Rossiya armiyasi Ukrainada jangovar harakatlar boshlaganidan keyin jahonning ko‘plab davlatlaridagi oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid oshib, ta’minotning shusiz ham zaif bo‘lgan global muvozanati buzildi.
EastFruit tahlilchilarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati yuzaga kelayotgan tahdidlarni muvaffaqiyat bilan bartaraf etishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, asosiy muammolar hali oldinda.
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining netto-importyori
Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining tashqi savdo aylanmasida salbiy savdo balansi yiliga 500 million dollarni tashkil etadi.
Ahamiyatli jihati, oziq-ovqat importining 36 foizi – Rossiya, Belarus va Ukraina mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan, ya’ni ular O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilardir. Mos ravishda, O‘zbekistonga import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining 30 foizga yaqini Rossiyadan, 4 foizi Belarusdan, 2 foizga yaqini esa Ukrainadan import qilingan. Shuningdek, Rossiyadan oziq-ovqat mahsulotlari importi hajmi bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki ushbu tovarlarning bir qismi mamlakatga Qozog‘istondagi vositachilar orqali kirib keladi.
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksportida esa, ushbu uch davlatning umumiy ulushi yanada yuqori, maqola mualliflari hisob-kitoblariga ko‘ra – 42 foiz. Shu bilan bir qatorda, oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb 40 foizi Rossiya bozoriga Qirg‘iziston va Qozog‘iston orqali eksport qilinadi.
Raqamlardan xulosa qilish mumkinki, uzoq muddatli istiqbolda Ukrainadagi vaziyatning O‘zbekiston oziq-ovqat bozoriga ta’siri juda og‘ir bo‘lishi mumkin.
Eng ahamiyatli jihatlaridan biri, O‘zbekistonga import qilinadigan umumiy oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘ini yuqori kaloriyali asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, don va don mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va uni ishlab chiqarish uchun xomashyo, shuningdek, shakar tashkil qiladi. Bundan tashqari, import kon’yunkturasidagi o‘zgarishlarga chorva uchun ozuqa mahsulotlari va qisman go‘sht importi ham sezgirdir.
Ushbu tovarlarning barchasi bo‘yicha O‘zbekiston netto-importyor hisoblanib, import rejimlarining o‘zgarishi tovarlarning ichki bozorda mavjudligi hamda mahsulotlarning narxlari va xavfsizligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Faqat sabzavot va mevalar bo‘yicha (kartoshkadan tashqari) O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi nuqtayi nazaridan vaziyat nisbatan yaxshi. Biroq bu yerda ham O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya va ushbu davlat bilan yaqin savdo aloqalariga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlar bozorlariga yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Rossiyada aholining sotib olish qobiliyati pasaygani sabab ushbu mahsulotlarga talab keskin kamaygani va rublning keskin qadrsizlanishi tufayli o‘zbekistonlik treyderlar va ishlab chiqaruvchilar zudlik bilan muqobil bozorlarni izlashi zarur. Lekin bu oson ish emas, chunki O‘zbekistondan tovar eksporti logistikasi qimmat va murakkab, bu mahsulotlar esa tez buziladigan toifaga kiradi va ularning sifati Rossiyadan ko‘ra talabchanroq mamlakatlar talablariga har doim ham mos kelavermaydi.
Muhim import mahsulotlari toifalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, don va donni qayta ishlash mahsulotlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyaga qaramligi u qadar yuqori emas – ushbu mahsulotlarning asosiy qismi qo‘shni Qozog‘istondan import qilinadi. Bu ko‘rsatkich Ukrainadan ham juda kam miqdorni tashkil etadi.
O‘simlik yog‘i bilan bog‘liq alohida muammolar yo‘q – Rossiyada eksportga taqiq qo‘yilmagan, Ukrainadan importga bog‘liqlik holati esa ahamiyatsiz darajada – 1-2 foiz oralig‘ida. Albatta, mazkur tovarlarning ham xuddi don kabi narxi oshishi mumkin, lekin bu global muammo.
Mutaxassislarning fikricha, shakar masalasida muammo juda aniq. O‘zbekistonga shakar va shakarli «qandolat» importining 60 foizdan ortig‘i Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Rossiya esa shakar eksportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq joriy qildi.
Ukrainadan yetkazib berish ulushi taxminan 4 foiz edi. Tabiiyki, Braziliya va boshqa yirik yetkazib beruvchi davlatlardan olib kelinishi mumkin bo‘lgan shakar xomashyosidan mahalliy qayta ishlash hajmini oshirish muammoning yechimi bo‘lishi mumkin, ammo bu yerda asosiy savol quyidagicha: O‘zbekiston korxonalarining quvvati ichki bozordagi talabni to‘liq qoplashga imkon beradimi?
Tahlilchilar fikriga ko‘ra, hozirda import bo‘yicha vaziyat unchalik xavfli ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, yil oxirigacha bu masala ancha muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Chunki hozircha global miqyosda ham 2021 yilgi hosil zaxiralaridan foydalanilmoqda.
Dollar va boshqa valutalarning so‘mga nisbatan kursi
O‘zbekistonda 9 martga qadar AQSh dollari va boshqa asosiy valutalar kursi nisbatan barqaror saqlanib qoldi. Rossiya rubli bundan mustasno. 24 fevraldan 9 martga qadar O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs 1 AQSh dollari uchun 10 840 so‘mdan 10 897 so‘mgacha, ya’ni atigi 0,5 foiz oshgan. Boshida O‘zbekiston Markaziy banki kutish pozitsiyasini egalladi – urush qisqa muddatli bo‘lishi va keyin hammasi me’yoriy holatga qaytishi mumkin ham edi. Ammo harbiy harakatlar cho‘zilib ketdi va so‘m bosqichma-bosqich devalvatsiya qilina boshlandi – 9 martdan 15 martga qadar 1 AQSh dollari 10 897 so‘mdan 11 033 so‘mgacha yoki 1,2 foizga oshdi.
Biroq mart oyining ikkinchi yarmida ertagi sabzavotlarni tashqi bozorlarga jo‘natish mavsumi boshlanayotgani, bunda Rossiya, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston asosiy bozorlar bo‘lib, ularning valutalari dollarga nisbatan sezilarli darajada pasayganini hisobga olsak, bu so‘mning arzimas devalvatsiyasidir. Bundan tashqari, quritilgan meva-sabzavot, shuningdek, muzlatilgan mevalarni jo‘natish davom etmoqda va kelgusida ham davom etadi. Qolaversa, o‘sha vaqtga kelib, urush surunkali bosqichga o‘tayotgani va siyosiy muzokaralar hali ko‘zga ko‘rinarli natijalarni bermaganligi haqida tushuncha mavjud bo‘la boshladi. Natijada 15 martdan 18 martga qadar 1 AQSh dollari 11 033 so‘mdan 11 572 so‘mgacha, ya’ni 3 kun ichida 4,9 foizga qimmatlashdi. Umumiy olib qaralganda esa, 24 fevraldan 18 martgacha bo‘lgan davrda o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlangan. Ammo bu milliy valutalari devalvatsiyasi jiddiy tus olgan asosiy savdo bozorlarida (Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda) O‘zbekiston tovarlarining narx bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishi uchun yetarli emas. Boshqa tomondan, asosiy savdo bozorlari, ayniqsa, Rossiyada aholining sotib olish qobiliyati darajasi ham keskin tushdi, shu bois, so‘mning keskin devalvatsiyasi bilan mahsulot eksportining yuqori hajmini saqlab qolish oson bo‘lmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy valutasining keskin qadrsizlanishi inflatsiya ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 30 mart holatiga ko‘ra, 1 AQSh dollarining qiymati 11 442 so‘mni tashkil etmoqda.
Iste’molchilar kayfiyati
EastFruit mutaxassislarining o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi iste’molchilar kayfiyatida keskin o‘zgarishlar sezilmagan.
«Rossiyadan bug‘doy va shakar yetkazib berishning vaqtinchalik taqiqlanishi munosabati bilan qisqa muddatli ajiotaj paydo bo‘ldi, biroq rasmiy hukumat bunga darhol munosabat bildirib, O‘zbekistonda ushbu mahsulotlar bo‘yicha taqchillik bo‘lmaydi, degan bayonot bilan aholini tinchlantirdi», deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, ko‘plab keksa avlod vakillari har ehtimolga qarshi makaron, don va boshqa zarur mahsulotlar zaxirasini yaratishga harakat qilishgan, ammo bu hodisa do‘konlarda ajiotajni yuzaga keltirmagan, aksincha, savdodagi qisqa muddatli o‘sishga yordam bergan.
Mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari
Mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Ukrainadagi urushning ta’siri koronavirus pandemiyasi davridagidan ham salbiyroq bo‘lishi prognoz qilingan.
Tahlilchilarga ko‘ra, mehnat muhojirlarining 75-80 foizga yaqin pul o‘tkazmalari Rossiya (65-70 foiz) va Qozog‘istondan (7-10 foiz) kelgani sababli, bu yerdagi ta’sir ikki jihatdan sezilarlidir.
Birinchi omil – rubl qadrsizlanishi Rossiyadagi mehnat muhojirlarining AQSh dollari qiymatida o‘lchanadigan daromadlarini avtomatik ravishda 25–30 foizga, Qozog‘istondagi muhojirlarnikini esa taxminan 15–18 foizga kamaytirdi. Shu bois, boshqa omillarni hisobga olmagan holda ham, Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesining qadrsizlanishi allaqachon bu davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada pasayishiga olib kelmoqda.
Ikkinchi omil – Rossiya va Qozog‘istonda iqtisodiy vaziyatning juda yomonlashuvidir (Qozog‘iston iqtisodiyotining Rossiya iqtisodiyoti bilan bog‘liqlik darajasi yuqori). Bu jarayonlarning o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun asoratlari Rossiyada ishsizlik kuchayishi, xorijlik ishchilarga talab keskin qisqarishi va katta ehtimol bilan migrantlar ish haqi pasayishi hisoblanadi. Bularning bari mehnat muhojirlari soni Rossiya va Qozog‘istonda qisqarishiga, shuningdek, ularning daromadlari kamayishiga olib keladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy Telegram-kanali orqali o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 35 foizi Rossiyada ishini davom ettirmoqchi ekanini, 24 foizi rubl qadrsizlanishda davom etsa, qaytishi mumkinligini, 41 foizi esa rubl qadrsizlanishi yoki ishsiz qolgani sabab O‘zbekistonga qaytmoqchiligini ma’lum qilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali tushumlar hajmi 8,1 milliard dollarni tashkil etgan, bu ko‘rsatkich 2020 va 2019 yillar bilan solishtirilsa, 34 foizga ko‘p. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 65-70 foizi Rossiyadan (taxminan 5,5 milliard dollar) va 7-10 foizi Qozog‘istondan (650 million dollarga yaqin) jo‘natilgan.
2022 yil yakuniga ko‘ra mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi uchdan bir qismga qisqargan taqdirda ham, bu miqdor 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich taxminan O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari eksportining uch yillik qiymatiga teng.
Jahon banki O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining 21 foizga qisqarishini taxmin qilgan, biroq bu prognozlar urushning dastlabki haftalarida e’lon qilingan. Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining bugungi kayfiyati ham anchayin salbiy tomonga yomonlashgan bo‘lishi mumkin.
Davlat nazorati
Narxlarni tartibga solish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar hukumat tomonidan shakarga nisbatan amalga oshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati hozir Rossiya bilan savdo-sotiqda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish va buning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish maqsadida Pokiston, Eron, Hindiston va Xitoy bilan savdo aloqalarini faollashtirishga harakat qilmoqda. Pokistondan kartoshkadan tashqari go‘sht ham import qilina boshlandi.
Xulosa
Ayni paytda O‘zbekistonda oziq-ovqat bozoridagi vaziyat barqarorligicha qolmoqda, biroq mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi sabab mamlakatda inflatsiya darajasi oshishi va umumiy makroiqtisodiy holatda ham ushbu salbiy faktorlar ta’sirini kuzatish mumkin. Shuningdek, kelgusi oylarda oziq-ovqat narxlari o‘sishi ehtimoli baland, bu esa mamlakatdagi kam ta’minlangan aholining oziq-ovqat kaloriyalari minimal to‘plamiga ega bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar Rossiya va Qozog‘istondan mehnat muhojirlarining katta qismi ishsiz qolib qaytib kelsa, bu vaziyat mamlakat ichki bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga talab kuchayishiga, o‘z navbatida, bu daromadlar kamaygani holda importni oshirish zaruratiga olib keladi.
Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlariga eksport qilish istiqboli ham noaniqdir. Chunki ushbu mamlakatlarda aholi daromadlari darajasi pasayishi va milliy valutalar qadrsizlanishi muammosi bor. Bu esa mamlakat fermerlari daromadi kamayishi va bu boradagi investitsiya loyihalari cheklanishiga olib kelishi mumkin.