simeoneni ko‘pchilik u top-klubga qarshi o‘yinda haddan tashqari himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, tomoshaboplikni o‘ldirishi uchun yoqtirishmaydi. Lekin unutmaslik kerakki, argentinalik murabbiy Madridda kuchli jamoa shakllantirgan.

Ammo Manchesterda Simeone hatto o‘z standartlaridan ham oshib tushdi. O‘yinning katta qismini «Atletiko» 5-5-0 sxemasida himoyalanib o‘tkazdi, bu haqda Pep Gvardiola matbuot anjumanida ham alohida qayd etdi. «MS» murabbiyi hech bo‘lmasa bir gol urib olishganidan xursand ekanini aytdi.

Shubhasiz, «Siti» — sayyoraning eng kuchli jamoalaridan biri va bu jamoaga qarshi ochiq futbol namoyish etish qiyin. Ammo «Atletiko» o‘shanda umuman gol urishga urinmadi — UYeFA rasmiy statistikasiga ko‘ra, 90 daqiqa davomida «matraschilar» darvoza tomon biror marta zarba berishmagan. Bunaqasi Simeonening klub boshqaruvidagi erasida ilk bor ro‘y berishi edi.

Yuqori pressing, ammo foydasiz
Gvardiola safarda «Atletiko»dan tajovuzkor o‘yin kutgani aniq. Qolaversa, 1/8 finalda ispanlar o‘z maydonida «MYu»ga qarshi hujumkor o‘yin namoyish etgandi. Simeone chindan ham dadilroq o‘yin ko‘rsatdi — hech bo‘lmaganda, himoyalanish vaqtida uning jamoasi 5-4-1 emas, 5-3-2 taktikasida joylashdi.

«Atletiko» oldinroqda va intensiv pressing uyushtirdi. Angliyada madridliklar butun jamoa bo‘ylab ortda joylashgan va «Siti» futbolchilarini maydonning ikkinchi qismida qarshi olishga intilmagan bo‘lsa, endi Joau Felish raqibga ancha oldinroqda bosim o‘tkazdi. Ammo bu yetarli emasdi: Renan Lodi, Lorente va ayniqsa Grizmann ham pressingda ishtirok etishdi, ammo buni faqat «Atletiko» o‘lchovlarida agressiv deyish mumkin edi. «Siti» APL o‘yinlarining yarmidan ortig‘ida bundan kuchliroq va oldinroqdagi pressingga duch keladi.

Mezbonlar himoyada ixcham joylashuvni saqlab qolishdi, «MS» esa bunday himoyani yorib o‘tishga ortiqcha urinmadi — birinchidan, mehmonlarni hisob qoniqtirardi, ikkinchidan, ular uch kun oldin «Liverpul»ga qarshi jiddiy o‘yin o‘tkazishgan va uch kundan keyin ham shu jamoaga qarshi Angliya Kubogi finali o‘tkaziladi.

Gvardiola ham «Vanda Metropolitano»ga safar o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rgandi. Birinchi bo‘limda «Siti» baribir hujumkor o‘ynadi va gol urishga ham yaqin keldi, ammo Gundo‘g‘an Uoker boshlagan hujumni darvoza ustunini poylash bilan yakunladi. Angliyaliklar ham himoyada raqibga deyarli imkon berishmadi, faqat 35-daqiqada baribir mezbonlarda imkoniyat bo‘ldi: Kondogbiya uzoq masofadan zarba yo‘lladi. Bu «Atletiko»ning ushbu qarama-qarshilikdagi ilk zarbasi edi.

Diyegoning qayta qurishi
Madrid jamoasini passivlik uchun tanqid qilish mumkin, ammo jamoa o‘zining birinchi galdagi maqsadiga erishdi — o‘yin oxiriga qadar intriga saqlanib qoldi va «Atletiko»ga o‘yinni overtaymlarga o‘tkazish uchun bitta gol urish kifoya edi.

90-daqiqa yaqinlashgan sari Simeone o‘yinni o‘z darvozasi atrofidan uzoqlashtira boshladi. «Atletiko» ikkinchi bo‘lim boshidayoq ochila boshlagan, mezbonlar pressing tuzilmasini o‘zgartirishgandi: endi Felishga bu borada Grizmann faol yordam bera boshladi va qanot futbolchilari uzatmalarni oldinroqda to‘sishga urinishdi. «Siti» chindan ham bosimdan chiqib ketishda qiyinchilikka duch kela boshladi va Gvardiola qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi: Ederson to‘pni himoyachilarga uzatib berishni bas qildi — uzoq masofaga tepishga o‘tdi.

«Siti» futbolchilari ham tez-tez uzun uzatmalarga murojaat qila boshlashdi — bu Simeonening o‘zgartirishlariga reaksiya edi. Karrasko, De Paul va Korrea maydonga chiqqach, «Atletiko» faol hujum qilishga o‘tdi. Maydonda Suares paydo bo‘lgach esa,  «MS»ning vaziyati xavotirli tus oldi.

Finishdagi janjal
Ikkinchi bo‘limda Ederson darvozasi oldida vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi — bunday vaziyatlar oldingi uchta bo‘limdagidan ko‘ra ko‘proq bo‘ldi. 46-daqiqadan 82-daqiqagacha «Atletiko» zarbalar bo‘yicha katta ustunlikka ega bo‘ldi — 7:0. Fantastik statistika.

Asosiy vaqt tugayotganida ikki tomonning ham asablari charchadi — maydon burchagida haqiqiy mushtlashuv yuzaga keldi, bu mojaro Felipening chetlatilishi bilan yakunlandi.

Bu vaziyatda Felipe epizod yakunlanganidan keyin, maydon tashqarisida Fodenning oyoqlariga orqadan tepdi. Shundan keyin shou boshlandi, «Atletiko» futbolchilari raqib futbolchisini simulyatsiyada ayblashdi.

Hakam barcha futbolchilarga e’tibor qaratishga ulgurmadi va katta ehtimol bilan Savich faqat sariq kartochka bilan qutulib qoldi. U yerda yotgan Fodenni sudrab o‘rnidan turg‘izishga harakat qildi, takroriy videoda esa Felipe chindan ham angliyalik futbolchining oyog‘iga tepgani yaqqol ko‘rinib turgandi.

Ko‘p o‘tmay Savich Grilishning sochidan ushlab torta boshladi va raqib kuch bilan uning qo‘lini siltab tashlamaguncha qo‘yib yubormadi.

Hakam Felipega ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi (o‘yindan tashqaridagi epizodda qasddan qo‘pollik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil ko‘rsatish ham mumkin edi). U esa maydonni tark etishni istamay, o‘zining haqligini isbotlashga behuda urindi.

Janjal o‘yin yakunlangach, tribunalar ostidagi yo‘lakda ham davom etgan, kuzatuv kameralarida «Atletiko»ning boshqa bir himoyachisi Vrsalko raqib futbolchilari tomon buyum uloqtirgani va hatto tuflagani aks etgan.

Bu mojaro «Atletiko»ga salbiy ta’sir ko‘rsatdi — jamoa o‘yinni bazo‘r oxiriga yetkazib qo‘ydi. Madridliklar yakuniy shturmni qila olishmadi, «Siti» futbolchilari esa vaqt cho‘zishga kirishdi. Bu munosib qadamdek edi — madridliklar ham «MYu»ga qarshi o‘yin oxirida shunday yo‘l tutishgandi, umuman olganda, bunday taktikani tez-tez qo‘llab turishadi. Simeonega bu yoqmadi, ammo hech narsa qila olmasdi. Argentinalik mutaxassis Gvardiolani asabiylashtira oldi, ammo keyingi bosqichga baribir «Siti» yo‘l oladigan bo‘ldi.

Yarimfinalda Pepni Madridga qarshi yangi jang kutmoqda — «Real»ga qarshi.

Klopp yetakchilarga dam berib natijaga erishdi

Liverpul — Benfika 3:3
Gollar: Konate (21), Firmino (55, 65) — Ramush (32), Yaremchuk (73), Nunes (81).
Liverpul – Alisson, Gomes, Matip, Konate, Tsimikas, Milner (Alkantara, 58), Henderson (Fabino, 58), Keyta, Firmino (Origi, 90+1), Jota (Saloh, 57), Dias (Mane, 66). 
Benfika – Vlaxodimos, Jilberto (Diash, 90+1), Vertongen, Otamendi, Grimaldo, Taarabt (Joau Mariu, 66), Diogu Gonsalvesh (Yaremchuk, 46), Vaygl, Everton (Almeyda, 90+1), Nunes, Gonsalu Ramush (Paulu Bernardu, 78).
Birinchi o‘yin — 3:1.

Kunning ikkinchi o‘yinida Yurgen Klopp jamoasi o‘z uyida «Benfika» bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi. Germaniyalik mutaxassis «Siti»ga qarshi o‘yinga kuch tejash uchun Arnold, Roberson, Saloh va Maneni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.

Bu o‘yinda ham hisobni bo‘ydor himoyachi Konate ochdi. Firmino esa o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, egizak gollar urdi.

Safardagi birinchi o‘yinda inglizlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi va mehmonlarning uchta goli yetarli bo‘lmadi. Shu tariqa, «Liverpul» yarimfinalga chiqdi va bu bosqichda «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.

Yarimfinal o‘yinlari 26-27 aprel va 3-4 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: