Ko‘zi ojizlar uchun Qur’on qayta nashr qilindi

Jamiyat 17:24 / 11.03.2022 13309

Qur’oni karimni o‘qishga bo‘lgan ehtiyoj ko‘zi ojiz insonlar o‘rtasida ham baland. Shu munosabat bilan Kalomulloh O‘zbekistonda 4-marotaba Brayl yozuvida nashr etildi. Kitob taqdimoti Chilonzor tumanidagi “San’at gulshani” madaniyat saroyida 10 mart kuni bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda brayl yozuvida Qur’oni karim ilk marta 1997 yilda nashr qilingan. Bu – Yer yuzida Brayl yozuvidagi Qur’onning 3-nashri bo‘lgan. Ungacha Misr va Tunisda bosilgan. 

“Ilk nashr juda og‘ir bo‘lgandi. Sababi, bizda hech qanday tajriba yo‘q edi. O‘zimiz Qur’on o‘qishni bilamiz-u, uni odamlarga qanday yetkazishni bilmasdik. Mutaxassislar yo‘q edi. Shu uchun ilk nashrni oylab, yillab o‘tirib tayyorlashga harakat qilganmiz”, – deydi "Yog‘du" nashriyoti muharriri Sunnatulloh Ta’latov ilk nashrdagi qiyinchiliklar haqida. 

Undan keyin kitob 2004 va 2006 yillarda ham nashr qilingan. Uning nusxalari barcha MDH davlatlariga, shuningdek, Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika qit’alari davlatlarigacha yetib borgan.

Rossiya, Buyuk Britaniyaning Qirollik kutubxonasi, Madinadagi Masjidi Nabaviy kutubxonasi, AQShdagi Musulmonlar Uyushmalariga ham taqdim etilgan. Bundan tashqari, kitobdan O‘zbekistondagi Hazrati Imom va Imom al-Buxoriy ziyoratgohlaridagi Qur’on muzeylari, Islom dini yo‘nalishidagi Oliy va o‘rta-maxsus bilim yurtlarida ham foydalaniladi.

Nashriyot bosh muharriri Rixsiboy Abbosxonovning aytishicha, yangi nashrda har bir jamlanma 8 kitob va audiofleshkadan iborat bo‘lib, 500 nusxada tayyorlangan. Ularning 250 nusxasi Kuvayt Halqaro Islom Jamg‘armasining homiylik mablag‘lari va qolgan qismi ichki imkoniyatlar hisobidan nashr qilingan.

Rixsiboy Abbosxonov

“Ko‘zi ojizlar uchun chiqariladigan kitoblar, – deydi nashriyot bosh muharriri – narx jihatidan qimmat. Uni sotib olishga ijtimoiy himoya ostida bo‘lgan insonlarning xarid quvvati yetmaydi. Lekin talab bor. Shuning uchun bunday kitoblarga homiylik mablag‘larini jalb qilamiz”.

Kitob sotib olish uchun nashriyotga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Bog‘lanish uchun:

+9989099666633

+998712456325

Ko‘proq yangiliklar: