Madridda «El-Klasiko», Rim va Londonda derbi, Jerrard Artetaga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 16:24 / 19.03.2022 28400

Futbol muxlisi yozdayoq qo‘liga kuchli beshlik ligalari taqvimini olganda, albatta, «El-Klasiko»lar qaysi kunlari bo‘lib o‘tishini bir qarab oladi. O‘sha kun keldi. Navro‘z bayramiga o‘tar kechasi «Real» va «Barselona»ning navbatdagi to‘qnashuvini kuzatishimiz mumkin. Desertga esa bugun va erta bizni Rim derbisi va APLdagi ikki qiziqarli uchrashuv ham kutib turibdi.

Darvoqe, ingliz futboli klassika shaydolari uchun ham sovg‘a bor. 70-yillar nafaqat Angliya, balki Yevropada nom qozongan ikki klub – «Nottingem Forest» va «Liverpul» Angliya kubogi chorakfinalida to‘qnash keladilar. Yoqimli ishtaha.

ASTON VILLA – ARSeNAL (19 mart, 17:30)

«Arsenal» o‘tgan turda «Liverpul»dan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin uchun asosiy favoritligini saqlab turibdi va asosiy ta’qibchilari «Tottenhem» va «Manchester Yunayted»ni yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha mos ravishda 6 va 7 ochkoga ortda qoldirmoqda. Ammo o‘sha zaxira o‘yinlarda g‘alaba qozonish ham kerakki, bugungi ustunlik amalda ham o‘z isbotini topsin. Keyingi ikki o‘yinni Arteta shogirdlari safarda «Aston Villa» va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tkazadi. Aytish mumkinki, ayniqsa, o‘z maydonida raqibga qiyinchilik tug‘diradigan jamoalar.

Jyerard shogirdlari o‘tgan turda «Vest Hem» maydonida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishsa-da, juda yaxshi sport formasiga kirib olganlar. Undan oldingi uch o‘yinni umumiy 9:0 hisobida g‘alabalar bilan yakunlagan edilar. Buning ustiga «villaliklar» aynan «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda ham yetarlicha munosib harakat qila oladilar. Oxirgi 20 o‘yindan atigi 5tasida g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, masalan, Birminhemda o‘tgan so‘nggi ikki uchrashuvda bir xil – 1:0 hisobida ustun kelishgan. O‘tgan mavsumda esa «Villa» hatto «Emiraytes»da 3:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan. Birinchi davradagi o‘yin esa 3:1 hisobida «to‘pchilar»ning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Yana bir qiziq fakt – ushbu jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oxirgi 13 to‘qnashuvda atigi bir marta durang hisobi qayd etilgan, xolos.

Foto: Getty Images

Tarkiblar borasida har ikki jamoada deyarli yo‘qotishlar yo‘q. O‘tgan turda Lyuka Din uchrashuv boshidayoq jarohat oldi va almashtirilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, himoyachi kamida ikki hafta maydonga tusha olmaydi. Ya’ni milliy jamoalar ishtirokidagi tanaffusdan so‘ng, fransiyalik futbolchini tarkibda ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Mehmonlar safida faqatgina Takehiro Tomiyasuning maydonga tushishi so‘roq ostida. Ammo aytish mumkinki, Sedrik Soaresh tarkibni uning o‘rniga juda yaxshi shaklda to‘ldira olyapti va yaponiyalik himoyachining o‘ynay olmasligi katta yo‘qotish bo‘lmasligi kerak.

O‘z vaqtida «Liverpul» va «Everton» o‘rtasida kechgan shiddatli derbilarda jamoalarni sardorlik bog‘ichi ostida maydonga olib tushgan Jyerrard va Artetaning trenerlik borasidagi kurashi albatta, qiziq bo‘lsa kerak. Bu birinchisi, zero yuqorida tilga olingan birinchi davra uchrashuvida «Villa» bosh murabbiyi Din Smit edi.

TOTTeNHEM – VeST HEM (20 mart, 17:30)

Bu haftada APL qisman dam oladi, chunki bir qator jamoalar Angliya kubogi chorak finalida maydonga tushadi. Premer-liga kechagi «Vulverhempton» – «Lids» o‘yinini qo‘shmaganda, atigi uch o‘yinni havola qiladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, muxlislarni juda qiziq to‘qnashuvlar kutib turibdi. Masalan, London derbisi.

Albatta, London derbisi deganda biz ko‘proq «Arsenal», «Tottenhem» va «Chelsi»ning o‘zaro to‘qnashuvlarini tushunishga o‘rganib qolganmiz, lekin so‘nggi yillarda «Vest Hem» ham bu qatorga kirib olmoqda. Moyyes shogirdlarining nafaqat o‘zaro o‘yinlarni muammo tug‘dirish, balki turnir nuqtai nazaridan ham hamshaharlariga raqobat qilishi katta natijadir. Hozirda «Vest Hem» va «Tottenhem» bir xil – 48tadan ochko to‘plab, turniri jadvalida oltinchi va yettinchi o‘rinlarni egallab turishibdi. Konte shogirdlarida bir o‘yin zaxirasi bor, lekin bu o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonishsa, tabiiyki, bu ustunlik ham yo‘qqa chiqadi.

«Vest Hem» bu mavsumda deyarli barcha top jamoalarni yenga oldi. «Chelsi» va «Liverpul»ni APLda, Manchester jamoalarini esa Liga kubogida mag‘lubiyatga uchratdi. «Tottenhem»ga qarshi birinchi davra o‘yinida ham Moyyes shogirdlari g‘alaba qozonishgandi. Demak kuchli raqiblarga qarshi «Vest Hem» qanday o‘ynashni juda yaxshi biladi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda «Tottenhem» ancha yuqori o‘rinlarda yurdi, chempionlik uchun kurashdi, Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Qizig‘i, mana shu yillarda ham aynan «Vest Hem» raqibiga munosib bo‘lib kelgan. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 25 o‘yinning 11tasida «Tottenhem», 10tasida esa «Vest Hem»ning qo‘li baland kelganiga biroz ishonish ham qiyin, to‘g‘rimi?

Foto: Getty Images

Tarkiblardagi yo‘qotishlarga kelsak, mezbonlar safida Tanganga, Skip va Sessenon maydonga tusha olishmaydi. Ularning o‘rnini to‘ldirish u qadar qiyinchilik tug‘dirmasa kerag-u, lekin «Vest Hem»ning tarkibdagi muammolari biroz jiddiy. Himoya chizig‘i vakillari Ogbonna va Soufal o‘ynay olmaydi, ayniqsa, so‘nggi oylarda hujum chizig‘ida haqiqiy yetakchiga aylanib qolgan Bouenning yo‘qligi ham ko‘proq bilinsa kerak. Bundan tashqari, «Vest Hem» hafta o‘rtasida Yevropa Ligasida qiyin uchrashuv o‘tkazdi – «Sevilya»ga qarshi o‘yinda qo‘shimcha taymlarda ham kuch sinashishga majbur bo‘ldi. Ya’ni Moyyes yigitlari jismoniy tomondan ham raqibga nisbatan kuchsizroq ko‘rinishlari turgan gap. 

ROMA – LATsIO (20 mart, 22:00)

O‘tgan turda «Roma»ning durangi va oxirgi ikki o‘yinda «Kalyari» va «Venetsiya» ustidan «Latsio»ning g‘alabalari Rim qarama-qarshiligida Sarri shogirdlarini favoritga aylantirib qo‘ydi. Gap turnir jadvali haqida bormoqdaki, «Latsio» so‘nggi turlarda nafaqat «Roma» va «Fiorentina», balki «Atalanta»ni ham quvib o‘tib, 5-o‘ringa joylashib oldi. Mourino shogirdlari esa juda qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda, ochkolar katta qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilyapti. Hatto Konferensiyalar kubogida ham oson bo‘lmadi: «Vitess»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida kiritilgan golgina jamoani keyingi bosqichga olib chiqdi. Demak bu tomondan ham «Roma»da muammolar bo‘lishi tabiiy – rimliklar payshanba oqshomida yevrokubokda maydonga tushishdi. Derbida bu ham o‘z so‘zini aytishi va «Latsio»ga jismoniy kurashda ustunlik taqdim etishi mumkin.

Jamoalar bir stadionda to‘p so‘rishsa-da, aynan derbilarda 9 o‘yindan beri rasman mezbon sifatida qayd etilgan jamoaning yutqazmayotgani e’tiborga molik jihat. Oxirgi marta to‘rt yil oldin aprel oyida «Latsio» mehmon sifatida qatnashgan o‘yinda 3:1 hisobida ustun kelgandi. Umuman olganda, oxirgi 24 derbida ham kuchlar teng – har ikki jamoa 9tadan o‘yinda g‘alaba qozonib, 6 uchrashuvda murosa ko‘chasi tanlangan. Birinchi davradagi o‘yin esa yodingizda bo‘lsa kerak, «Latsio»ning 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabasi bilan yakunlangandi.

Tarkiblarga kelsak, «Roma»da yo‘qotishlar yo‘q. Leonardo Spinatsollaning esa tarkibdan chetda ekaniga o‘rganib ketdik. Ammo ma’lum bo‘lishicha, futbolchi mashg‘ulotlarga qaytish arafasida va kelasi oydan, mavsumning muhim pallalarida Mourinoga yordam berishi mumkin. Mehmonlar safida esa Stefan Raduda jarohat bor. Mattia Dzakkani esa «Venetsiya»ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini oldi va ushbu o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

ReAL – BARSeLONA (21 martga o‘tar kechasi, 01:00)

Tasavvur qiling, yaxshi sport formasiga kirib olgan «Barselona» «Bernabeu»da «Real»ni mag‘lubiyatga uchratadi. O‘rtadagi farq 12 ochkoga qisqaradi va Xavi shogirdlarida qo‘shimcha o‘yin ham bor. Ya’ni yo‘qotilgan ochkolar o‘rtasidagi farq 9 ochkogacha qisqaradi. Oldinda yana 10 tur bor, «Real» hali Vigoga, Sevilyaga safar qiladi, «Atletiko» maydonida ham o‘yini bor. Buning ustiga Chempionlar Ligasida «Chelsi» bilan to‘qnashuvlar kutib turibdi. Asosan bir nechta yetakchi futbolchining mahoratiga tayangan madridliklar La Ligadagi ustunliklarini hozirgidek saqlab tura oladimi? Umuman chempionatga intriga qaytishi mumkinmi?

Hazil. Bu haqida o‘ylashga hali erta, shunchaki, navbatdagi «El-Klasiko»ga sizni qiziqtirishga urinib ko‘rdik. Aslida esa bunday urinishlar o‘rinsiz, zero «Real» va «Barselona» to‘qnashuvi turnirdagi holat, jamoalarning formasidan qat’i nazar nafaqat Ispaniyaning, balki dunyoning nazarida turadigan markaziy to‘qnashuv sifatida qolaveradi. Bu safargisi ham istisno emas.

Albatta, birinchi abzatsdagi fikrlarga ham biroz o‘rin bor. Rostan ham «Barselona» juda yaxshi sport formasiga kirib oldi, muhimi, juda oson gol ura olishmoqda. La Ligada kuchli uchlikka qaytishdi, Yevropa Ligasidagi kurash davom ettirilmoqda. Barcha musobaqalardagi o‘zaro o‘yinlarni hisobga olganda, qatorasiga 5 o‘yindan beri «Real» g‘alaba qozonmoqda, «Barselona»ning g‘alabasiz seriyasi 6 o‘yinga yetdi – bu qora chiziqni kesib o‘tish uchun Xavi uchun ayni palla emasmi?

Tarkiblar borasida hamon «Barselona»da yo‘qotishlar bisyor. Fati, Umtiti, Roberto, Dest kabi futbolchilarda jarohat bor, Niko Gongsales diskvalifikatsiyaga ega. Lekin bularning tarkibdan chetda ekaniga o‘rganib qoldik, «Barselona» yuqorida tilga olingan muvaffaqiyatli yurishlarini amalga oshirganda ham bu futbolchilar safda emasdilar. Qahramonlar boshqa.

Foto: Getty Images

Aksincha, «Real»da lazaret u qadar to‘la bo‘lmasa-da, Benzemaning kichik jarohati jiddiy ta’siga ega bo‘lishi mumkin. Fransiyalik hujumchi oxirgi 5 o‘yinda «Real» kiritgan 14 golning 12tasida bevosita ishtirok etdi. «Alaves», «Rayo», «Sosedad», «PSJ» va «Malorka»ga qarshi o‘yinlarda Benzema 8 gol urdi va 4 marotaba sheriklariga golli uzatmani amalga oshirdi. Mana shunday darajada jamoa o‘yiniga ta’siri bo‘lgan futbolchining Klasikoda maydonga tusha olmasligi juda katta yo‘qotish. Benzema jarohatiga qaramay, Fransiya milliy jamoasining navbatdagi yig‘inlariga jalb qilindi. Demak uning holati kutilganidan yengilroq va u hatto «Barselona»ga qarshi o‘yinga ham tayyor bo‘lishi ehtimoli bor.

«Barselona» uchun esa jamoaning payshanba kuni Turkiyada maydonga tushib qaytgani o‘z salbiy ta’siriga ega bo‘lishi mumkin. «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinda kataloniyaliklar deyarli asosiy tarkibda maydonga tushishdi. «Real» esa o‘z YeChL uchrashuvini undan oldingi hafta o‘tkazib olgandi.

BOShQA O‘YINLAR

19 mart. NAPOLI – Udineze (19:00), INTeR – Fiorentina (22:00), Midlsbro – CheLSI (22:15), BAVARIYa – Union Berlin (22:30), Kalyari – MILAN (20 martga o‘tar kechasi, 00:45), (Rayo Valekano – ATLeTIKO (20 martga o‘tar kechasi, 01:00)

20 mart. Monako – PSJ (17:00), YuVeNTUS – Salernitana (19:00), Sauthempton – MANCheSTeR SITI (20:00), Nottingem Forest – LIVeRPUL (23:00), Kyoln – BORUSSIYa D (23:30).

Ko‘proq yangiliklar: