Soliqchilar OAV bilan ochiq ishlashi kerak - Shavkat Mirziyoyev

Iqtisodiyot 20:03 / 16.03.2022 23892

16 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev soliq tizimidagi islohotlar, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish uchun Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurdi.  

«Mana, qo‘mita raisi taqdimotini ko‘ryapmiz. Yutuqlarimiz bilan birga kamchiliklarimiz ham aniqlanyapti. Ya’ni hamma narsani ochiq gaplashyapmiz.

Xuddi shunday viloyat, tuman soliqchilari ham tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishlari kerak. Odamlar qachon ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildiradi? Qachonki o‘zaro muloqot bo‘lmasa. Har bir sohada ommaviy axborot vositalari bilan birga tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘lishimiz kerak. 

Davlat tashkilotlari ishtirokida turli darajadagi mayda tadbirkorlik sub’yektlari tuzilgan. Ularni ham asta-sekin tartibga olish vaqti keldi», degan davlat rahbari.

Prezident agar tadbirkor yangicha soliq hisobotini, o‘zgarishlarni bilmasa, unga jazo berish emas, to‘g‘ri yo‘lni o‘rgatish, ishontirish kerakligini ta’kidlagan.

«Faqat biz to‘g‘ri qilyapmiz, deb yurishimiz noto‘g‘ri. Nega endi odamlar norozi bo‘lyapti deb ulardan xafa bo‘lishimiz kerak? Eng katta muammoingiz - tushuntirib bermaganingiz. Bu noto‘g‘ri. Soliq organidagi barcha darajadagi rahbarlar tadbirkorlar, odamlar bilan tez-tez uchrashib, muammolarini eshitishi, tushunmovchiliklarning oldini olishi, ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda kerakli axborotni berishi, o‘rgatishi va yaqin ko‘makchisi bo‘lishi kerak», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirgan «Mikrofon ko‘targan ayol» kanali. 

Ko‘proq yangiliklar: