Birjada shakar narxi tushdi

Iqtisodiyot 17:57 / 24.03.2022 27072

2022 yil 24 martda tovar-xomashyo birjasining ochiq birja savdolariga qo‘yilayotgan shakar hajmining sotuvchi korxonalar tomonidan qariyb 50 foizga oshirilishi evaziga shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 10 101,3 ming so‘mdan 8 735,8 ming so‘mgacha, ya’ni 14 foizga pasaydi. Bu haqda Tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi ikki savdo kunlarida shakarning birjadagi narxi qariyb 30 foizga arzonlashgan.

Shakarning birjadagi narxi pasayishiga bozor vositalarining qo‘llanilishi, jumladan, birjaning shakar segmentida taklif darajasi oshirilishi hisobiga erishildi.

24 martda birja savdolariga jami 3 200 tonna shakar qo‘yilgan, ulardan 2874 tonnasi, ya’ni 90 foizi sotildi. Bunda, birja savdolari orqali "Xorazm shakar" MChJ tomonidan 1 600 tonna va "Angren shakar" MChJ tomonidan 1 274 tonna shakar sotildi.

Avvalroq, Aksilmonopol qo‘mita shakar narxini asossiz oshirish uchun javobgarlik haqida eslatgandi. Qo‘mita mart oyining birinchi yarmidan keyin bozorda shakar narxlarining asossiz keskin oshganini ta’kidlab, Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘qligini bildirgandi. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: