Rossiyadan pul o‘tkazmalari sezilarli darajada kamaymoqda - MB raisi

Iqtisodiyot 22:10 / 17.03.2022 36108
Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki tashqi iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizga oshirdi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov mazkur qarordan so‘ng OAV savollariga javob berdi.

— So‘mning almashuv kursi ham biroz vaqt o‘tgandan keyin rubl va tenge kursi bilan bir xil darajada qadrsizlanadi degan xavotirlar bor. Shundaymi va agar yo‘q bo‘lsa sababi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

— So‘mning almashuv kursi rubl yoki tengening kursi bilan bir xil darajada qadrsizlanishi kerak degan fikr noto‘g‘ri, albatta. Har bir davlatning o‘ziga xos makroiqtisodiy siyosati, tashqi savdo aloqalari, kapital harakati bilan bog‘liq valuta siyosati mavjud.

Valuta kursining fundamental tebranishi eng avvalo makroiqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq.

Bugungi kunda prezidentimiz rahbarligida geosiyosiy vaziyatlarga qaramasdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni izchillik bilan davom ettirish eng ustuvor vazifalar etib belgilangan. Bu esa barqarorlikning muhim asosi hisoblanadi.

Tashqi xatarlar sharoitida Rossiya va Qozog‘istonda milliy valutaning keskin qadrsizlanishi bir tomondan mamlakatdan kapital oqimining chiqib ketish hajmiga ham bog‘liq. Har ikkala davlatda kapital hisobvarag‘i nisbatan ochiq bo‘lib, norezidentlarning bank tizimidagi depozitlari va davlat qimmatli qog‘ozlaridagi ulushi sezilarli bo‘lgan. Inqirozli vaziyat boshlanishi bilan ularning chiqib ketishi natijasida valutaga bo‘lgan talab ortib, rubl va tengening keskin qadrsizlanishi kuzatildi.

Biz esa kapital harakati bilan bog‘liq erkinlashtirish jarayonining dastlabki bosqichidamiz. Bizda norezidentlarning depozitlari ham deyarli yo‘q va ular davlat qimmatli qog‘ozlariga ham egalik qilishmaydi. Shu sababli, tashqi xatarlar sharoitida bizda mamlakatdan sezilarli valuta chiqib ketish xatari mavjud emas va mos ravishda so‘mning kursi nisbatan barqaror bo‘lishi bashorat qilinadi.

Ikkinchi tomondan, milliy valuta almashuv kursining asosiy savdo hamkorlardan bo‘lgan Rossiya va Qozog‘iston valutalari kursiga moslashuvida rubl va tengening nominal almashuv kursiga emas, balki real almashuv kursiga, ya’ni inflatsiya darajasiga muvofiqlashgan kursiga e’tibor berish kerak. Aytaylik, rublning kursi 20-30 foizga qadrsizlanishi bilan mamlakatda inflatsiya darajasi ham ortib boradi va real almashuv kursi qadrsizlanishi pastroq darajada bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, so‘mning ham kelgusida aynan qo‘shni davlatlar valutalari darajasida keskin qadrsizlanishini kutish, valuta kursi qadrsizlanishda davom etar ekan, deb vahima uyg‘otish noto‘g‘ri bo‘ladi.

— Pul o‘tkazmalari bo‘yicha prognozlar qanday?

— Mart oyidan buyon Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada kamaymoqda. Xususan, 2022 yil mart oyining birinchi yarmida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli pasayishi kuzatilmoqda. Biroq, pul o‘tkazmalarining qisqarishi faqat rublning qulashi tufayli sodir bo‘lganini hali ham aniq aytish qiyin. Katta ehtimol bilan, yuqori darajadagi noaniqliklar bu yerda katta rol o‘ynaydi, bu mehnat muhojirlarining pul jo‘natish yoki yubormaslik qarorlariga ta’sir qiladi.

Rossiyada sanksiyalar natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat o‘rta muddatli istiqbolda pul o‘tkazmalari manbalarida tarkibiy o‘zgarishlar va ichki bozorimizda xorijiy valuta taklifining tiklanishi kuzatiladi.

— Mamlakat oltin-valuta zaxiralari hajmi yaqin kelajakda qanday o‘zgaradi?

— Birinchidan, Markaziy bank valuta intervensiyalari siyosatida “neytrallik” tamoyiliga amal qilishda davom etadi. Bu O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari hajmining o‘zgarishiga ta’sir qilmaydi.

Ikkinchidan, oltinning jahon bozoridagi narxi xalqaro zaxiralar hajmining o‘zgarishiga ta’sir qiladi. Jahon bozorida oltin narxi yil boshidan buyon (2022 yil 16 mart holatiga ko‘ra) qariyb 7 foizga oshdi, bu xalqaro zaxiralarni qo‘llab-quvvatlovchi omil hisoblanadi. Yaqin kelajakda, geosiyosiy keskinlik pasayishi hisobiga oltin narxining yil boshidagi darajaga qaytishini kutishimiz mumkin.

Uchinchidan, umumiy fiskal taqchillik narxlar va moliyaviy barqarorlikka ta’sir qiluvchi omillardan biri ekanini unutmasligimiz kerak. Shuning uchun budjet taqchilligini tasdiqlangan parametrlar doirasida ushlab turish muhim ahamiyatga ega.

— O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlar o‘sish dinamikasi va aholining inflyatsion kutilmalarida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

— Markaziy bank kuzatuvlari natijalariga ko‘ra, mart oyining birinchi yarmida respublika hududlarida asosiy iste’mol tovarlari narxi 0,6 foizga oshgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga va xizmatlar 0,2 foizga qimmatlashdi.

2022 yil fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining keyingi 12 oylik inflyatsion kutilmalari 14 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 0,3 foiz bandga oshdi va 14,6 foizga teng bo‘ldi.

Jahon bozorida oziq-ovqat va energiya narxlarining sezilarli darajada oshishi, tashqi yetkazib berish geografiyasining qisqarishi va o‘zgarishi, iste’mol tovarlarini import qilishda logistika bilan bog‘liq muammolar yil oxirigacha ichki narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi ehtimoli ortib bormoqda.

Hozirgi sharoitda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimliklar nomonetar omillarni bartaraf etish, shu jumladan, bozorlarda taklifning zarur hajmlarini ta’minlash yo‘li bilan ichki narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.

— Hozirgi vaziyat O‘zbekiston bank tizimiga ta’sir qilishi mumkinmi?

— Yuzaga kelgan vaziyatda Markaziy bank tomonidan tashqi savdo aloqalari bo‘yicha to‘lov tizimining uzluksiz ishlashi va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Biz savdo hamkorlarimiz banklari oldidagi moliyaviy majburiyatlarning bajarilishini va ular bilan bog‘liq risklarning bank tizimining likvidligiga ta’sirini baholash uchun dastlabki stress-testlarini o‘tkazdik. Olingan natijalariga ko‘ra, xatarli ssenariy sharoitlarida ham mahalliy banklarning likvid mablag‘larida ma’lum bir darajada pasayishlar kuzatilsada, yetarli miqdorda likvidlilik buferlarining mavjudligi hisobiga minimal talablardan kamayib ketish holatlari yuzaga kelmaydi.

Bank tizimini zarur likvidlik bilan ta’minlash maqsadida Markaziy bank tijorat banklariga zarur hollarda qisqa muddatli likvidlik beradi. Markaziy bankda tijorat banklarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, banklar bilan muntazam operativ aloqa kanallari yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, tijorat banklari aholi va tadbirkorlarning talablari bo‘yicha to‘lovlar va boshqa majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarishlari uchun barcha imkoniyatlarga egalar.

— Bank tizimida dollarlashuv darajasi yuqoriligicha qolmoqda va bu tijorat banklari uchun prudensial normativ choralarini bajarishda qiyinchilikni yuzaga keltirishi mumkin. Ushbu yo‘nalishda Markaziy bank tomonidan qanday choralar amalga oshirilishi rejalashtirilgan? Ekspertlar yuqori dollarlashuv darajasi sababli ayrim davlat banklari kapital yetarliligi bo‘yicha muammolarga duch kelishi mumkinligini bildirishmoqda. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladimi?

— Bugungi kunda bank tizimida depozitlar dollarlashuvi

41 foizni va kreditlar dollarlashuvi 47 foizni tashkil etmoqda. Ta’kidlash joizki, banklarda dollarlashuv darajasi yuqori bo‘lgani bilan xorijiy valuta nomutanosibligi ko‘rsatkichlari yuqori emas. Ya’ni, xorijiy valutadagi aktivlar va majburiyatlarning summasi o‘rtasidagi tafovut minimal darajada saqlanmoqda. Shu sababli, ham ayirboshlash kursidagi o‘zgarishlar banklarning moliyaviy holatiga katta ta’sirga ega bo‘lmaydi.

Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasaytirish maqsadida bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijiy valuta jalb etilgan depozitlar bo‘yicha majburiy zaxira me’yorlarining milliy valutadagi depozitlarga nisbatan yuqoriligi, aholiga xorijiy valutada kreditlarning ajratilmasligi va xorijiy valutada yuqori foiz stavkada ajratilgan kreditlarning xatarlilik darajasining oshirilganligi kabi choralar shular jumlasidandir.

O‘z navbatida, joriy tashqi xatarlar sharoitida Markaziy bank ichki valuta bozoriga intervensiyalar hajmini oshirish va Markaziy bank asosiy stavkasini yillik 17 foizgacha oshirish orqali iqtisodiyot sub’yektlarining devalvatsion kutilmalarini jilovlashni maqsad qilingan. Ushbu choralar milliy valuta almashuv kursining barqarorlashishiga xizmat qiladi. Bu esa bank tizimi va umumiy moliyaviy barqarorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, yuqori dollarlashuv darajasi sharoitida valuta kursi o‘zgarishining banklarning kapital monandligi ko‘rsatkichiga salbiy ta’siri ehtimoli mavjud bo‘lib, ushbu ta’sir ko‘lami so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanish darajasiga bog‘liq.

2022 yil 1 fevral holatiga umumiy bank tizimining kapital monandlilik darajasi 17,4 foizni tashkil etgan. Bugungi kunda Markaziy bank tomonidan turli ssenariylar asosida bank tizimi moliyaviy holati stress-testdan o‘tkazilmoqda va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlarni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi. Biroq, kapital monandlilik ko‘rsatkichining bugungi kundagi yetarlilik darajasida bo‘lganligi sababli davlat banklari kapitalini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar rejalashtirilmagan.

— Bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) hajmining ortishini kutilyaptimi? Agar Rossiya va boshqa davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli darajada qisqarishi kuzatilsa (Jahon banki 21 foizga qisqarishni prognoz qilmoqda), bu aholi tomonidan kredit to‘lovlari bo‘yicha muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmaydimi? Regulyator muammoli kreditlar hajmi ortishini oldini olish bo‘yicha qanday choralarni rejalashtirgan?

— Ta’kidlash joizki, yuzaga kelgan tashqi xatarli vaziyat bo‘yicha noaniqlik darajasi yuqori bo‘lib, uning rivojlanishi bo‘yicha ehtimoliy kutilmalardan kelib chiqib Markaziy bank moliyaviy tizim ko‘rsatkichlarini stress-testdan o‘tkazmoqda.

Bunda, pul o‘tkazmalari kamayishi hisobiga aholi daromadlarining qisqarishi, o‘z navbatida, ularning kredit to‘lovi intizomiga ham ma’lum ma’noda ko‘rsatadi, albatta.

To‘lov intizomida salbiy o‘zgarishlar kuzatilishi borishi bilan Markaziy bank ham o‘z navbatida, bank tizimida muammoli kreditlar hajmi o‘sishini oldini olish bo‘yicha choralarni amalga oshiradi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, zaruriyat yuzaga kelganda tijorat banklariga har bir mijoz bo‘yicha alohida yondashishni tavsiya etmoqda.

— Markaziy bank asosiy stavkasi oshirildi, buning avval olingan kreditlarga, xususan ta’lim kreditlariga ta’siri bo‘ladimi yoki yo‘qmi?

— Markaziy bankning asosiy stavkasi (oldingi qayta moliyalash stavkasi) o‘zgartirilgan taqdirda uning joriy kreditlarga ta’siri shartnomada belgilangan shartlar asosida bo‘ladi. Xususan, tijorat banklari va mijozlar o‘rtasida o‘zgarmas foiz stavkalarida tuzilgan shartnomalarga Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgarishlari ta’sir etmaydi.

Banklar va mijozlar o‘rtasida tuzilgan o‘zgaruvchan foiz stavkali, xususan, Markaziy bank asosiy stavkasiga bog‘langan holda tuzilgan foiz stavkalari shartnomalarga ta’siri esa ushbu shartnomada kelishilgan shartlar yoki kredit ajratish bo‘yicha tegishli Nizom talablariga muvofiq bo‘ladi.

Jumladan, oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditini ajratish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18-avgustdagi 527-sonli “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori orqali tartibga solinadi.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomning 22-bandiga muvofiq, ta’lim krediti tijorat banklari tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi. Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: