Benzema «Oltin to‘p» uchun qadam tashladi, Emeri «Bavariya»ni ranjitdi. YeChL o‘yinlari

Sport 14:08 / 07.04.2022 25752

«Qirollik klubi» hujumchisi Chempionlar ligasida qatorasiga ikkinchi o‘yinda uch gol urmoqda. Madridliklar yarimfinal uchun jiddiy qadam tashladi.

Chelsi — Real 1:3
Gollar: Haverts (40) — Benzema (21, 24, 46).
Chelsi – Mendi, Jyeyms, Silva, Ryudiger, Kristensen (Kovachich, 46), Aspilikueta, Jorjino (Loftus-Chik, 64), Kante (Ziyosh, 46), Pulishich (Lukaku, 64), Maunt, Haverts. 
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao (Nacho, 64), Mendi, Modrich, Kroos (Kamavinga, 74), Kazemiro, Valverde (Sebalos, 86), Benzema (Beyl, 86), Vinisius Junior.
Ogohlantirishlar: Militao (14), Ryudiger (19).

YeChLning amaldagi g‘olibi va turnirda eng ko‘p g‘olib bo‘lgan klub uchrashuvi muxlislarga chiroyli o‘yin tuhfa etishi shart edi. Va muxlislar birinchi bo‘limdayoq kutilgan hissiyotlarga ega bo‘lishdi.

Albatta, o‘yinning asosiy qahramoni — Benzema. «Real» forvardi fenomenal mavsum o‘tkazmoqda: u madridliklarning 36 o‘yinida 37 gol urib ulgurdi va 34 yoshli fransuzni pensiyaga chiqarishga shoshilganlarning barchasining ovozini yopmoqda. Boshqa tomondan «Oltin to‘p»ni Messiga topshirganlarning ustidan kulmoqda.

O‘yindan oldin «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel «Real» hujumchisining o‘yinidan hayratlanishini yashirmadi. U Benzemani aynan ko‘p yillar mobaynida yuqori darajasini saqlab qolgani uchun maqtadi. Londonliklarda esa Drogbadan keyin u kabi saviyada va barqaror futbol namoysh etgan hujumchi bo‘lmagan. Bu mavsumda ham ko‘klarda markaziy hujumchi muammosi mavjud: jamoa Lukaku qiyofasida to‘purar hujumchiga ega bo‘lgandek edi, ammo u ishonchni oqlamadi va asli yarimhimoyachi bo‘lgan Havers «to‘qqizlik» rolini bajarmoqda.

Ammo u baribir Benzema bo‘la olmaydi. Fransuz futbolchisi top-uchrashuvlar taqdirini o‘zi hal qila oladi. Aynan u «PSJ»ga qarshi murakkab o‘yinda 17 daqiqada het-trik qayd etib vaziyatni o‘zgartirgandi, usiz «Real» Madridda «Barselona»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Stemford Brij»dagi chorakfinal o‘yinida maydonga tushdi — va yana uch gol. Chempionlar ligasi pley-offida top-klublarga qarshi ikki o‘yinda olti gol — bunaqasiga muxlislar anchadan buyon guvoh bo‘lishmagandi. 

Shu bilan birga Benzemaning porlashi ko‘zni qamashtirmasligi kerak: uning gollari — «Chelsi» futbolchilarining qo‘pol xatolari natijasi bo‘ldi. Londonliklar mudofaasi hatto Angliyada ham eng umidli himoyalar qatorida tilga olinmay qo‘ygan: o‘tgan shanbada ko‘klar o‘z uyida «Brentford»ga 1:4 hisobida yutqazishdi, barcha gollar markaziy hududdan o‘tkazildi. Tuxel jamoasi ikkinchi bo‘limda uch markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi va to‘rt gol qo‘yib yubordi. Germaniyalik mutaxassis YeChL o‘yinida ilk daqiqalardanoq shu sxemani tanladi, ammo bu himoyada qo‘pol xatolardan saqlay olmadi. Kristensen va Tiagu Silva birgalikda Vinisiusning uzatmasini yopishga chopishdi va Benzemani himoyasiz qoldirib, u hisobni ochishiga yo‘l qo‘yishdi. Ikkinchi golda ham shunga o‘xshash vaziyat: Modrich to‘pni darvozabon hududiga uzatib berdi, Silva Benzemani yopa olmadi, Kristensen esa negadir to‘p uzatilayotgan nuqtadan o‘zini olib qochdi. Yozda «Barselona»ga o‘tishi kutilayotgan daniyalik himoyachining madridliklarga qarshi o‘yinidan kataloniyaliklar hayratda emasligi aniq.

«Real» tanaffusgacha yirikroq hisobda chiqib ketishi mumkin edi: o‘yin boshida Vinisiusning zarbasi to‘singa tegdi, 42-daqiqada esa Benzema qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Bu epizodda Karimga borayotgan to‘pni Jorjino to‘sdi, hujumchi esa yo‘nalishini o‘zgartirgan to‘pni darvozaga to‘g‘ri yo‘naltira olmadi, bu vaqtda «Chelsi» himoyachilari ortda qolib ketishgandi.

Tuxel hisob 0:2 ko‘rinishida hisobni o‘zgartirish uchun nimalar qildi? Jamoadan qanotlarni ishga tushirish va Havers uchun o‘ynashni so‘radi. Bir safar o‘xshadi, Jyeyms Jorjino bilan kombinatsiyada nemis futbolchisi uchun golli vaziyat yaratishdi va «Chelsi» muxlislarida umid uyg‘ondi.

Ammo Benzema rahm qilmadi: unga ikkinchi bo‘lim boshidagi 45 soniya ulardan bu umidni olib qo‘yish uchun kifoya qildi. Karim avvalgi ikki golini o‘zi uchun odatdagidek — kerakli aqtda o‘zi uchun bo‘shliq topa olgan holda bosh bilan urdi. Uchinchi gol ham «Real» forvardi uchun xos uslub bo‘lib bormoqda: u oldinroqqa chiqib to‘pni qabul qilgan Mendiga bosim qildi va uni xato qilishga majburladi, to‘pga ega chiqqach, uzoq masofadan bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi. Chempionlar ligasida bunday holat ilk bor kuzatilishi emas. Karius, Ulrayx, Donnarumma — top-klublar darvozabonlari Benzema va o‘zlarining bosim ostida o‘ynay olmasliklari qurboni bo‘lishgan.

Mendining xatosi shuning uchun ham halokatli ediki, tanaffusda Tuxel jamoa tuzilishida jiddiy o‘zgarishlar qilgandi. Kante o‘rniga maydonga Kovachich tushirildi (birinchi bo‘lim davomida muxlislar Fabregasni tushirishni ham so‘rashgandi), himoyadagi Kristensen o‘rnini vinger Ziyoshga bo‘shatib berdi, ya’ni sxema xuddi «Real»dagi kabi 4-3-3 ko‘rinishiga keldi.

Bu «Chelsi»ga maydon markazida erkinroq nafas olishga imkon berdi, to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik «Real»dan tortib olindi va zarbalar soni ham oshdi. Umuman olganda, londonliklar tanaffusdan keyin yaxshiroq o‘ynay boshlashdi, ammo buning sabablaridan biri hisob madridliklarni to‘la qanoatlantirishi ham edi. «Chelsi» gol urishga yaqin keldi: Kurtua Aspilikuetaning uzoqdan yo‘llagan zarbasini olib chiqdi, Lukaku esa bir necha metrdan turib bosh bilan aniq zarba bera olmadi.

Nima bo‘lganda ham «Real» g‘alabaga haqliroq edi. O‘yin taqdirini birgina Benzemaning harakatlari emas, jamoa to‘g‘ri o‘ynagani ham hal qildi. «Chelsi» «Real»ga istagancha o‘ynashga qo‘yib berdi, raqib safida dunyo darajasidagi forvard bo‘lgan holatda esa bunday qilib bo‘lmaydi.

Emeri «Bavariya»ga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazdi, Ispaniyaning yettinchi o‘rindagi jamoasi «Vilyarreal» yarimfinalga chiqishga bel bog‘lagan

Vilyarreal — Bavariya 1:0
Gol: Danjuma (8).
Vilyarreal – Ruli, Foyt (Ore, 81), Albiol, Pau Torres, Estupinyan, Lo Chelso, Koklen (Pedrasa, 59), Kapu, Parexo, X.Moreno, Danjuma (Chukvueze, 81). 
Bavariya – Noyyer, Pavar (Zyule, 71), Ernandes, Upamekano, Devis, Gnabri (Sane, 62), Kimmix, Musiala, Myuller (Goretska 62, Roka 90+5), Levandovski, Koman.
Ogohlantirish: Estupinyan (74).

Chorakfinal uchun qur’a tashlanganida «Vilyarreal»ning holati xuddi «Benfika»nikidek edi. Ya’ni bu qarama-qarshilik natijasi ma’lum ekanini, ispanlar bu juftlikda autsayderligini aytishdi. Ammo «sariq submarinalar» — Yevropa Ligasining amaldagi g‘olibi, joriy mavsumda ikki safar uchrashuvida — «Atalanta» (guruh bosqichidan chiqish uchun hal qiluvchi o‘yinda 3:2) va «Yuventus»ni (nimchorak finalda 3:0) g‘alabaga erishganini unutmaslik kerak. Unai Emeri asosiy yevrokubok pley-offidagi omadsiz seriyasiga nihoyat barham berdi.

O‘yin arafasida murabbiy jamoasi o‘zining kuchli tomonlariga e’tibor qaratishi kerakligi haqida aytdi. Chempionlar ligasidagi 50-o‘yin Emeri uchun murakkab sinov edi. Bu bir yil oldin Levandovski safdan chiqib, kuchsizlangan «Bavariya» emasdi, jamoadagi barcha asosiy ijrochilar safda.

Jarrohlik amaliyotidan keyin formasini tiklagan Noyyerdan tashqari, o‘tgan uik-endda Goretska va Deyvis ham maydonga qaytgandi. Shu kunlarda 2021 yil yakunlariga ko‘ra Shimoliy Amerikaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan kanadalik vinger koronavirusdan keyin yurakdagi muammolarga duch kelgandi. U jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shilishiga 22 mart kun ruxsat berildi, Vilyarrealdagi o‘yin Deyvis uchun 17 dekabrdan buyon birinchisi bo‘ldi.

Umuman olganda, raqib dahshatli. Ammo maydonda ispanlar «Bavariya»dan qo‘rqib o‘tirishmadi. «Sariq submarinalar» o‘z uslubida mahorat bilan tempni o‘zgartirib o‘ynashdi. Goh maydonning o‘zlari tomonida bir necha himoya chizig‘i o‘rnatishdi va raqibni o‘rab olishdi. Goh maydon markazida yoki raqib hududida agressiv pressing qo‘llab, hujumlar uyushtirishdi.

Gol uchun ilk jiddiy hujumning o‘zi yetarli bo‘lib chiqdi. Lo Selso o‘ng qanotda Jyerar Moreno bilan devor uslubida o‘ynab, raqib jarima maydoniga kirib bordi, uning markaz tomon uzatmasidan keyin Dani Parexo zarba berdi, to‘p yo‘nalishiga Danjuma «tovoni»ni qo‘ydi va hisob ochildi. Niderlandiyalik futbolchi turnirda olti gol urdi va klubning YeChLdagi eng yaxshi to‘purariga aylanib oldi.

«Vilyarreal» hujumlardan maksimal natija chiqarishga harakat qildi, birinchi bo‘lim yakunida Koklenning havolatib yo‘llagan uzatmasidan keyin to‘p Noyyer qo‘riqlayotgan darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi, ammo kichik ofsayd «Bavariya»ni tanaffusga dahshatli hisobda chiqib ketishdan asradi. Ammo bu bo‘limda baribir myunxenliklar o‘ziga o‘xshamadi, 45 davomida mehmonlar biror marta darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llamadi.

Muvaffaqiyatsiz raund o‘tkazgan bokschi kabi bo‘lgan nemislarga tanaffus kerak edi va Yulian Nagelsmann tanaffusda jamoani o‘ziga keltirishga harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda «Vilyarreal» vaqti vaqti bilan jarima maydoniga qamala boshladi, Myullerga esa darvozani ishg‘ol etishga bir necha santimetr yetmadi. Lekin qarshi hujumlar uyushtirish uchun bo‘shliqlarga ega bo‘lgan ispanlar ham bir necha daqiqa ichida Moreno ishtirokida ikkita xavfli vaziyat bilan javob qaytarishdi. Birinchi holatda bavarlarni darvoza ustuni qutqardi. Ikkinchisida — Deyvisning podkati.

Keyin «Vilyarreal»ning eng yaxshi to‘purari maydon markaziga chiqib kelgan Noyyerni bo‘sh qolgan darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur qilishi mumkin edi, ammo germaniyalik darvozabonning uzatmasini egallab olgan Moreno uzoq masofadan aniq zarba bera olmadi. Agar mezbonlar ikkinchi bo‘limdagi vaziyatlaridan foydalana olishganida, Ispaniyada ayni vaqtda yettinchi o‘rinda turgan jamoaning futbolini mukammal deb atash mumkin bo‘lardi.

Emeri o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini bajardi — javob o‘yini oldidan intriga saqlab qolindi. «Bavariya» bu qarama-qarshilikda hamon favorit bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, «Vilyarreal» — Myunxenda yetti gol o‘tkazib beradigan «Zalsburg» emas (nimchorak finalda avstriyaliklar o‘z uyida 1:1 o‘ynagan, javob o‘yinida 1:7 hisobida yutqazgan). Nemislarda esa qo‘shimcha motivatsiya bor, Ispaniyadagi o‘yin oxirida Pau Torres Goretskaning yuzini qonga belaganidan keyin ham arbitr penalti belgilamadi. Emeri uchun g‘azabga mingan «Bavariya»ni to‘xtatish — juda qiyin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: