"UzAuto Motors" anderrayterlar konsorsiumini tanlab olish uchun tender e’lon qildi

Jamiyat 20:00 / 11.03.2022 18861

Potensial investorlarni aniqlash, bozor sharoitini va IPO jarayonini tashkillashtiruvchi bank-anderrayterlar fikr-mulohazasini o‘rganish maqsadida 2021 yil oktyabr-noyabr oylarida Kompaniya tomonidan “JP Morgan”, “Citi”, “Credit Suisse”, “Raiffeisen Bank International”, “Societe Generale”, “Natixis” va “Gazprombank” kabi xorijiy investitsion banklar hamda respublikada faoliyat yuritayotgan tijorat banklari va brokerlarga tavsiyalar uchun so‘rovnomalar yuborilgan.

Kelib tushgan tavsiyalarni tahlil qilgan holda, "UzAuto Motors" AJ tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda IPO hajmi va shartlari bo‘yicha tender hujjatlari ishlab chiqildi hamda anderrayterlar konsorsiumini tanlab olish bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilindi. Mazkur tenderda mahalliy anderrayterlar bilan bir qatorda anderrayting faoliyatini olib boruvchi xorijiy banklar va investitsiya vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 yanvardagi PQ–90-son qaroriga bilan 2023 yil 31 dekabrga qadar eksperiment tariqasida xorijiy banklar va investitsiya vositachilariga O‘zbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan va o‘z mablag‘larining miqdori 500 mln so‘mdan kam bo‘lmagan mahalliy yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzgan holda, anderrayting faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Rasmiy tender O‘zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublika Tovar-xomashyo birjasi veb-saytida e’lon qilindi.

Tenderning tugash sanasi 11-04-2022 soat 13:00 etib belgilandi.

"UzAuto Motors" AJ tomonidan mahalliy va xorijiy fond bozorlarida IPO amalga oshirilishi Kompaniya uchun yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirgan holda faoliyatni yanada kengaytirish, investitsion jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur IPO ayniqsa mahalliy bozorda investorlar uchun jozibador bo‘lgan yangi qimmatli qog‘ozlar taklifini shakllantiradi va likvidlik oshishiga hissa qo‘shadi.

Ma’lumot uchun: "UzAuto Motors" AJ 1993 yilda tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston va O‘rta Osiyodagi yagona yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya tomonidan bugungi kunda yiliga 360 mingga yaqin 12 turdagi avtomobil modellari ishlab chiqariladi. Uning asosiy ishlab chiqaruvchi zavodi O‘zbekistonning sharqiy nuqtasi bo‘lgan Andijon viloyatining Asaka shahrida joylashgan bo‘lib, unda Chevrolet Spark, Nexia-3, Cobalt va Lacetti modellari ishlab chiqariladi va O‘zbekistonning g‘arbidagi Xorazm viloyatining Pitnak shahrida esa Damas va Labo avtomobillari ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda Kompaniya tarkibida 11 mingdan ortiq (mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xisoblaganda 18 mingdan ortiq) ishchi va xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniya 2020 yilning yakuni bo‘yicha 293 ming dona avtomobillar ishlab chiqarish orqali 2,624 million dollar sof tushum topgan bo‘lib, shundan 177 million dollari eksport orqali amalga oshirilgan.

Kompaniya Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish maqsadida 2021 yil aprel oyida London fond birjasida o‘zining ilk korporativ xalqaro obligatsiyalarini 300 mln AQSh dollari miqdorida 5 yil muddatga muvaffaqiyatli joylashtirdi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: