«Roma»da ko‘p vaqtni zaxirada o‘tkazish niyatim yo‘q». Shomurodov Mourino bilan munosabati avvalgidek emasligini tan oldi

Sport 16:50 / 22.03.2022 55015

«Navruz Cup-2022» turniri oldidan O‘zbekiston milliy jamoasining Toshkentdagi yig‘iniga kelib qo‘shilgan Eldor Shomurodov jurnalistlar bilan suhbatda «Roma»dagi faoliyatiga to‘xtaldi.

- Eldor, kayfiyatingiz qanday?
- Milliy jamoaga kelganimda kayfiyatim har doim a’lo darajada bo‘lgan.

- «Roma»dagi ishlaringizdan ko‘nglingiz unchalik to‘lmayotgan bo‘lsa kerak?
- Albatta. Ko‘proq o‘ynashni xohlayman.

- Bunga nima to‘sqinlik qilayapti?
- Bilmadim, balki o‘zimni yetarlicha yaxshi ko‘rsata olmayotgandirman.

- Joze Mourino bilan munosabatingiz yomonlashmaganmi?
- Yo‘q, hammasi yaxshi. Har doimgidek. Endi, juda boshidagidek emas-ku, lekin yaxshi. 

- Rejangizda keyingi mavsumda ham «Roma»da qolish bormi?
- Shartnomam bor. Agar, o‘ynaydigan bo‘lsam, qolish niyatim bor. Lekin ko‘p vaqtni zaxirada o‘tkazish niyatim ham yo‘q. 

- Temmi Abrahamning Angliyaga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar yangramoqda. Uning «Roma»dan ketmoqchi ekani sizning qaroringizga ta’sir qila oladimi?
- Buning ahamiyati yo‘q deb o‘ylayman, – deya Eldor Shomurodovning so‘zlarini keltirgan Tribuna.uz muxbiri.

Avvalroq, Italiya nashrlari «Roma» mavsum yakunida Shomurodov bilan xayrlashishi mumkinligi haqida yozishgan edi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi joriy mavsum  A Seriyada 21 o‘yinda 2ta golga mualliflik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi O‘FA tomonidan Namanganda o‘tkaziladigan «Navruz Cup-2022» turniri yarimfinalida dastlab, 25 mart kuni Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushsa, 29 mart kuni Uganda yoki Tojikiston milliy jamoasi bilan o‘yin o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: