“O‘qimasang, erga beramiz deyishgan” - nufuzli kompaniyada ishlayotgan dasturchi qiz bilan suhbat

O‘zbekiston 14:50 / 21.03.2022 48273

“Mikrofon – qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni – Rayhona Isroilova 2003 yilda tug‘ilgan, yaqinda 19 yoshga to‘ladi. U Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Dardoq qishlog‘ida tug‘ilgan. 18 yoshidayoq Paynet kompaniyasida dasturchi sifatida ish topib, faoliyat yuritishni boshlagan. Irodali, o‘rganish mashaqqatidan qochmaydigan Rayhonaning o‘ziga xos hikoyasi bor.

Avval styuardessa, keyin tarjimon bo‘lish orzusi

Maktabda yomon o‘qimaganman, lekin o‘zimni zo‘r o‘quvchi deb hisoblamasdim. Yuqori sinfga o‘tgach, 5–6-sinfda ingliz tili o‘qituvchimiz meni tilga yo‘naltirib, tuman, viloyat olimpiadalariga olib borgandi. Shu-shu ingliz tiliga qiziqib qolgandim.

7-sinfda paytim maktabdagi darslardan qoniqmay Qo‘rg‘ontepa markazidagi o‘quv markazida ingliz tilini o‘rganishni davom ettirdim. Dastlab, orzum styuardessa bo‘lish edi, biroq qarindoshlarim boshqa kasb tanlashni maslahat berishgan. Ammamning bir qizi tarjimon bo‘lib ishlaydi, unga havas qilib, tarjimon bo‘laman deb maqsad qilgandim. Shu sabab 9-sinfni tugatib, Jahon tillari universiteti qoshidagi litseyga hujjatlarimni topshirdim, lekin kirolmadim. Biror narsaga astoydil harakat qilib uddalay olmaganlik kayfiyatida edim, qishloqqa qaytib borgim kelmagan.

Nima qilishni, endi o‘qishimni qanday davom ettirishni bilmaganman. Shuning uchun o‘rtada Toshkentga qarindoshlarimiznikiga kelib, tayyorlanib IELTS'dan 6 ball oldim. Yana menda noaniqlik paydo bo‘ldi: asosiy maqsadim IELTS olish edi, undan keyin qanday harakat qilaman?

Uydagilar OTMda o‘qishimni xohlashdi, lekin ich-ichimdan buni negadir xohlamasdim, boshqacharoq yo‘nalishda o‘zimni sinab ko‘rgim kelardi. O‘qigan kitoblarim ta’sirida universitetda o‘qimasdan ham hayotda inson o‘z yo‘lini topishi mumkin degan fikrda edim. Lekin ota-onam istagi bilan ona tilidan repetitorga bora boshladim.

“Telefonni tanlasang, erga tegasan”

Ota-onam ikkovi ham oliy ma’lumotli, o‘qimishli kishilar. Ulardan repetitorga borib yurgan paytlarim telefon olib berishni so‘raganimda otam shart qo‘ygandi: “Senda 2 ta yo‘l bor: yo telefonli bo‘lib, erga tegasan yoki o‘qishni tanlasang telefonsiz o‘qiysan, o‘zing harakat qilasan”. Shu gapdan so‘ng o‘qishni tanladim va qaytib telefon haqida og‘iz ochmadim.

Ona tilini o‘zim uncha xohlamay o‘qiganim uchun yetarli natijani ko‘rsata olmadim. Biz OTMga topshirgan yili (2020 yilda) karantin boshlanib, faqat 2ta fandan imtihon olingandi. Menda ingliz tilidan sertifikat bor, o‘shanda maktabda mendan boshqa hech kimda chet tili sertifikati yo‘q edi, shuning uchun hamma meni o‘qishga kirdi deb o‘ylashgan. Lekin ona tilidan natijam yaxshi bo‘lmagani uchun talaba bo‘la olmadim.

“Paxta terishga chiqarib yuborishdi”

Otam fermer, paxta dalalari bor edi. Oldin hech paxta ter deyishmasdi, lekin o‘qishga kira olmaganim uchun meni paxta terishga chiqarib yuborishdi. Qarasam, daladaman, hayotim boshqa tomonga qarab ketyapti. Qishloqda qolishni esa istamasdim.

Baxtimga toshkentlik ammamning Koreyada o‘qiydigan o‘g‘li otam bilan gaplashib: “Balki Rayhonani dasturlashga o‘qitarmiz, yaxshi soha” degan. Shundan so‘ng men uchun yo‘l topilgandi: dasturlashni o‘rganish va buning uchun Toshkentga ketish imkoni bor. Ota-onamga Bobur Akilxonovning (mashhur biznesmen, AQShda istiqomat qiladi, yaqinda namoyish qilingan “O‘zbekistonlik” hujjatli filmining qahramonlaridan biri) IT haqidagi videolarini ko‘rsatdim, ularga bu yo‘nalish ma’qul bo‘ldi. O‘shandan beri Bobur Akilxonovni kumerim deb bilaman.

Shundan keyin o‘zim tanlagan o‘quv markazida onlayn guruhda boshlang‘ich sinov oyida dasturlashni o‘rgana boshladim. Qishloqda svet o‘chishi, internet yaxshimasligi sabab Toshkentga keldim va ammamnikida turib o‘qiy boshladim. Ammam menga kompyuter berib turdi.

Boshida kompyuter ishlatishni umuman bilmasdim, hatto biror matnni “kopirovat” qilishni ham eplolmasdim. Birinchi darsda o‘qituvchidan “Ay-tini o‘rganish uchun kompyuter shartmi?” deb so‘raganman. Hamma ustimdan kulgandi. Shunday qilib o‘rganishni boshladim: dastlab, faqat 3 oldim, keyin baholarim ko‘tarila boshladi.

Birinchi sinov oyi tugashidayoq imtihondan keyin qizlardan faqat men qoldim. Lekin oldinda yana boshqa sinov bor edi.

“Dadam kurs to‘lovi uchun qarz olib berdi...”

Sinovdan o‘tgandan so‘ng o‘tgan yili yanvardan asosiy darslar boshlanishi kerak edi. 10 oylik o‘qish puli 14 mln so‘m ekanini, agar birdaniga to‘lov qilinsa, 12 mln so‘m bo‘lishini aytishdi. Men otamga shuncha pul ekan deb aytdim. O‘sha payti otam yerlarini topshirib, fermerlikni tugatgan, pul keladigan joy yo‘q edi. Bu pulni topish bizga qiyin bo‘lib qoldi.

Shunday bo‘lsa-da, dadam mahalladagilardan qarz olib, teng yarmini – 7 mln so‘m yig‘ib berdi. Lekin birdan to‘lamasam, 2 mln so‘m qimmatroq bo‘lardi. Shuning uchun uydagilarga bildirmasdan Rossiyada yashaydigan tog‘amga ammamning telefonidan qo‘ng‘iroq qilib, yozda qaytarish sharti bilan qarz olgandim. Lekin nega bunday deganimni bilmayman. Menimcha, dadam ham qarzlarni “Yozda bug‘doy o‘rimidan qaytaraman” deb olganini eshitganim uchun bo‘lsa kerak.

Yangi kompyuter, tinimsiz o‘qish

Shunday qilib to‘lovni qilib bo‘lgach, bafurja o‘qiy boshladim. Endi foydalanayotgan kompyuterim qotib qolib o‘rganishimga xalaqit qila boshladi. Shuning uchun ammamning o‘g‘li – akam menga bo‘lib to‘lashga kompyuter olib berdi. Qachon ishlashni boshlasam, qaytarish sharti bilan kompyuterli bo‘ldim. O‘shanda o‘zim xohlaganday kompyuterga erishganimda nimalarni his qilganimni aytib bera olmayman. Klaviaturalari yonishini ko‘rib rosa xursand bo‘lganman.

Topshiriqlar juda ko‘p edi, shuning uchun tinimsiz dars qilishimga to‘g‘ri kelgan. Ovqatlanishni hisobga olmasa, darsdan ortib 4-5 soatgina uxlab olardim, xolos.

Yozga kelib o‘zim o‘qiyotgan o‘quv markazining “Support” bo‘limida ishga kirdim. Bu bo‘limda, asosan, o‘qituvchiga yordamchilik vazifasi bajariladi, o‘qiyotganlarning vazifalari tekshiriladi.

Parallel ravishda turli kompaniyalarga ishga topshira boshladim. Juda ko‘p joy rad qilishdi: ba’zilari yosh bo‘lganim, ba’zilari hali “junior” darajada (boshlang‘ich daraja degani, undan so‘ng o‘rtacha va yuqori darajalar turadi) bo‘lganim, yana ba’zilar esa qiz bola bo‘lganim uchun rad etishardi. Lekin shunda ham rezyumelar topshiraverdim.

Qishloqdagi “ish tajribam”

Yettinchi sinfdan boshlab qo‘shimcha darslarimga o‘zim pul topishni xohlardim. Qishloq ayollari guruh bo‘lib turli dala ishlarini bajarish uchun kundalik ishlarga chiqishardi. Men ham ularga qo‘shilib yozda o‘zim pul topishga chiqardim. Pul topish borasidagi tajribam mana shu edi.

O‘quv markazida o‘tirib, turli topshiriqlarni bajarish esa menga butunlay yangi tajriba bo‘lgan.

Lekin dasturlash yo‘nalishida bo‘lsam-da, qilayotgan ishim haqiqiy amaliyot emas deb hisoblardim.

Paynet'dan ish chiqdi

Bir kuni xorazmlik dasturchilar guruhida hozirgi ishim haqida e’lonni ko‘rib qoldim va tavakkal hujjat topshirdim. Keyin suhbatga chaqirishdi, amaliy topshiriq berishdi va hammasidan o‘tib, ishga qabul qilindim. Birinchi suhbatga o‘zimda telefon yo‘qligi sabab bog‘lanish uchun bir tanishim bilan borganman.

Ishga olishganda 300-400 dollar taklif qilishsa kerak, deb o‘ylagandim, biroq kutganimdan ancha yaxshiroq oylik taklif qilishdi. Hozir ishlayotganimga 7 oy bo‘ldi, ish sharoitlari juda yaxshi. Boshida 1-2 oy topshiriqlarni juda sekin bajarardim, meni biriktirib qo‘yishgan Rasul aka degan xodimni rosa jonidan to‘ydirib ish o‘rgandim, hozir hammasi joyida.

Birinchi oyligim

Ish boshlaganimdan keyin biroz o‘tib ishxonadagilar “Avans tushdi”, deyishdi. Menga ham pul berishdimi deb rosa xursand bo‘lib, bankomatdan tekshirib ko‘rganman. Lekin oy oxirigacha avans berishganini uydagilarga aytmaganman, hamma pulni bitta qilib olib borsam barakali bo‘ladi deb o‘ylagandim.

Shunday qilib birinchi maoshimni otamga jo‘natganman, hozir ham, odatda, oyligimni uydagilarga beraman.

Keyinroq telefon ham oldim.

Keyingi rejalarim bir necha yil dasturlash yo‘nalishining o‘zida tajriba to‘plab, keyin “Project manager”lik (mijoz va dasturchi o‘rtasida muloqotni tashkil qiladigan odam) yo‘nalishida ketmoqchiman.

Hozir ukam ingliz tili va matematikani o‘rganyapti, u ham dasturlashni o‘rganish niyatida.

IT'da nega qizlar kam?

Men ishlayotgan tashkilotda 30 nafar dasturchi ishlaydi, qizlar 2 kishimiz, men va Farida degan qiz, lekin u masofadan ishlaydi. O‘quv markazidagi kursda yagona qiz bo‘lib o‘qishni tugatgandim.

Dasturlashda qizlar aynan nima sababdan kamligini bilmayman, balki o‘rganishda qiyinchilik ko‘pligi uchundir. Lekin hozir bu yo‘nalishda ham qizlar ko‘payyapti.

Dasturlashni o‘rganish uchun...

Qiyinchiliklarga chiday olish, boshlagandan so‘ng oxirigacha qat’iy bora olishni maqsad qilish va shunga harakat qilish muhim.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Agar siz intiluvchan qizlarni tanisangiz yoki siz ham shundaylardan biri bo‘lsangiz, Telegram'da @Mikrofonqizlarda_bot orqali biz bilan bog‘laning. Dasturchi, sotuvchi, hunarmand, bukbloger, talaba – xullas, qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, mikrofonni qizlarga berishga tayyormiz.

Ko‘proq yangiliklar: