Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy ziddiyat sabab ushbu mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat nihoyatda yomonlashib ketdi.
Ukraina hukumatining tegishli qarori bilan go‘sht, suli, javdar, grechka, shakar, sharbat va tuz eksportiga cheklov joriy qilindi. Shuningdek, bug‘doy, jo‘xori, parranda go‘shti, tovuq tuxumi va kungaboqar yog‘i kabi mahsulotlar eksporti mamlakat iqtisodiyot vazirligining tegishli ruxsatnomasi bilangina amalga oshiriladi.
Rossiya hukumati ham 14 martdan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga bir qancha turdagi donli ekinlar, oq shakar va shakarqamish eksport qilish bo‘yicha taqiq kiritdi. Xususan, 2022 yilning 30 iyuniga qadar bug‘doy, arpa, meslin, makkajo‘xori va javdar, 31 avgustga qadar esa shakar eksport qilish cheklanmoqda. Shuningdek, eksport qilinadigan kungaboqar yog‘i uchun boj 2022 yilning 1 aprelidan 313 dollargacha oshiriladi.
2021 yilda O‘zbekiston Rossiya bilan 7,51 mlrd dollarlik (import hajmi 5,45 mlrd dollar), Ukraina bilan esa 704 mln dollarlik (import hajmi 472,4 mln dollar) tashqi savdo aylanmasi qayd etgan. Ushbu mamlakatlardagi eksport taqiqlari O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Rossiya va Ukrainadan O‘zbekistonga qanday oziq-ovqat mahsulotlari import qilinadi?
2021 yilda O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan 2,92 mlrd dollarlik oziq-ovqat tovarlari import qilingan. Bu asosan Qozog‘iston (34,1 foiz), Rossiya (27,3 foiz), Braziliya (11,2 foiz), Belarus (3,6 foiz) va Ukraina (2,2 foiz) kabi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ukrainadan asosan go‘sht (ushbu mamlakatdan umumiy oziq-ovqat importining 18,4 foizi), shakardan tayyorlangan qandolat mahsulotlari (ulushi 13,4 foiz), o‘simlik yog‘i (ulushi 12,6 foiz), kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar (ulushi 11,6 foiz) import qilingan.
Rossiya esa o‘simlik yog‘i (ulushi 26 foiz), margarin (ulushi 10,8 foiz), kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar (ulushi 10,5 foiz), spirsiz ichimliklar (4,6 foiz), qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari (ulushi 4,3 foiz), sut mahsulotlari (ulushi 2,2 foiz) va go‘sht (ulushi 1,2 foiz) kabi tovarlar importida salmoqli ulushni egallagan.
Belarusdan esa go‘sht (ulushi 79 foiz), sut va sut mahsulotlari (ulushi 12,1 foiz) import qilingan.
Ushbu mamlakatlarda cheklovlar joriy qilingani yoki ehtimoliy kuchaytirilishining O‘zbekistondagi go‘sht, shakar, o‘simlik moyi va don mahsulotlari narxlariga ta’sirini ikki xil omil bilan baholash mumkin.
O‘zbekistonga don mahsulotlari va un asosan Qozog‘istondan import qilinadi. Gazeta.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga don mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy don importining 97,9 foizi), un yetkazib berish esa 92,9 mln dollarni (umumiy importning 97,2 foizi) tashkil qilgan.
Don mahsulotlari
Don mahsulotlari importida Rossiyaning ulushi juda kam bo‘lsa-da, bu boshqa omil bilan xarakterlanadi. Eldala.kz ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Qozog‘istonda g‘alla hosili me’yordan taxminan chorak baravarga (odatiy yillardagi 20-22 mln tonna o‘rniga 16 mln tonna) kam bo‘lgan. Bu esa bug‘doy eksportini boj yoki kvotalar orqali cheklash haqida takliflar yangrashiga sabab ham bo‘ladi. Ammo Rossiyadan Qozog‘istonga katta miqdorda bug‘doy eksport qilinishi (YeOII doirasida tovar yetkazib berishda eksport bojlari olinmasligi hisobiga ham Rossiyadan import qilish narxlarni qimmatlashtirmaydi) mamlakat ichki bozorini sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlagan. Raqobat vujudga kelishi narxlarning barqarorligini ta’minlagan va Qozog‘istonda yetishtirilgan don mahsulotlarining bir qismi Markaziy Osiyo davlatlariga (xususan, O‘zbekistonga) eksport qilingan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bug‘doy doni va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘istondan import qilingan hamda 26,8 ming tonna bug‘doy doni (Tojikistonga hamda Qirg‘izistonga) va 949,1 ming tonna un (1 mln 265 ming tonna bug‘doy hisobida) Afg‘onistonga eksport uchun yo‘naltirilgan. Rossiyada don mahsulotlari eksportiga taqiq joriy qilinishi esa Qozog‘iston ichki bozorida talabning ortishiga, narxlarning nisbatan oshishiga va eksport qisqarishiga (yoki narxlari oshishiga) olib kelishi mumkin. Bu esa O‘zbekistondagi don mahsulotlari va un bahosiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, Rossiyaga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalar fonida don narxi jahon bozorida keskin ko‘tarilib ketdi. Chunki Rossiya dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi (jahon savdosining deyarli 20 foizi) hisoblanadi.
Bundan tashqari, tabiiy gaz narxlari oshishi hisobiga mineral o‘g‘itlar narxi qimmatlashishi ham don mahsulotlari narxiga (mahsulotni yetishtirish tannarxi oshishi) ta’sir o‘tkazadigan omillardan yana biri bo‘lishi mumkin.
Go‘sht va shakar
O‘zbekiston tashqi bozorlardan katta miqdorda go‘sht va shakar import qilmaydi va ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta’minlanadi. Ammo ushbu mahsulotlar narxlarining qimmatlashishiga ham bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin.
Xususan, o‘tgan yilda «Angren shakar» MChJ va «Xorazm shakar» MChJ korxonalari tomonidan 595,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 23,2 ming tonna shakar xorijdan import qilingan.
Shu bilan bir qatorda, o‘tgan yil yakuniga qadar 620 ming tonna shakar xomashyosi Braziliyadan import qilingan, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham tayyor mahsulot uchun xomashyoning asosiy qismini xorijdan eksport qiladi. Shu nuqtayi nazardan, quyidagi ikki omil shakar narxlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin:
Birinchidan, G‘arb davlatlarining sanksiyalari sababli O‘zbekistondan olisda joylashgan Braziliyadan xomashyo import qilishdagi logistika xarajatlari oshadi. Ayni vaziyatda yuk tashish sanoati jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Ikkinchidan, neft va gaz narxi oshishi bevosita shakar, makkajo‘xori va ayrim o‘simlik moylari narxi oshishiga olib keladi. Qanday qilib neft shakar narxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Savolga javob juda oddiy – bioetanol orqali. Neft qanchalik qimmat bo‘lsa, bioetanol ishlab chiqarish shunchalik foydali bo‘ladi va yetishtirilgan shakarqamish hajmi bioetanol ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi va shakar hamda ozuqa ishlab chiqarish uchun ular shuncha kam taklif qilinadi.
Statistikaga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari ham asosan O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladi. Narxlarning qimmatlashishiga arpa, bug‘doy va boshqa chorva ozuqalarining qimmatlashishi va Qozog‘iston tomonidan chorva mollari eksportiga taqiqlar joriy qilingani ta’sir o‘tkazishi mumkin.
O‘simlik yog‘i
O‘zbekiston iste’mol bozorida o‘simlik yog‘iga bo‘lgan yillik ehtiyojining (475 ming tonna) o‘rtacha 45 foiz qismi import hisobidan qoplanadi. Kungaboqar yetishtirish bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi mamlakatlar esa aynan Ukraina va Rossiya (mos ravishda 1-va 2-o‘rinlarda turadi). Ushbu mamlakatlarda bojlar oshirilishi va ma’lum cheklovlar o‘rnatilishi esa O‘zbekiston ichki bozorida o‘simlik yog‘i narxlariga ta’sir qilish ehtimoli juda yuqori.
Xususan, 2021 yil birinchi choragida eksport qilishdagi muammolar sabab o‘simlik yog‘i narxi keskin qimmatlab ketgandi. Shundan so‘ng narxni barqaror saqlash maqsadida ushbu mahsulot vaqtinchalik muddatga qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod ham qilingan.
Hozirgi holatdan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Ukraina hududidan va Boltiqbo‘yi davlatlari portlaridan keyinchalik Rossiya hududi bo‘ylab tranzit holda O‘zbekistonga yetib keladigan ko‘plab turdagi mahsulotlar bahosi qimmatlashadi. Shuningdek, Rossiya orqali eksport qilinadigan ba’zi mahsulotlarimizni xalqaro bozorga yetkazib berishda ma’lum muammolarga ham duch kelinishi mumkin.
Avvalroq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi respublikada aholi va korxonalar talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozorlarda narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish to‘liq ta’minlangani haqida xabar bergandi.
Doston Ahrorov tayyorladi