Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IIV aholini ma’lum bir haq evaziga muammoni hal qilib berishni va’da qiluvchi blogerlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi
“Fuqarolarimizdan blogerlik niqobi ostida firibgarlikni kasb qilib olgan yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanayotganlarning aldovlariga uchmasliklarini iltimos qilamiz”, dedi vazirning matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik nazoratini daromad manbayiga aylantirib olgan fuqarolar haqida ogohlantirish bilan chiqdi.
“Hozirgi kunda jamoatchilik nazorati jamiyatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda davlat organlarining jamoatchilikka hisobot berishlarini nazorat qiluvchi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelmoqda. Bu borada, ayniqsa, blogerlarning faolligini alohida ta’kidlash lozim. Ular orasida xalq muammolariga beparvo bo‘lmagan, jonkuyar va fidoyi fuqarolarimiz juda ko‘p.
Biroq hanuzgacha axborot bilan ishlash, uni xolis tarqatish tartibini tushunmaydigan yoki jamoatchilik nazoratini noqonuniy daromad manbayiga aylantirib olgan fuqarolar ham talaygina. Blogerlik da’vosidagi firibgarlar nafaqat muammolarni bartaraf etish uchun pul talab qilishmoqda, balki shaxsiy va guruhlardagi o‘zaro yozishmalarni tarqatish bilan ham tahdid qilish holatlari uchramoqda. Bu qing‘ir ishlarga ayollar aralashayotgani juda ayanchlidir”, – dedi ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
Uning ta’kidlashicha, blogerlik bilan shug‘ullanib kelgan 4 nafar shaxs bugungi kunda firibgarlik va tovlamachilik ustida qo‘lga olinib, tergov qilinmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yashovchi 35 yashar fuqaro 21 fevral kuni o‘ziga murojaat qilgan fuqaroga Chiroqchi tumani hokimligida tanishlari borligi, bloger bo‘lgani uchun uning iltimosini yerda qoldirmasliklarini aytib, tumanning maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ajratilgan hududdan 3 sotix yer olib berishni va’da qilgan.
IIV axborotida u chindan ham tuman hokimligi mutasaddilariga blogerligini pesh qilib ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgani, natijada ushbu fuqaroning firibgarlik harakatlari tezkor tadbir orqali rasmiylashtirilib, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingani ta’kidlanadi. Protsessual tartibda ushlangan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro Dildora ismli bloger ayol uning shaxsiy ma’lumotlarini internet orqali tarqatish bilan tahdid qilib, 3 million so‘m olgani, biroq shundan keyin yana 1500 dollar talab qilib kelayotgani yuzasidan 9 mart kuni viloyat IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan hamda qonunbuzarga chora ko‘rishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, viloyat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Karmana tumanida yashovchi 46 yoshli fuqaro tovlamachilik qilayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Hozir tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.
Xuddi shunday holat Andijon viloyatida ham sodir bo‘lgan. Blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, maktabgacha ta’lim tashkilotining 48 yashar xodimasi Telegram guruhidagi ovozli yozishmalarni internetda tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, pul talab qilgan.
4 mart kuni kelib tushgan murojaatga asosan Andijon viloyati ichki ishlar va prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda jabrlanuvchidan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan 150 dollarni olayotgan Feruza ismli ayol daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yashovchi 35 yoshli bloger muntazam ravishda murojaatchilarining muammolarini hal etib berish bilan ishontirib, uy-joy masalasi, ishdan ketgan xodimni ish joyiga qaytarish, sud tomonidan ko‘rilayotgan ishda qatnashish, tergov bo‘limi tomonidan ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplatib berish va’dalari bilan ulardan ko‘p miqdordagi pullarni olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib kelgan. IIBga ko‘ra, bu holat ham tergov qilinyapti, gumonlanuvchi esa jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yilgan.
“Albatta, aniqlangan holatlar bo‘yicha gumondorlarning aybdorlik masalasi sud tomonidan hal etiladi. Bu tasvirlarni ko‘rsatishimizdan maqsad – qing‘ir yo‘lni tanlagan fuqarolarimizni ogohlantirish.
Hozirgi kunda bizda, respublikamizning ayrim viloyatlarida noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanib kelayotgan, blogerlik faoliyatini niqob qilib olgan bir nechta fuqarolar haqida tezkor ma’lumotlar mavjud. O‘zingiz xulosa qiling. Kech bo‘lmasidan bu yo‘ldan qayting.
Fuqarolarimizdan esa, blogerlik niqobi ostida firibgarlikni kasb qilib olgan yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanayotganlarning aldovlariga uchmasliklarini iltimos qilamiz. Mavjud muammolarni faqat qonuniy yo‘l bilan hal qilishga harakat qiling”, – deya ta’kidlaydi Shohrux G‘iyosov.
Avvalroq, Samarqandda o‘zini bloger deb tanitib, muammolarni hal qilish evaziga bir necha fuqarodan pul olgan shaxs ushlangan, Qashqadaryoda tanish ayolnikiga borgan fuqaroni videoga olib, uni internetda tarqatish bilan qo‘rqitib pul olgan blogerga hukm o‘qilgandi.
Tavsiya etamiz
Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovaluta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda
Jamiyat | 20:37 / 14.07.2025
Toshkentda piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarni qayd etuvchi kameralar ishga tushirildi
Jamiyat | 17:45 / 14.07.2025
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kreml Trampning yangi bayonotlarini tahlil qilish uchun vaqt kerakligini qayd etdi
Jahon | 15:27
-
Migrantlarga Rossiyaga kirishda tibbiy ma’lumotnoma taqdim etish majburiyati yuklanishi mumkin
Jahon | 15:24
-
Saudiya Arabistoni 170 km uzunlikdagi osmono‘par shahar loyihasini qayta ko‘rib chiqmoqda
Jahon | 15:19
-
Etihad Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston | 15:18
Mavzuga oid

16:22 / 10.07.2025
Alisher Qodirov ishlab chiqarilganiga 25-30 yildan oshgan mashinalarni iste’moldan chiqarishga chaqirdi

15:02 / 03.07.2025
Tenge Bankʼdan 90 ming AQSh dollarini talon-taroj qilgan shaxslar qo‘lga olindi

10:01 / 03.07.2025
Olti oyda 4 mingdan ortiq shaxs giyohvand moddalar muomalasi uchun ushlandi

11:17 / 18.06.2025