«Otma tayoq», «G‘irboydi», «Dim-dim» – yo‘qolib borayotgan xalq o‘yinlaridan qaysilarini bilasiz?

Jamiyat 15:21 / 20.03.2022 42044

Ko‘klam kelishi bilan yerlar, qir-adirlar taniga issiqlik yuguradi. Bunday paytda qish bo‘yi uyga berkingan bolalar azaldan ko‘chalarga chiqib o‘yinlar o‘ynashgan. Biroq oxirgi o‘n yillikda bolalar o‘ynagan xalq o‘yinlari gadjetlarga ko‘chdi va ulardagi jismoniy faollik asta-sekin pasayib boryapti.

«Paxtakor» sport jamiyatining milliy kurash bo‘yicha murabbiyi Bahripolvon Nasriddinov nevaralari. Namangan. 1985 yil / Foto O‘zArxiv

«Milliy o‘yinlar bolani jamiyatga qo‘shadi»

Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti filologiya fakulteti folklor bo‘limi rahbari Shomirza Turdimovning aytishicha, milliy o‘yinlarning ko‘pi 2010 yildan keyin deyarli o‘ynalmay qo‘ygan va ular kompyuter, telefonlarga ko‘chgan.

Uning fikricha, milliy o‘yinlarning bolani jamiyatga qo‘shishdagi o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

«O‘yinlar – bolaning ham aqlan, ham jismonan rivojlanishiga yordam beradi. O‘yin bolani jamiyatga aralashtiradi. Uning jamiyatdagi o‘rnini topishiga sababchi bo‘ladi. Chunki o‘yinda bola o‘yinboshi bo‘ladi, ishtirokchi bo‘ladi, unga jamiyat, dunyo haqida bilim beradi. Eng qizig‘i bu bilimlar bolaga majburan emas, unga zavq uyg‘otib o‘rgatiladi. Bizning xalq pedagogikamiz mohiyati ham shundan iborat», deydi u.

Gadjetlardagi o‘yinlar tasavvurni, aqlni charxlashi mumkin, lekin kompyuter o‘yinlari deyarli harakatsiz o‘yinlardir. U yerda bola faqat kuzatish bilan band bo‘ladi.

Shomirza Turdimov kompyuter o‘yinlariga ma’lum miqdorda insonni harakatga keltiradigan, uni faollashtiradigan shartlarni qo‘shish, o‘ylab topish kerakligini aytadi. Shunda eski o‘yinlarning mohiyatini saqlab qolib, yangilash mumkin.

«Hech narsa yangidan paydo bo‘lgan emas. Bugun yaratilayotgan kompyuter o‘yinlarining asosi ham o‘yin qayerdan kelayotgan bo‘lsa, o‘sha xalqning folklori, adabiyoti, san’atiga tayanadi. Biz faqat iste’molchi bo‘lishimiz kerak emas. Bizning ham san’atimiz, folklorimiz bor. Shularni kompyuter o‘yinlariga qo‘shish kerak», deydi u.

O‘zbekiston hududida tarixan juda ko‘p milliy bolalar o‘yinlari bo‘lgan va ular avloddan avlodga o‘tib kelgan. «Oq terakmi-ko‘k terak», «Berkinmachoq», «Oshiq», «Boychechak», «Xola-xola», «Qorxat», «Ko‘pkari» kabi o‘yinlar ro‘yxatini mingga yetkazish mumkin. «O‘zbek xalq milliy o‘yinlari» kitobi muallifi Ro‘ziqul Mustafoqulov ana shunday milliy bolalar o‘yinlarining yuzdan ortig‘ini yig‘gan. Ulardan qachonlardir keng tarqalgan va hozir kam o‘ynaladigan bir nechtasiga misol keltiramiz.

G‘irboydi

Bu o‘yinda ikki bola bellashadi. O‘rtaga doira chiziladi. Doira o‘rtasida o‘yinchilardan birining qalpog‘i qo‘yiladi. Ikkinchi o‘yinchi 20 qadamlar chamasi uzoqlikdan turib chillikning enasopi bilan qalpoqni urib doiradan chiqarishi kerak. Yoki qalpog‘iga necha marta tegsa, shuncha marta ochko yig‘adi. Do‘ppiga tegdira olmasa, navbat ikkinchi o‘yinchiga beriladi.

Yutgan kishi qalpoqni qirra likopchaday qatlab, besh marta irg‘itadi. Beshinchi marta irg‘itganda qalpoq qayerga borib tushsa, yutqazgan o‘yinchi o‘sha joydan to poyga joyigacha zuvillab borib kelishi kerak. O‘yin yana boshdan boshlanadi va shu tartibda davom etadi.

 «Ro‘mol ol» xalq o‘yini. Toshkent Ippodrom. 1965 yil / Foto O‘zArxiv

Chorpo‘choq

Bu yong‘oq bilan o‘ynaladigan o‘yin bo‘lib, u bolalarni hisob-kitobga, aniq mo‘ljal olishga, inoqlik va ittifoqlik, yutsa ham yutqazsa ham, mardlik ko‘rsatishga o‘rgatadi. O‘yin asosida osoyishtalik, saranjomlik yotadi. Bu o‘g‘il va qiz bolalar o‘yini bo‘lib, unda ikki yoki undan ortiq kishi qatnashadi. Har bir o‘yinchi o‘rik danagi yoki yong‘oq uyumlariga ega bo‘ladi. Ularning ikkitasini chaqib, ikki palla po‘chog‘ini oladi. O‘yin quroli ana shunday po‘choq hisoblanadi.

Yutuqqa ikkitadan danak yoki yong‘oq qo‘yiladi. O‘yin barcha o‘yinchilar kelishuvi asosida boshlanadi. Birinchi o‘yinchi po‘choqlarni yerga tashlaydi. Yerga po‘choqlarning hammasi yoki ikkitasi yopiq holatda tushsa, o‘yinchi yutgan hisoblanadi va yutganiga ikkinchi o‘yinchidan ikki danak yoki yong‘oq oladi. O‘yinni yana o‘zi davom ettiradi. Bordi-yu, po‘choqlarning aniq uchtasi yoki bittasi ochiq holda yerga tushib qolsa, o‘yinchi hech qanday yutuq ololmaydi. O‘yinni esa navbatdagi o‘yinchi davom ettiradi.

Xezzov

Quvlashmachoqqa o‘xshash o‘yin. Unda bir bola yuguradi, ikkinchisi uning izidan quvadi. Agar quvib yeta olmasa, yeta olmagani uchun xapachak bo‘lib chopadi. Xapachak deb bir oyog‘ini ko‘tarib yugurishga aytiladi.

Andijon va O‘sh viloyati aholisi arqon tortishmoqda. Andijon. 1998/Foto O‘zArxiv

Sichqon va mushuk

O‘yinning asosiy tarkibida 10 nafar va undan ortiq bola qatnashishi mumkin. Bolalar qo‘l ushlashib doira hosil qiladi. Ular orasidan biri sichqon va yana biri mushuk sifatida tanlanadi.Bolalar aylana hosil qilib, bir-birlarining qo‘llarini zanjirsimon ushlab turishadi. 

Mushuk sichqonni davra aylantirib quvadi. Sichqon bolalar orasidan doira ichiga ham kirib ketishi mumkin. Mushuk uchun bunday imkoniyat yo‘q. Mushukni kiritmaslik uchun bolalar qo‘lini pasaytirib, uning yo‘lini to‘sishadi. Mushuk sichqonni quvib yetsa, ikkisi o‘rin almashadi.

Kurash. Farg‘ona. 1949 yil / Foto O‘zArxiv

Otma tayoq

Bu o‘yin ikkitadan bo‘lib o‘ynaladi. Bir bola tayoqni otadi, ikkinchi bola o‘z tayog‘ini otib, oldingi otilgan tayoqqa tegdirishi kerak. Tegdira olmasa, tayog‘i tegmagan bola oldingi otilgan tayoqning egasini tayoq tushgan joygacha ko‘tarib boradi. Agar tegdirsa, oldingi tayoq otgan bola tayog‘i tekkan bolani tayog‘i tushgan joygacha ko‘tarib boradi. Tayoq navbatma-navbat otiladi

Arqon tortish

O‘yinni o‘tkazish paytida o‘rtaga hakam tayinlanadi. Ikkala guruh o‘yinchilari bir-birlari bilan yuzma-yuz turadilar. O‘rtada ko‘ndalang chiziq chiziladi. Arqonning ham o‘rtasiga qizil ip bog‘lab qo‘yishadi. Qaysi guruh a’zolari bellashuvchilarni chegara chizig‘idan olib o‘tsa, o‘yin to‘xtatiladi va g‘oliblik e’lon qilinadi.

G‘allaorol tumanida arqon tortish bahsida qizlar. Jizzax. 1995 yil / Foto O‘zArxiv

Gulchambar

Bu o‘yin bahorning ayni gullar ochilgan paytida o‘ynaladi. O‘yinda 10-15 bola ishtirok etadi. Qatnashchilarning har birining qo‘lida istalgancha turli-tuman gul bo‘lishi mumkin. O‘yinboshi doira shaklida turgan bolalarning o‘rtasiga chiqib, bir gulning nomini aytadi. Shu gulni ushlab turgan ishtirokchi gulning o‘sish sharoiti haqida gapirib beradi.

Bunday o‘yinlar bolalarning tabiatga mehr uyg‘otish, qolaversa so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, ko‘pchilik orasida o‘z fikrini qo‘rqmay ayta olish qobiliyatlarini shakllantiradi.

Milliy uloq o‘yini tomoshabinlari. Navoiy. 1999 yil / Foto O‘zArxiv

Dim-dim

Bu o‘yinda bolalar gapirmay jim turishadi. O‘yinchilardan chidamlilik, kuchlilik va iroda talab etiladi. Bolalar 2 guruhga bo‘linib, ularga bir nafar boshchi saylashadi. Boshchilar qaysi guruh g‘olib bo‘lsa, biror shart bajarishiga kelishishadi.

Shundan keyin guldur-gup deyiladi va hech kim gapirmasligi kerak. Bir guruh raqib guruhni gapirtirish uchun turli harakatlar bajaradi. Kimdir balandlikdan sakraydi, kimdir o‘zini suvga tashlaydi. Qaysi guruh bolalari birinchi gapirsa, o‘sha guruh mag‘lub hisoblanadi.

Hosil bayramida qilichbozlik. Toshkent. 1973 yil / Foto O‘zArxiv

Qorxat

Yerga birinchi qor tushishi bilan odamlar bir-biriga qorxat yozadi. Qorxatning taxminiy mazmuni quyidagicha:

«Hurmatli, ...  opa yoki aka. Avvalambor sizni shu birinchi qor bilan qutlayman. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilayman. Marrasi hovlimiz eshigigacha. Udumimizga ko‘ra, siz quyidagi shartlarni bajarishingiz kerak:

dasturxon bezatib, bir qo‘lbola osh damlab, ziyofat qilib berasiz. Ziyofatga faqat ko‘nglingizga yaqin kishilar tashrif buyuradilar».

Qorxatni yozgan kishi kimning nomiga bo‘lsa, o‘shanga olib borib berishi kerak. Qorxat atalgan odam xatni qo‘liga olsa, qoraxatga tushgan hisoblanadi. Yozgan kishi xatni berib orqaga qarab qochadi. O‘z darvozasiga yetgunicha qo‘lga tushmasligi kerak. Qo‘lga tushsa, xatda yozgan shartlarini o‘zi bajarishi kerak.  

Hosil bayrami. Toshkent. 1973 yil / Foto O‘zArxiv

Zo‘r bilak

O‘yinda kimning bilagi kuchliligi aniqlanadi. O‘yin yotgan va o‘tirgan holda ham o‘tkazilishi mumkin. O‘yinchilar o‘ng yoki chap qo‘llarining panjalarini bir-biriga kiyishtirgan holda bilaklarining kuchini sinaydilar. Kimning bilagi yerga botib tegsa, yutqazgan hisoblanadi.

Yuqorida nomlari keltirilgan o‘yinlarning aksari nomi yoki shartlari biroz o‘zgargan shaklda O‘zbekiston viloyatlari bo‘ylab tarqalgan.

Mustaqillik bayramida dorboz o‘yinlar. Tashkent, Yangiyo‘l. 1997 yil / Foto O‘zArxiv
Qishloq chavandozlari musobaqasi. Toshkent, Ippodrom. 1970 yil / Foto O‘zArxiv

Suratlar O‘zArxiv agentligi tarkibidagi «Kinofotofono» hujjatlar arxividan olindi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: