Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2026 yilga borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish mo‘ljallangan.
Shavkat Mirziyoyev soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Buning natijasida jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.
Prezident dunyodagi tez o‘zgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlarga ko‘mak berish zarurligini alohida ta’kidladi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.