Uzundagi xaridorsiz yangi bozor: Bu yerga barakani qanday qaytarish mumkin?

Jamiyat 16:00 / 18.03.2022 22600

Xaridorlarsiz qolayotgan bu dehqon bozori haqida Kun.uz’da uch yilcha avval ham mahalliy savdogarlarning murojaatlari e’lon qilingan edi.

2017 yilda Uzun shaharchasini kesib o‘tgan markaziy yo‘l ustidagi, Obizarang Daryosi sohilida joylashgan aholi uchun qulay joydagi, xalq tilida «Chuqur bozor» deb ataluvchi dehqon bozori buziladi.

Bunga sabab qilib, bozor hududi kichkinaligi, yo‘llarda avtomashina ko‘payib, tirbandlik hosil bo‘layotgani, shuningdek, bozor Obizarang daryosining muhofaza zonasida joylashgani ko‘rsatilgan. Bahorning bugungidek seryog‘in kunlarida eski bozorni sel bosishi ham tez-tez kuzatiladigan hodisa edi.

Xullas, juda barakali eski bozor o‘rni boshqa tadbirkorga berilgan. Tadbirkor esa Obizarang daryosining muhofaza zonasiga rioya qilgan holda u joyda hozir savdo markazi va ovqatlanish korxonasi qurgan bo‘lsa-da, avvalgi gavjumlikdan asar qolmagan. Bozor ro‘parasidagi bahaybat qadimiy chinorlar bilan to‘la otalar choyxonasi ham buzib yuborilgan. Endi bu joy yoymachilarga rasta, taksichilarga «stoyanka» bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Savdogarlar esa o‘sha barakali bozor atrofiga sochilib, turli do‘konlarning oldidagi yo‘llarda, trotuarlarda savdo qilishmoqda. Buni go‘yo chumolining uyasini buzishga o‘xshatish mumkin. Bozor buzilib, baraka ham qochgandek.

Eski bozor evaziga yangisi undan qariyb 1 km narida — Uzun shaharchasining chetrog‘ida qurildi. Keng maydonda oziq-ovqat rastalari va kiyim-kechak do‘konlari barpo etildi. Eski bozorga qo‘shni Sariosiyo tumanidan ham xaridorlar kelib turgan bo‘lsa, yangisiga uzunliklarning o‘zlari ham borishni istashmadi. Do‘konlar huvillab yotibdi, rastalar esa savdogar va xaridorlarga ilhaq.

 

Xo‘p, kutilganiga ters o‘laroq, yangi bozorga nega odamlar bormayapti? Savdogarlar avval bunga sabab qilib bozor temiryo‘ldan narigi tarafda ekani, bozorga eltuvchi yo‘l qariyb 4 km ekanini, bozor tomon temiryo‘lni kesib o‘tadigan yaqinroq yangi yo‘l solish kerakligini aytishgan edi.

 

Ularning bu talabini viloyat rahbarlari eshitishadi. Uylar «snos» qilinib, yaqinroq yangi ko‘cha solinadi. Ko‘chaning ochilish marosimi hattoki katta tantana bilan o‘tkaziladi.

 

Biroq bugunga kelib ma’lum bo‘lmoqdaki, muammo o‘sha-o‘shaligicha qolgan. Yangi va yaqin ko‘cha ham bozorga xaridorlarni jalb eta olmayapti. Ular yana o‘sha — endilikda yo‘q qilingan chuqur bozor atrofidagi ko‘chalarda, piyodalar yo‘laklarida savdo qilishmoqda.

 Yangi bozordagi savdogarlar nima deydi?

Yangi bozorda savdo qilayotgan savdogarlarning aytishicha, pandemiya davridagi karantin chog‘ida ko‘chadagi yoymachilarga savdo qilishga ruxsat berilmagan va o‘z-o‘zidan yangi bozor gavjum bo‘lib qolgan. Ammo epidemiologik vaziyat yumshagach, yoymachilar yana temiryo‘l atrofiga to‘planib olishgan.

Yangi bozordagi savdogarlar patent, patta, soliq to‘lashlarini pisanda qilishdi. Ularga ko‘ra, soliq va patta to‘lamaydigan ko‘chadagilar esa yo‘l boshida ularning potensial mijozlarini to‘xtatib qolishyapti.

Yangi bozor oldida yakshanba kuni mol bozori ham bo‘ladi. Bozorchilar faqat o‘sha kuni mijoz ko‘payib, qo‘llari pul ko‘rishini aytishdi. Aytishlaricha, mol bozori bu yerdan boshqa joyga ko‘chirilishi ham mumkin ekan. Bu esa yangi bozor to‘liq kasod bo‘lishini anglatadi.

Temiryo‘l kesishmasidan yangi yo‘ldan yangi bozor tomonga eltuvchi yo‘lga e’tibor bering. Trotuarlarda mutlaqo yurib bo‘lmaydi, o‘zi tor ko‘chaning ikki tarafiga mashinalar qalashtirib tashlangan. Uzzu-kun tirbandlik.

Shu yerdagi do‘konlar ham o‘z oldiga rasta qurib ijaraga berishgan. Sanitariya va gigena qoidalari to‘liq unutilgan. Mas’ullar esa ko‘z yumib kelishmoqda.

Betartiblikning uyasi bo‘lgan joydan 800 metr uzoqlikdagi yangi bozorga esa odamlar kelishga erinayotgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etib o‘tish kerak, tuman ichki ishlar bo‘limining shu yerda joylashgani ham vaziyatga ta’sir etmayapti.

Biz ko‘chada yoyma savdo qilayotganlarga ham mikrofon tutdik. Ular yangi bozorga borib savdo qilmasliklarini xaridorlarning u yerga bormasligi bilan tushuntirishdi.

Albatta, ularning gapida jon bor. Ro‘zg‘or uchun 2 kilo kartoshka-piyoz xarid qilish uchun odamlar qariyb bir kilometr piyoda yo‘l bosishga erinadi. Jamoat transporti qachonlardir o‘ldirilgan. Taksilar esa qimmat.

Bu holatlardan anglashiladiki, yangi bozorni loyihalashda mas’ul rahbarlar o‘z vaqtida Uzun tumanining manfaatlariga mutlaqo zid yo‘l tutilgan.

Chunki eski bozorga 5 km naridagi Sariosiyo tumani markazidan ham xaridorlar kelishardi. Hozir ularning oyog‘i uzilgan. Bozorni xaridorlar uchun qulay joyda loyihalashtirish ham savdogarlarning savdosiga, ham tuman budjetiga tushumlar ko‘proq tushishiga xizmat qilar edi.

Uzun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Behzod Hasanov biz bilan suhbatda buni qisman tasdiqladi.

Biz bilan suhbatda tuman hokimi o‘rinbosari soliq organlari tomonidan noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotgan yoymachilarga qat’iyroq chora ko‘rish tumandan negativ xabarlar ko‘payishiga olib kelishini ta’kidladi. U — haq. Bozorni yangi joyga ko‘chirish uchun esa juda katta mablag‘ talab etiladi. Shunday bo‘lsa-da, tuman hokimligining rejasida bozorni qulayroq joyga ko‘chirish ham borligini hikoya qilib berdi hokim o‘rinbosari.

Behzod Hasanov, Uzun tuman hokimi o‘rinbosari

Hozir bu yerda masalani yechish uchun ikkita yo‘l bor. Yo qattiqroq intizom talab qilib, yoymachilarning savdo qilishiga to‘liq taqiq o‘rnatish bu –  imkonli narsa, bu borada pandemiyada tajriba orttirilgan.

Ikkinchi variant sifatida bozorni yangi, barcha uchun qulayroq joyga ko‘chirishni ham ko‘rib chiqish mumkin. Deylik, Sariosiyo va Uzun tumani o‘rtasidagi dalada mutlaqo yangi dehqon va buyum bozori qurish. Mol bozorini ham shu yerga ko‘chirish mumkin.

Lekin hozirgi yangi bozorda katta mablag‘ evaziga xarid qilingan, lekin huvillab yotgan do‘konlarning egalari bu xarajatga ko‘nisharmikan?

Balkim huvillab yotgan hozirgi bozor yerini ko‘p qavatli uylar qurish uchun auksion orqali sotuvga qo‘yib, yangi barpo etilajak bozor xarajatlarni qoplash kerakdir? Chunki ko‘rdikki, yangi bozor stoyankasi uchun ajratilgan joyning bir qismida allaqachon 5 qavatli uy qurilmoqda ekan.

Xullas, uzunlik xaridorlarni ham, savdogarlarni ham qiynab kelayotgan muammo saqlanib turibdi. Uzundek tumanga tayinli va gavjum dehqon bozori albatta kerak. Ammo bunga qanday erishish mumkin? Berilayotgan takliflarni amalga oshirsa bo‘ladimi? Yoki viloyat va tuman mutasaddilarida qandaydir boshqacha yechim bormikan? O‘ylaymizki, bu masala viloyatdagi mutasaddilar tomonidan atroflicha o‘rganilib, ko‘rilajak choralar barchaga ma’lum qilinadi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: