Ogoh bo‘ling: O‘zbekistonda yana bir moliyaviy piramida

Jamiyat 19:46 / 16.03.2022 67205

2021 yil yanvarida YouTube'da Gift of Legacy kanali ochilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, bu kanalda o‘yin haqidagi videolar joylab borilgan. Qiziq tomoni, ushbu videodagi shaxslarning aksariyati Janubiy Afrika aksentidagi ingliz tilida so‘zlagan. Kanaldagi ilk jonli vebinar 2021 yil 12 oktyabrida uzatilgan. Unda ma’ruzachi sifatida janubiy afrikalik Kris Hetting va Kendis Donadel ishtirok etgan.

Kris Hetting – bir nechta mamlakatda firibgarlikdan iborat sxema deb topilgan Mirror Trading International tashkilotiga promoterlik ham qilgan.

Janubiy Afrikada ishlab chiqilgan moliyaviy piramida keyinchalik G‘arbiy Yevropa davlatlarida mashhurlasha boshlagan. Bu davlatlardagi rus diasporasi orqali Rossiya hududiga ham yetib kelgan. Rossiyada ommalashgan moliyaviy piramida qisqa muddatlarda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonga ham kirib keldi.

Piramida qanday sxema asosida ishlaydi?

Tobora mashhurlashib borayotgan Gift of Legacy moliyaviy piramidasi ishtirokchilari fuqarolardan o‘yin saytida ro‘yxatdan o‘tib, 100 AQSh dollari tikib, 49 ming 700 AQSh dollari miqdoridagi pul ishlab olishni va’da qiladi.

Bu sayt shunday tuzilganki, faqat 100 dollar to‘lov qilganlargagina saytda ro‘yxatdan o‘tish uchun havola beriladi.

To‘lov ishtirokchilar o‘rtasidagi kelishuv asosida istalgan to‘lov tizimi orqali o‘tkazilishi mumkin.

Qoidaga ko‘ra, ishtirokchi 4 bosqichda (bronza, kumush, oltin, platina stolda) qatnashadi.

Ishtirok etishning birinchi bosqichi – bronza stoldan boshlanadi.

O‘yinga yangi kirib kelgan ishtirokchi “gifter”, ya’ni “sovg‘a beruvchi” deb ataladi. U bronza stol markazidagi ishtirokchi – “legenda”ning kartasiga 100 AQSh dollari o‘tkazganidan so‘ng o‘yinga qabul qilinadi va unga o‘yinga yana 2 kishini taklif eta olishi uchun maxsus havola tashlab beriladi. Taklif etilgan 2 kishi “sovg‘a beruvchi” bo‘lib o‘yinga qo‘shilganda, ularni taklif etgan “sovg‘a beruvchi”ning maqomi bitta oldinga suriladi va “quruvchi”ga aylanadi.

“Sovg‘a beruvchi”larning yana ikkitadan ishtirokchi jalb etishi “quruvchi”ni “gid” (“kurator”)ga aylantiradi. “Gid” yangi ishtirokchilarga o‘yin qoidalarini tushuntirib, murabbiylik qilish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ularning saytda ro‘yxatdan o‘tishlariga yordam beradi. Ishtirokchilarning yanada ko‘payishi “gid”ni “legenda”ga aylantiradi. Shu tarzda bronza stoldagi oxirgi marra – “legenda” darajasiga erishiladi.

Bronza stoldagi “legenda” stoldagi jami 8 nafar “sovg‘a beruvchi”dan 800 dollar miqdoridagi pulni qabul qilib olishi va’da qilinadi. Shu lahzadan boshlab “legenda” uchun keyingi bosqich – kumush stolga yo‘l ochiladi. U endi 400 dollar to‘lab, kumush stolga “sovg‘a beruvchi” bo‘lib o‘tadi.

Kumush stolda ham “legenda” maqomiga erishgan ishtirokchi stoldagi 8 nafar “sovg‘a beruvchi”dan to‘plangan 3200 dollarga ega bo‘lishi aytiladi. Oltin stolga esa 1600 dollar “sovg‘a qilib” kiriladi. Oltin stolda “legenda” bo‘lgan ishtirokchiga 12800 dollar va’da qilinadi. Nihoyat, platina stolga 5000 dollar to‘lab qo‘shilish imkoni paydo bo‘ladi. Platina stolda ham “legenda” maqomiga erishgan ishtirokchiga 40 ming dollar to‘lab berish va’da qilinadi.

Shuningdek:

  • bronza stoldagi ishtirokchi yana 100 dollar “sovg‘a” berib, boshqa bronza stolda ham ishtirok eta boshlashi;
  • kumush stoldagi ishtirokchi yana 400 dollar “sovg‘a” berib, boshqa kumush stolda ham ishtirok eta boshlashi;
  • oltin stoldagi ishtirokchi yana 1200 dollar “sovg‘a” berib, boshqa oltin stolda ham ishtirok eta boshlashi;
  • platina stoldagi ishtirokchi yana 5000 dollar “sovg‘a” berib, boshqa platina stolda ham ishtirok eta boshlashi mumkin.

Shunday qilib, ushbu moliyaviy piramida ishtirokchilari geometrik progressiya tarzida o‘sib boradi. 100 dollardan boshlagan ishtirokchi yakunda 49,7 ming dollarga ega bo‘lish, shuningdek bir vaqtda boshqa stollarda ham ishtirok etib yanada ko‘proq pul ishlab olish bilan qiziqtiriladi.

Firibgarlardan ogoh bo‘ling!

Unutmang, qatnashish uchun badal talab qiluvchi va boshqa ishtirokchi jalb etish hisobiga boyishni va’da qiluvchi har qanday o‘yin – bu moliyaviy piramida hisoblanadi.

Unda ishtirok etgan har bir shaxs yo potensial firibgarga yo potensial jabrlanuvchiga aylanadi. Zero, kimgadir “sovg‘a bergan” ishtirokchining o‘zi ertaga “sovg‘a” ololmay qolishi ehtimoli ham bo‘ladi.

Turli ijtimoiy tarmoqlarda bu moliyaviy piramidani “sovg‘a berish va olishdan iborat oddiy o‘yin” deb tanishtirib, unda ishtirok etish orqali millionlar ishlab olishga qiziqtiruvchi firibgarlar tuzog‘iga ilinmang. Ular siz orqali faqatgina o‘z daromadlarini ko‘paytirish payida bo‘ladi.

Kun.uz o‘z kuzatuvchilarining firibgarlik qurboni bo‘lib qolmasligini xohlaydi va ularni moliyaviy piramidalarda ishtirok etmaslikka chaqiradi. Ishoning, bunday o‘yinlarning oxiri albatta voy bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: