“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ amaliyotni muvaffaqiyatli o‘tagan talabalarni ish bilan ta’minlaydi

Jamiyat 16:13 / 18.03.2022 10131

Xususan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va I.A.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.

Talabalarni shartnoma asosida haq to‘lanadigan amaliyot (stajirovka)ga jalb etish, shuningdek, amaliyotni muvafaqqiyatli yakunlagan talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti bilan  hamkorlikda talabalar uchun saralash jarayonlari o‘tkazildi. Saralash jarayonlari test sinovi va suhbat shaklida tashkil etildi.

Unda ta’lim muassasasining elektr energetikasi va issiqlik energetikasi fakultetlarida tahsil olayotgan jami 90 nafar 4-bosqich talabalari ishtirok etdi. Yakuniy xulosalarga ko‘ra, 16 nafar talaba eng yuqori natijani qayd etdi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Feruza Turg‘unovaning ma’lumot berishicha, mazkur talabalar ikki oy mobaynida “Toshkent IEM” AJ va “O‘zbekenergota’mir” AJda haq to‘lash asosida amaliyot o‘taydilar. Belgilangan muddat mobaynida o‘z bilimi, salohiyati va kasbiy mahoratini namoyon qila olgan yoshlar, kelgusida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalarga ishga joylashtiriladi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 2022 yilda respublikadagi boshqa tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan ham memorandumlar imzolash hamda talabalar amaliyotlari bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda o‘n mingdan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda, shundan ikki mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ularning kasbiy faoliyatga oid bilimlarini kuchaytirish maqsadida korxonalarda ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida xalqaro tajriba va yutuqlarni joriy etish uchun Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish institutida mutaxassislarning malaka oshirish ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: