Muammoga aylangan imtiyozli kreditlar soliq to‘lovchilar yelkasiga yuklatilishi mumkin

Iqtisodiyot 12:45 / 02.04.2022 36558

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan muammoli kreditlar soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanishi mumkin.

Gazeta.uz'ning xabar berishicha, 9 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishning 3-sonli bayonnomasiga asosan, Markaziy bankka 2017−2021 yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan, lekin haligacha qaytarilmayotgan muammoli kreditlarni hokimliklar mahalliy budjetlarining oshirib bajarilgan qismi hisobiga qoplash masalasida Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritish yuklatilgan.

Qayd etilishicha, muammoli kreditlarning yuqori ulushi Namangan, Andijon, Jizzax va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur viloyat hokimlari birinchi o‘rinbosarlarining (tegishli ravishda Tolib Yusupov, Otabek Tursunov, Abduvali Mustanov va Jamshid O‘roqov) kredit mablag‘larini undirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topilgan. Ular bu masala yuzasidan komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga hisobot tayyorlashlari kerak bo‘ladi. Bayonnomada muammoli kreditlarning aniq miqdori ko‘rsatilmagan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 fevral holatida banklarning kredit portfelidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 11 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning 1 fevral holatida 8,76 trln so‘m bo‘lgan: 1 yil davomida o‘sish sur’ati – 26,3 foiz.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning Hisob palatasiga tayanib yozishicha, 2021 yilda prezident qarori (PQ-5041, ushbu qaror doirasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid 6ta dasturga 2021 yilda qariyb 9 trln so‘m mablag‘ berilishi ko‘zda tutilgan) asosida ajratilgan kreditlardan 2,8 trln so‘mi muammoli kreditga aylangan.

Ma’lumot uchun, tijorat banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi oxirgi 1 yilda 2 barobarga oshgan. 2021 yilning 1 fevral holatida 2,7 foiz (7,48 trln so‘m) bo‘lgan muammoli kreditlar ulushi 2022 yilning 1 mart holatida 5,3 foizga (17,21 trln so‘m) yetgan.

“Imtiyozli kreditlar korrupsiyaga moyillikni oshiradi”

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov o‘z chiqishlarida imtiyozli kreditlash korrupsiyaga moyillikni yuzaga keltirishini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.

“Imtiyozli kredit bor joyda muayyan darajada korrupsiya elementlari ham bo‘ladi. [...] Qayerda imtiyozli kredit bo‘lsa, albatta, [mablag‘ni] boshqa maqsadda ishlatishga moyillik ham bo‘ladi”, degandi MB rahbari 2020 yildagi matbuot anjumanlaridan birida.

Nurmurodov, shuningdek, 2021 yildagi chiqishlaridan birida “bozor tamoyillaridan qancha ko‘p cheklansak, korrupsiyaga moyillik ortib boraveradi”, deya ta’kidlagandi.

“Karrasiga qimmat qoramol, tovuq, quyon, limon...”

Hukumatning yuqoridagi bayonnomasi haqida 22 mart kuni moliyachi Otabek Bakirov ham yozgan edi. U mazkur hujjatda “keyinchalik undirilgan kreditlarga nisbatan regress huquqini qo‘llash haqida gap-so‘z yo‘q”ligini ta’kidlagan.

“Yangi davrning o‘tgan yillarida oilaviy tadbirkorlik shiori ostida ajratilgan imtiyozli kreditlardan mahalliy hokimlar, ularning vositachi va o‘rtamchi shotirlari manfaatdor bo‘lib kelishgan. Qarzdorlarga karrasiga qimmat qoramol, tovuq, quyon, limon ko‘chatlari va issiqxonalarning shishirilgan qiymati asosan shu o‘rtamchilar cho‘ntaklarida jamlangan.

Endi qarangki, mazasini hokimto‘ralar va ularning shotirlari ko‘rgan kreditlar yana soliq to‘lovchilar hisobidan so‘ndirilishi mumkin”, deydi Otabek Bakirov.

“Siz kredit oling, to‘lay olmasangiz, soliqlar evaziga qoplanadi!”

Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov mavzuga munosabat bildirib, imtiyozli kreditlar bevosita ham, bilvosita ham soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishini ta’kidladi.

“Muammoli kreditlarni qoplash soliq to‘lovchilar bo‘yniga tushadi, har doim. Bevosita yoki bilvosita. Buning hech ajablanarli joyi yo‘q. Boshqacha natija bo‘lishi mumkin ham emas edi. Chapga-o‘ngga imtiyozli kreditlar faqat va faqat salbiy natijalarga olib kelishi haqida juda ko‘p gapirilgan”, – deya yozdi u Telegram kanalida.

“To‘g‘ri, barcha imtiyozli kreditlar faqat va faqat yaxshi va insonparvar niyatlar bilan berilishi mumkin. Lekin yaxshi niyatlar hech qachon bahona bo‘la olmasligi va har qanday harakatning kutilmagan oqibatlari muhimligi haqida bilamiz. Yuqoridagi yangilikdan kelajakda imtiyozli kreditni yanada ko‘proq olish uchun yomon rag‘batlarga signal paydo bo‘ladi: siz kredit oling, to‘lay olmasangiz xavotir olmang – soliqchilar evaziga qoplanadi! Bitta tadbirkor bozor stavkasida, ikkinchi “tadbirkor” esa imtiyozli stavkada kredit oladi”, – deydi iqtisodchi.

Botir Qobilovning tushuntirishicha, bu shartli Toshmat degan odamga qandaydir ish boshlashi uchun (o‘zi xohlamasa yoki ishni qanday qilishni bilmasa yo ishni umuman boshlamasa ham!) bozordagi narxdan ikki barobar arzonroq foizda pul beriladi. Mablag‘ qaytarib berilmasligi natijasida qandaydir shartli maktabni isitish, darslik olish yoki shartli nafaqadagi Eshmatning pensiyasi oshmaydi.

“So‘mdagi imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi hozir 11,2 foiz ekan, bozor stavkasi esa kamida 22 foiz, kamida. Ya’ni ikki barobar arzonroq. 2–3 yil avval imtiyozli kreditlar stavkasi bozornikidan 3 barobar kamroq edi. Faqat 2021 yilning o‘zida 245 million dollar (chorak milliard dollar) miqdoridagi kreditlar muammoli bo‘libdi. Xalq banki kredit portfelining 20 foizi NPL.

Xullas, iqtisodiyotimizga eng katta zarar keltiradigan buzg‘unchi so‘zlardan biri bu imtiyoz deb aytgandim. Kambag‘allikni qisqartirish muhim masalaga ko‘tarilgan, lekin uni qisqartirish uchun birinchi navbatda uni battar oshiradigan vositalar ko‘payishini to‘xtatishimiz kerak. Shulardan biri imtiyozli kreditlardir», – deya xulosa qildi iqtisodchi.

Ajratilgan imtiyozli kreditlar o‘z samarasini berdimi?

Imtiyozli kreditlash qanday maqsadlarda e’lon qilingani va siyosiy samimiyat mavjudligidan qat’i nazar, ko‘p hollarda o‘rtakash dallollar hamda chayqovchilar manfaatlariga xizmat qilib kelgan. Kun.uz oilaviy tadbirkorlikni kreditlash tizimidan barcha tomon: banklar ham, kam ta’minlanganlar ham, ta’minotchi korxonalar ham norozi bo‘layotgani haqida bir qancha tahliliy maqolalar e’lon qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlar:

  • bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga beriladi.

Bunda, har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyasiga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi xulosasi bo‘lishi lozimligi ko‘zda tutilgan

Ko‘proq yangiliklar: