Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Shtab o‘z ishini boshladi. Unda turli sohalarda, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish obektlarini tashkil etish, tashqi savdo, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni targ‘ib qilish, importni optimallashtirish va boshqa muhim yo‘nalishlarda ixtisoslashgan kichik guruhlarga taqsimlangan mamlakat vazirliklari va idoralar xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Investitsiya va tashqi savdo vaziri birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovning ta’kidlashicha, shtabda 46 ta vazirlik va idoralar xodimlari faoliyat yuritishyapti.
“Shtab 24 soat, tunu-kun ish olib boradi. Tadbirkor va eksportchilar o‘z muammolari bilan, shuningdek o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahat olish uchun istalgan vaqtda xodimlar bilan bog‘lanishlari mumkin. Barcha masalalar qisqa muddatda o‘rganiladi va hal qilinadi. Shu paytgacha 1150 ta murojaatlar qabul qilingan va ularning 305 tasi ijobiy hal qilingan.
Asosan import muammolari, eksport bozorlarini topish, kredit muddatlarini uzaytirish va infratuzilma bo‘yicha murojaatlar bo‘lyapti.
Ayni paytda eksportga chiquvchi tadbirkorlarimizning transport xarajatlari oshyapti. Chunki ular yangi koridorlar qidirishmoqda. Davlatimiz rahbari eksportyorlarning transport xarajatlarini 70 foizgacha qoplab berish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar, hozir qaror loyihasi ustida ishlayapmiz.
Turli davlatlar bilan yuk tashish xarajatlarini 50 foizgacha qisqartirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Yangi koridorlarga bir misol – 16 mart kuni Hindistonning Mumbay portida Hindiston-Pokiston-Afg‘oniston-O‘zbekiston transport koridori orqali shakar mahsuloti karvoni yo‘lga chiqdi.
Shu bilan birga Qozog‘istondan kirib keladigan shakar, bug‘doy mahsulotlari transport xarajatlarini 30 foizgacha kamaytirish kelishilgan, endi ichki transport xarajatlarini ham qisqartirish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.
Prezidentimiz tadbirkorlarning xorijiy valutadagi kreditlarining foiz yukini oshirmaslik va imtiyozli kreditlash bo‘yicha topshiriq berdilar. Eksportyor korxonalarimizga qo‘shimcha aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash bo‘yicha chora tadbirlar belgilab olindi”, – dedi A. Voitov.
Murojaatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining koll-markazi tomonidan keyinchalik Shtabga tezkor ravishda yuborish uchun qabul qilinadi.
Call-markazlar raqamlari: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi: + 998 71 238 52 52
Savdo-sanoat palatasi: 1094