Jahon chempionatini o‘tkazib yuboradigan 11 yulduz futbolchi

Sport 12:48 / 03.04.2022 46008

Erling Holand, Norvegiya

Norvegiya termasini saralash sikli boshlanishi arafasida Niderlandiya va Turkiya bilan bir guruhda favorit deb hisoblash qiyin edi, ammo turnir boshlanganida, Holand va kompaniya birinchi pog‘onada yurdi. Holand jarohat olgach esa, natijalar yomonlashdi, so‘nggi turlarda Latviya bilan durang va Niderlandiyadan mag‘lubiyat skandinavlarni o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish imkonidan ham mahrum qildi.

Holand faqat dastlabki olti o‘yinda ishtirok eta oldi va bu o‘yinlarda besh gol urdi. Agar yetakchining sog‘ligida muammo yuzaga kelmaganida, Norvegiya 1998 yildan buyon ilk bor jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardi. Hozircha 21 yoshli hujumchi asosiy e’tiborni klubdagi faoliyatiga qaratishiga va keyingi yirik xalqaro turnirni kutishiga to‘g‘ri keladi.

Foto AFP

Muhammad Saloh, Misr

Muhammad Saloh so‘nggi ikki oyni xotirasidan o‘chirib yuborishni istashi tayin. Ammo «Liverpul»dagi jamoadoshi Sadio Mane bunga yo‘l qo‘ymaydi. Avvaliga senegallik futbolchi fevraldagi penaltilar seriyasida Saloh yana Afrika chempioni maqomiga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qildi. Finalda misrlik futbolchilar 11-metrli zarbalarni shunchalik yomon ijro etishdiki, ularning asosiy yulduziga navbat ham yetib kelmadi.

Mart oyi oxirida unda qasos olish imkoni paydo bo‘ldi. Senegal va Misr Qatar chempionati yo‘llanmasi uchun o‘tish o‘yinlarida o‘zaro raqibga aylandi. Birinchi o‘yinda misrliklar g‘olib bo‘lishdi (1:0), javob uchrashuvida esa senegalliklar tezkor gol urishdi, ammo o‘z muvaffaqiyatlarini rivojlantira olishmadi. G‘olibni aniqlash uchun yana o‘yindan keyingi penaltilar seriyasiga murojaat etildi. Misr bosh murabbiyi Karlush Keyrush bu safar zarba beruvchilar tarkibini o‘zgartirdi va Salohni birinchi navbatga qo‘ydi, ammo sardor mas’uliyatni ko‘tara olmadi va hatto zarbani darvoza sohasiga aniq yo‘llay olmadi. Senegallik muxlislar o‘yin davomida ham, penaltini tepish vaqtida ham Salohning yuziga lazer ukazkalar bilan nur tushirib turishdi, ammo bu natijani bekor qila olmaydi.

Mane esa penaltilar seriyasini aniq zarbasi bilan yakunlab berdi va Salohni ikki oy ichida ikkinchi bor ortda qoldirdi.

Foto AFP

Hoqon Chalxono‘g‘li, Turkiya

Turkiya termasining hujumkor yarimhimoyachisi Hoqon Chalxono‘g‘li so‘nggi mavsumlarda Italiya A Seriyasining o‘z pozitsiyasidagi eng kuchli futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. «Milan» va «Inter» safidagi ishonchli o‘yinlaridan tashqari, Chalxono‘g‘li jahon chempionati kvalifikatsiyasida ham o‘zini ko‘rsatdi. 28 yoshli ushbu turk yulduzi 11 o‘yinda uch gol urdi va besh assist muallifi bo‘ldi. Ammo Chalxono‘g‘lining sport formasi yomonlashishi Portugaliyaga qarshi o‘tish o‘yini o‘tkazilgan davrga to‘g‘ri keldi, bu o‘yinda turklar 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi, «Inter» yarimhimoyachisi esa sariq kartochka olish bilan kifoyalandi.

Foto AFP

Zlatan Ibrahimovich, Shvetsiya

O‘zini tarixdagi eng kuchli futbolchi deb ataydigan Zlatan jahon chempionatlarida ikki bor qatnashgan, ammo u uchun so‘nggi mundial 2006 yilga to‘g‘ri keladi. Shvetsiya termasi Rossiyada o‘tgan JCh-2018da chorakfinalgacha yetib borgan, ammo bu turnirga Ibrahimovich bormagan, u 2016 yilda xalqaro faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi.

Besh yil o‘tib «Milan» hujumchisi terma jamoaga qaytishga qaror qildi. 40 yoshli Ibrahimovich JCh-2022 saralashida besh o‘yinda qatnashdi va ikki golga hammualliflik qildi. Chexlarga qarshi birinchi o‘tish o‘yinida (1:0 q.v.) u sariq kartochkalari ko‘payib ketgani uchun qatnasha olmadi, Polshaga qarshi ikkinchi o‘yinda (0:2) faqat 80-daqiqada maydonda paydo bo‘ldi.

Yoshi o‘tib qolganiga qaramay, Ibra terma jamoadan ikkinchi marta ketishi haqida e’lon qilishga shoshilmayapti. Ammo JCh-2022 boshlanganida u 41 yoshda bo‘ladi.

Foto Global Look Press

Jorjino, Italiya

Italyanlar Yevropaning amaldagi chempioni bo‘laturib, keyingi mundialga yo‘llanma ololmagan tarixdagi to‘rtinchi jamoa bo‘lishdi. Oxirgi bor bunday holat Gretsiya bilan kuzatilgan, Yevro-2004da sensatsiya ko‘rsatgan greklar JCh-2006ga chiqa olishmagandi. Italiya bunday tryukni takrorlashini hech kim kutmagandi.

Roberto Manchini tuzgan jamoada yaqqol ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan futbolchi Jorjino hisoblanadi. Ushbu yarimhimoyachi 2021 yilda katta natijalarga erishdi: «Chelsi»ga Chempionlar ligasida g‘olib chiqishda, Italiyaga esa — Yevro-2020 g‘olibi bo‘lishda yordam berdi. Ammo JCh saralashida uning xatolari ikki marta italyanlarni ochkolardan mahrum qildi: gap guruh o‘yinlaridagi asosiy raqobatchi Shveytsariyaga qarshi o‘yinlarda urilmagan penaltilar haqida (0:0 va 1:1).

Adolat uchun aytish kerakki, barcha aybni Jorjino zimmasiga ag‘darish kerak emas. Kuchli tarkibdagi shveysarlarga qarshi o‘yinlardan tashqari, Italiya Bolgariya (Florentsiyadagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi) va Shimoliy Irlandiya (0:0) bilan o‘yinlarda ham ochko yo‘qotdi. O‘tish o‘yinida esa Shimoliy Makedoniyadan 90+2-daqiqada gol o‘tkazib, mag‘lub bo‘lishdi (0:1).

Foto Global Look Press

Riyoz Mahrez, Jazoir

Pep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti»ning muhim futbolchilaridan bo‘lgan Mahrez Muhammad Salohning taqdirini takrorladi. To‘g‘risi, u bilan yanada yomonroq holat yuz berdi. Afrikaning amaldagi chempionlari bo‘lgan Jazoir fevraldagi turnirda guruhdan ham chiqa olmadi, mart oxiridagi o‘yinda esa dahshatli mag‘lubiyatga uchrab, Kamerunni mundialga kuzatishga majbur bo‘lishdi.

Jazoirliklar safardagi birinchi o‘yinda g‘alaba qozonib (1:0), ikkinchi o‘yin arafasida qulay imkoniyat hosil qilishgandi, vazifa — yutqazmaslik edi. Jamoani 22-daqiqada Erik Maksim Shupo-Moting tomonidan urilgan gol sindira olmadi. Jazoir o‘yin davomida to‘liq ustunlikka ega bo‘ldi, ammo hisobni tenglashtira olmadi. 49-daqiqada hakam Islom Slimanining golini ofsayd tufayli bekor qildi. Qo‘shimcha bo‘limlar boshlanganida, 98-daqiqada forvardning yana bir goli inobatga olinmadi — bu vaziyatda u bosh bilan bergan zarbadan keyin to‘p qo‘liga ham tegib darvoza to‘riga kirgan deb topildi. Hatto bu ham jazoirliklarning ruhini cho‘ktira olmadi va 118-daqiqada burchak zarbasidan keyin Ahmad Tuba hisobni tenglashtirdi.

Lekin Jazoir baribir ustunlikni boy berdi. Afrikada hamon safardagi gol qoidasi amalda, shuning uchun Kamerunga o‘yin oxiriga qadar yana bir gol urish Qatarga yo‘llanma olish uchun kifoya qilardi. Karl-Toko Ekambi 120+4-daqiqada urgan gol Jazoirni jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qoldirdi. Natijada Mahrez qatorasiga ikkinchi marta mundialni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Foto Global Look Press

Viktor Osimhen, Nigeriya

Ikki yil muqaddam «Napoli» «Lill»ga Osimhen uchun 75 million yevro to‘lagandi. Hozircha uni Italiya chempionatida superyulduzga aylandi deyish qiyin, ammo Neapolda ushbu nigeriyalik futbolchi o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda. O‘tgan mavsumda forvard A Seriyaning 24 o‘yinida 10 gol urgandi, bu mavsumda esa Osimhenning hisobida 20 o‘yinda urilgan 11 gol bor. Statistika yanada yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi, ammo jarohatlar bunga yo‘l qo‘ymayapti.

Tabiiyki, 23 yoshli hujumchi milliy jamoaning asosiy tarkib futbolchisi. U fevral oyida Afrika Kubogi o‘yinlarini koronavirus tufayli o‘tkazib yubordi, Nigeriya esa 1/8 finaldayoq ishtirokini to‘xtatdi. JCh-2022 saralashida Osimhen sakkiz o‘yinda to‘rt gol urishga erishdi, ammo bu yetarli bo‘lmadi. Safarda urilgan gol qoidasi uning jamoasi zarariga ishladi. Ganada golsiz durang qayd etgan nigeriyaliklar o‘z uyidagi uchrashuvning 10-daqiqasidayoq gol o‘tkazib yuborishdi. Nigeriya hisobni tenglashtirdi, ammo g‘alabaga erisha olmadi. Hisob 1:1 bo‘lib turganida Osimhenning goli ofsayd tufayli bekor qilindi.

Foto AFP

David Alaba, Avstriya

Alaba uchun abadiy muammo — terma jamoaning turnirlardagi ishtiroki. Avstriyada uning darajasidagi futbolchilar shunchaki yo‘q. Ammo bu safar «Real» himoyachisi xalqaro turnir yo‘llanmasi uchun kurashda shunchaki imkonsiz qoldi. Saralash bosqichida guruhda 4-o‘rinni olganiga qaramay, avstriyaliklar Millatlar ligasidagi yaxshi ishtirok tufayli o‘tish o‘yinlarida qatnashish imkoniga ega bo‘lishdi.

Ammo Alabaning jahon chempionati yo‘llanmasi uchun umidlarini jamoadoshi — Garet Beyl ko‘mib qo‘ydi. Uels termasiga borganida u butunlay boshqa futbolchiga aylanadi va bu safar ham shunday bo‘ldi. Ushbu vingerning dubli uelsliklarga Avstriya ustidan g‘alaba keltirdi (2:1). Alaba professional futbolchilik faoliyatida 13 yildan buyon mundialsiz qolmoqda va bundan keyin ham jahon chempionatida ishtirok etishi so‘roq ostida.

Foto Global Look Press

Arturo Vidal va Aleksis Sanches, Chili

Chili Qatarga yo‘llanma ololmaganini hozirda sensatsiya deyish qiyin, ammo muxlislar ularni mundialda ko‘rishga odatlanib qolishgandi. 2015 va 2016 yillarda Amerika Kubogi chempionlari bo‘lgan chililiklar JCh-2022 saralashida guruhda 7-o‘rinni olishdi. Jamoa yetakchilari — «Inter» futbolchilari Arturo Vidal (34 yosh) va Aleksis Sanches (33 yosh) — keksaydi, yosh avlod vakillari esa ularning darajasiga chiqa olmayapti. Natijada chililiklar qatorasiga ikkinchi bor jahon chempionatini o‘tkazib yuborishmoqda.

Foto Global Look Press

Luis Dias, Kolumbiya

Ilk o‘yinlaridanoq «Liverpul»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylangan Luis Dias chililiklarga qaraganda Qatar yo‘llanmasiga yaqinroq edi.  Dias o‘tgan yil yozida Amerika Kubogida porlagan va to‘rt gol urgan, jumladan Braziliya darvozasini qaychi uslubidagi zarba bilan ishg‘ol qilgandi.

JCh-2022 saralashida Dias o‘sha turnirdagi kabi yorqin bo‘la olmadi, ammo yuqori darajada o‘ynashda davom etdi. Kolumbiyaliklar juda ko‘p o‘yinda durang o‘ynab yuborishdi — 18 o‘yindan 8tasida, jumladan autsayderlarga qarshi o‘yinlarda ham (Venesuela bilan 0:0, Boliviya bilan 1:1). Natijada Kolumbiya milliy jamoasiga Osiyo vakiliga qarshi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish uchun bir ochko yetmadi va pley-offda Peru o‘ynaydigan bo‘ldi.

Qatarga boradigan 29 milliy jamoa nomi ma’lum bo‘lib ulgurgan. Qolgan uchta yo‘llanma uchun Uels-Ukraina/Shotlandiya, Peru-BAA/Avstraliya hamda Kosta-Rika va Yangi Zelandiya jamoalari kurashni davom ettirishadi. Shunday ekan, turnirga bora olmagan yulduzli futbolchilar ro‘yxati yana kengayishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: