«Bugungi kunda ichki bozorlardagi shakar mahsuloti narxining asossiz keskin oshishi kuzatilmoqda. Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi. Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda», - deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ikkita – «Xorazm shakar» va «Angren shakar» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida joriy yil 15 mart holatiga 260 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tonna tayyor shakar va 32 ming tonna xomashyo bor, iyun oyiga qadar esa yana 178 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Ta’kidlanishicha, qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilmoqda. Bundan tashqari, respublika aholisiga shakar mahsulotini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda «Elga xizmat» rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilgan.
Shuningdek, asossiz oshirilgan narx-navo bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi mumkinligi eslatib o‘tilgan.
Avvalroq, Kun.uz’da e’lon qilingan maqolada shakar narxlarining oshishi bevosita Rossiya va Ukrainadan import qilishning to‘xtatilishi hisobiga emas, balki O‘zbekistondan olisda joylashgan Braziliyadan xomashyo import qilishdagi logistika xarajatlari oshishi sabab yuz berishi mumkinligi haqida aytilgandi.